O’zbekiston Respublikasida qonunchilikni tizimlashtirishda milliy va umuminsoniy tajribaga tayanish
1.2 Qonunchilikni tizimlashtirishning vazifalari Huquq ijodkorligi bilan shug‘ullanuvchi organlarning qonunchilikni tizimlashtirish faoliyati qonuniylikni mustahkamlashga, tegishli huquq tarmoqlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
Qonunchilik hokimiyati, huquqni qo‘llovchi organlar va qolaversa barcha fuqarolar normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilishiga ehtiyoj sezishlari uning vazifalari va prinsiplarini aniq belgilab olish zaruratini keltirib chiqaradi.
Parlament qonun hujjatlarini qabul qilar ekan, huquq ijodkorligi faoliyatining asosiy mazmunini tashkil etuvchi huquqiy normalarni xalq xohish-irodasi bilan uyg‘unlashtiradi. Bunda u ma’lum ijtimoiy maqsadni ko‘zlaydi. Ushbu maqsadga esa huquqni amalga oshirish jarayonida tegishli ijtimoiy vazifalarni bajarish orqali erishiladi. Bu ijtimoiy munosabatlarga mos keladigan prinsiplar va vazifalar demakdir.
Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, qonunchilikni tizimlashtirishning vazifalari va prinsiplari huquq ijodkorligi va uning prinsiplari bilan chambarchas bog‘liq.
Qonunchilikni tizimlashtirishning vazifasi ijtimoiy taraqqiyot ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllanadi. Fikrimizning isboti tariqasida uning turlaridan biri bo‘lgan kodekslashtirish normativ-huquqiy hujjatlarni tasniflash, ular mazmuniga sezilarli o‘zgartirishlar kiritish va ularni ijtimoiy hayot talablaridan kelib chiqib to‘ldirish, eskirgan normalarni esa bekor qilish zarurati tufayli amalga oshirilishini misol qilib keltirish mumkin.
Qonunchilikni tizimlashtirishning vazifasi huquq vazifasi bilan o‘zaro uzviy aloqadadir. Ma’lumki, “huquqning vazifasi” termini huquq oldida to‘rgan, u hal qilishi lozim bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy muammolardan bo‘lib, huquq mustaqil erishishi zarur bo‘lgan yoki erishishga ko‘maklashadigan doimiy yoki vaqtinchalik, yaqin yoki oxirgi maqsadni ko‘rsatadi.
Shu bilan birga adabiyotlarda huquqning vazifasi va huquq funksiyalari kategoriyalari mazmunan yaqin bo‘lsa-da, bir-biridan farq qilishi, uning funksiyalarini amalga oshirmay turib huquq oldida to‘rgan vazifalardan birortasi ham hal qilinmasligi, ma’lum vazifalar tegishli funksiyalarni “talab qilishi”, vazifa jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy ehtiyojlaridan kelib chiqishi, davlat va huquq rivojining umumijtimoiy qonuniyatlari, jamiyat, davlat(tegishlicha huquq) rivojlanishinig alohida bosqichidagi ijtiomiy-iqtisodiy xususiyatlari, tarixiy sharoit, siyosiy kuchlar nisbati, milliy omillar va shu kabilar bilan belgilanishi, shuningdek, vazifalar funksiyalarni amalga oshirish shakllari va usullariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi, huquqiy ta’sirning muayyan yo‘nalishlarini belgilab berishi haqida ta’kidlanadi.
Jumladan, huquqiy tizimning takomillashuvi, yangidan-yangi normativ hujjatlarning qabul qilinishi, ulardan eskirganlarining bekor qilinishi va shu kabi bir qator holatlar bu jarayonning uzluksiz bo‘lishini ta’minlaydi va qonunchilikni tizimlashtirish oldiga navbatdagi vazifalarni qo‘yadi.
