O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi.
Mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bosib o‘tilgan yo‘l va orttirilgan tajribani xolisona baholashdan, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni tahlil qilishdan hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda, oldimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklarini hamda aniq marralarini belgilash vazifasi turgan edi.
Mazkur vazifani amalga oshirish yo‘lida aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalar olib borildi, shuningdek amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Kelib tushgan takliflarni jamlash, chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni ( 2017 yil 7 fevral )loyihasi ishlab chiqilib, u bilan:
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi.
Loyihalarni tayyorlash davomida aholining keng qatlamlari orasida qizg‘in muhokamalar olib borildi. Loyihalar muhokama uchun turli axborot maydonlariga joylashtirildi, ularning natijasida ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushdi. Fuqarolar siyosiy-huquqiy borada yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlikni namoyon qildilar.
Xususan, loyihalarning «Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi» portalida yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1 310 ta taklif va mulohaza kelib tushib, ular asosida Davlat dasturining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, 2017 yil 23-27 yanvar kunlari Toshkent shahrida media-haftalik va xalqaro davra suhbati tashkil etilib, ularda 1 300 dan ortiq mutaxassis va ekspert, jamoatchilikning, ommaviy axborot vositalarining, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy investorlarning vakillari ishtirok etishdi.
Dostları ilə paylaş: |