Shunday vazifalardan biri bizningcha, huquqiy ta’sir o‘tkazishning samarasini oshirish vazifasidir. Amaldagi normativ-huquqiy hujjat-larni qayta ishlash, tahlil qilish natijasida huquqiy tartibga solishni takomillashtirish qonunchilikni tizimlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 10 martdagi “Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash maqsad va vazifalarini amalga oshirish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-24-sonli Qarori alohida e’tiborga molik. Mazkur Qaror jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishning quyidagi sohalarida bir qator qonunlarni, kodekslarni qabul qilish, eski qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish, ularni yangi tahrirda qabul qilish vazifalarini aniq belgilab berdi: davlat qurilishi va boshqaruvi, qonunchilik hokimiyatining roli va ta’sirini kuchaytirish; sud-huquq tizimini isloh qilish va yanada erkinlashtirish; ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada demokratlashtirish; tashqi siyosat; bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tobora erkinlashtirish.
Qonunchilikni tizimlashtirishni amalga oshirishda mamlakatimizda ishlab chiqilgan mana shunday dasturlarga tayanish muhim ahamiyatga ega, chunki amalga oshirilayotgan islohotlar yangi huquqiy ehtiyojlarni yuzaga keltirmoqda. Buning uchun huquq ijodkorligi faoliyatining samarasini oshirish vazifasi hal etilishi lozim.
Qonunchilikni tizimlashtirish natijasida esa ushbu sohada amal qilayotgan qonun hujjatlaridagi ziddiyatlarni bartaraf etish vazifasi hal qilinishi zarur. Bu qonunchilikni tizimlashtirishning jamiyat hayotining asosi bo‘lgan iqtisodiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish, ularning barqarorligini ta’minlash vazifasini keltirib chiqaradi.
Hozirgi kunda buning uchun yetarli konstitutsiyaviy asoslar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasida belgilab qo‘yilganidek: “Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas”.
Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash vazifasi, ayniqsa, kodekslashtirishda muhim o‘rin tutadi, chunki “kodekslar bir turdagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan normalarni o‘zida birlashtirib, tizimlashtiradigan normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi”.
Shu bilan kodeks odatdagi qonunlardan farq qiladi. Odatdagi qonunlar kodeksga nisbatan ancha o‘zgaruvchan bo‘ladi, chunki ular, odatda, dolzarb muammolarni tezda hal qilish vazifasini bajaradi.
Bunga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, kodekslashtirish jarayonida sifat jihatdan ijobiy o‘zgarish ro‘y beradi, ya’ni ma’lum sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tubdan qayta ishlanadi, ijtimoiy hayotda o‘zini oqlagan normalar muayyan tizimga keltiriladi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yuzlab yangi normativ-huquqiy hujjatlar paydo bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, qonunchilikni tizimlashtirish faoliyati oldiga huquqni amalga oshirishning izchilligini ta’minlash vazifasini qo‘yadi.
“Buning uchun qonunlar pishiq-puxta bo‘lishi, ya’ni masalani hal etish uchun ijrochilarga oshirilganda va ko‘pincha bir-biriga zid bo‘lgan normativ hujjatlar va yo‘riqnomalar bilan cheklab qo‘yilganda sansalorlikni imkoni boricha kamaytirish kerak”.
Tizimlashtirish qonunlarni takomillashtirish va jamiyatda qonuniylikni ta’minlash uchun katta ahamiyat kasb etadi. Qonun ijodkorlari undan qonunchilikning rivojlanishini nazorat qilish, turli normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning oqilona usullarini tanlab olishda foydalanishi mumkin.
Aholi uchun qonunlardan oson foydalanish, huquqiy ongni rivojlantirish, huquqiy madaniyatni tarbiyalash, fuqarolarning o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirish kabilarni qonunchilikni tizimlashtirishning navbatdagi vazifalari qatoriga kiritish mumkin.
Shu bilan birga, qonunchilikni tizimlashtirishning asosiy vazifalari, prinsiplari, unga tayyorgarlik ko‘rish va tizimlashtirilgan qonun hujjatlarining yuridik kuchini qonun yo‘li bilan belgilab qo‘yish, tizimlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni aniq vakolatlarga ega bo‘lgan maxsus komissiyalarga topshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tizimlashtirishda qonun osti hujjatlariga qaraganda amaldagi qonun hujjatlariga birlamchi ahamiyat berilishi lozim. Huquqning ta’siri uzoq muddat bo‘lishini ta’minlash vazifasi shuni talab qiladi.
Tizimlashtirishning predmeti normativ-huquqiy hujjatlar ekanligidan kelib chiqqan holda, uning vazifalari ichida huquq normalarini davlat organlari tomonidan to‘g‘ri tushuntirish va qo‘llashga alohida urg‘u berish kerak.
Qonunchilikni tizimlashtirishning vazifalari to‘g‘ri bajarilishi mavjud normativ-huquqiy hujjatlarni qay tarzda tizimlashtirish lozim, bu faoliyatning mezoni nimalardan iborat bo‘lishi kerak, degan savollarga to‘g‘ri javob topishga ko‘maklashadi.
Har xil ijtimoiy munosabatlarni kompleks tartibga solish maqsadida bir normativ-huquqiy hujjatda turli huquq sohalariga tegishli bo‘lgan normalarni birlashtirishga urinish qonunchilikni tizimlashtirishni amalga oshirishga bir qadar to‘sqinlik qiladi.
Shuning uchun kompleks normativ-huquqiy hujjatlar ichidan turli huquq sohalariga tegishli bo‘lgan huquqiy normalarni ajratib olib, ularni predmeti bo‘yicha (masalan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, moliya, maorif va h.k.) tizimlashtirish maqsadga muvofiqdir.
Jamiyat taraqqiy etib borishi davomida huquq oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan yangi muammolar paydo bo‘laveradi. Ijtimoiy munosabatlarning yangi turlari ularni huquqiy tartibga solishga bo‘lgan ko‘plab ehtiyojlarni keltirib chiqaraveradi, turli vaqtlarda va har xil sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan huquqiy hujjatlar soni ortib boraveradi. Ularning bu darajada ko‘p bo‘lishi ushbu normativ material bilan tanishish, keyin uni qo‘llashda qiyinchiliklar tug‘dirishi shubhasiz.
Natijada qonunlar yig‘indisini bilish qiyin va serdiqqat ishga aylanadi. Xullas, davlat qonunlarga ishlov berish, ularni yaxlitlashtirish zaruratiga duch keladi. Ijtimoiy munosabatlarning kelgusi rivoji esa ana shu normativ materialga tegishli o‘zgartirishlar kiritish va ularni bir-biriga muvofiqlashtirishni talab qiladi. Qonunchilikni tizimlashtirish esa ushbu vazifani hal qilishga xizmat qiladi. Bunda avvaliga inkorporatsiyaning ahamiyati katta bo‘ladi. Uni amalga oshirish jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni o‘zgartirilmasdan ular tizimga solinadi.
Kodekslashtirishsiz normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish va mamlakatimiz huquq tizimi uchun birlamchi ahamiyatga ega bo‘lgan qonuniylikni mustahkamlash vazifasi amalda hal qilinmay qoladi. Shuning uchun ham joriy qonun ijodkorligi faoliyatining qonunchilikni tizimlashtirish bilan uyg‘unlashuvi prinsipial ahamiyatga ega vazifalardan biridir.
N. P. Koldayevaning fikriga ko‘ra “qonunchilikni tizimlashtirishning normativ-huquqiy hujjatlar tobora ortib borayotganligidan kelib chiqib, uni qiyinlashtiradigan ba’zi jihatlari qo‘shimcha muhokama qilishga muhtoj. Biroq mazkur jarayon tizim tashkil qiluvchi elementlar miqdorini proporsional ravishda ko‘paytirmasligi kerak (bugungi kunda qonunchilik tarmoqlari bir yuz ellikdan oshib ketdi va yangilarining shakllanish jarayoni davom etmoqda). Agar biz tizimlashtirishning asosiy maqsadi – normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanish qulayligini saqlab qolishni istasak, tasniflash birliklarini yiriklashtirish masalasini o‘ylab ko‘rishimiz zarur”
Fikrimizcha, tizimlashtirishning asosiy vazifasi qonunchilik mate-riallarini hisobga olish va umumlashtirish, hujjatlar matnlariga rasmiy o‘zgartirishlar kiritish, yuridik ahamiyatini yo‘qotgan normalarni aniqlash va bartaraf qilish, bir turdagi normativ-huquqiy hujjatlarning ichki nomuvofiqligini aniqlash va bartaraf qilishdan iboratdir. Demak, amaldagi qonunlar doimiy ravishda tizimlashtirib borilishi zarurligi hozirgi kunda shubha tug‘dirmaydi.