O’zbekiston Respublikasida qonunchilikni tizimlashtirishda milliy va umuminsoniy tajribaga tayanish
1.3 Qonunchilikni tizimlashtirish prinsiplari Mavjud normativ materiallarni tizimga keltirish zarurati doimiy vazifalar to‘la bajarilishiga asos bo‘luvchi prinsiplar doirasini nazariy mulohaza qilishni talab etadi.
“Ma’lumki, u yoki bu davlatda amal qilayotgan huquqning ichki muvofiqligi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish asosiy prinsiplarining organik birligida, davlat Konstitutsiyasida eng umumiy huquqiy ko‘rsatmalarning konkretlashtirilishida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun har qanday tizimlashtirish asosida aynan Konstitutsiya, uning asosiy normalari va prinsiplari yotishi kerak. Bu har qanday tizimlashtirish shaklida qonunchilik sistemasini belgilab beradigan obektiv omildir”.
Ushbu fikrlarga qo‘shilgan holda shuni ta’kidlash lozimki, qonun-chilikni tizimlashtirish huquqiy hodisa sifatida mamlakatimiz huquq tizimida amal qiladi va shu bois ham uning prinsiplari milliy huquqiy tizim prinsiplariga muvofiq bo‘lishi lozim. Milliy huquqiy tizim esa Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan normalarga asoslanadi.
Qonunchilikni tizimlashtirishning predmeti qonunlar bo‘lib, ular umumxalq xohish-irodasini, umummajburiy xulq-atvor qoidalarini, huquqiy normalarni o‘zida aks ettiradi. Bu faoliyat davlat va jamiyat qurilishining konstitutsiyaviy asoslariga tayangan holda, ushbu faoliyatning yaxlitligi va umumiy yo‘nalishlarini ta’minlovchi ma’lum bir prinsiplarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi zarur.
Qonunchilikni tizimlashtirishning prinsiplari ushbu faoliyat (jarayon)ning mazmuni va mohiyatini ifodalovchi ustuvor qoidalar bo‘lib hisoblanadi. Shu ma’noda, qonunchilikni tizimlashtirishning asosiy prinsiplari jamiyatda qonuniylikni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan obektiv ijtimoiy-huquqiy faktlarni aks ettiruvchi va umumlashtiruvchi kategoriya sifatida namoyon bo‘ladi.
Bu prinsiplar ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga ta’sir etuvchi qonunchilik sohasidagi hodisalar va omillarni aks ettirish asosida shakllanadi.
Qonunchilikni tizimlashtirishning asosiy prinsiplari mazmunini jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy taraqqiyotning obektiv qonuniyatlari belgilab beradi.
Qonunchilikni tizimlashtirishning har bir shakli yuqorida qayd etganimizdek, qonunchilikni tizimlashtirish prinsiplariga asoslanadi. Biroq shu bilan bir qatorda har bir shakl doirasida ayrim o‘ziga xosliklar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Masalan qonunchilikni tizimlashtirishning mustaqil shakllaridan biri bo‘lgan kodekslashtirish – yangi normativ-huquqiy hujjatlarni yaratish, ularga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishdangina iborat emas, balki avval ifodalangan normativ-huquqiy qoidalarni yangi kompleks tusdagi hujjat – qonunlarda belgilashdan iboratdir. Bunda, qonun ijodkorligi jarayonining ishtirokchilari oldida o‘z dolzarbligini, huquqiy tus va yuridik kuchini yo‘qotmagan qoidalarni tanlash, tizimlashtirish, huquqdagi bo‘shliqlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish vazifalari turadi. Kodekslashtirish ishtirokchilari ushbu jarayon davomida ko‘plab normativ materiallarni tadqiq etishlariga to‘g‘ri keladi va mazkur tahlillar muayyan prinsiplarga rioya etishni talab etadi.
Huquq nazariyasida qonunchilikni tizimlashtirishning prinsiplari xususida aniq fikr bildirilmagan. Faqat uning biror-bir shakliga asos bo‘luvchi prinsiplar xususida muayyan takliflar uchraydi. Masalan, D.V.Chuxvichev tomonidan kodekslashtirish prinsiplari ilgari surilgan.
Shu sohadagi tadqiqotlar deyarli mavjud emasligidan kelib chiqsak, D.V.Chuxvichev tomonidan taklif etilgan kodekslashtirish prinsiplarini bir tomondan diqqatga sazovor deb aytish mumkin. Ammo ikkinchi tomondan ushbu prinsiplar kodekslashtirish subektlari asoslanishi lozim bo‘lgan talablar, shakl-shamoyillarni to‘la ochib bermagan.
Kelgusida O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilajak qonunchilikni tizimlashtirish ishlari davlatimizdagi normativ-huquqiy hujjatlarni ma’lum tartibda tashkil qilishga, qonunchilikda bo‘shliqlar, ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan qonunlar to‘plamini shakllantirishga xizmat qilishi lozim hamda uning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak deb o‘ylaymiz:
ijtimoiy munosabatlarga muvofiqlik;
tizimlilik;
ilmiy asoslanganlik;
qonuniylik;
qonunchilikni tizimlashtirishning mavridida bo‘lishi;
qonunchilikni tizimlashtirishning to‘liqligi;
qonunchilikni tizimlashtirishning yagona yo‘nalishga ega ekanligi.
Ijtimoiy munosabatlarga muvofiqlik prinsipi qonunchilikni tizimlashtirishda ijtimoiy voqelik talablaridan kelib chiqqan holda kodekslashtirilgan hujjat vositasida normativ-huquqiy hujjatlardagi eskirgan normalarni bartaraf etish, ularga ma’lum tuzatishlar kiritishni anglatadi. Mazkur prinsip, shu bilan bir qatorda, mavjud ijtimoiy munosabatlarni har tomonlama, ayniqsa, huquq sotsiologiyasi nuqtai-nazardan o‘rganishni, tadqiq etishni, tizimlashtirilayotgan hujjat chuqur tadqiqotlar natijalariga asoslanishi lozimligini ham taqozo etadi.
Basharti, qonunchilikni tizimlashtirish ijtimoiy munosabatlarga muvofiq bo‘lmasa, u kutilgan samarani bermaydi, va aksincha, huquqiy tartibga solish jarayonini murakkablashtirishi mumkin. Shu bois ham, ushbu prinsipga rioya etish qonunchilikni tizimlashtirish samaradorligining o‘ziga xos omillaridan bo‘lib hisoblanadi.
Tizimlilik prinsipi huquq, qonunchilik sistemasi, huquq tarmog‘i tuzilishini hisobga olgan holda tizimlashtirishni amalga oshirishni bildiradi. Tizimlilik prinsipi qonunchilikni tizimlashtirishning tub mohiyatini tashkil etadi va ushbu jarayonning rejali ravishda izchil amalga oshirilishini nazarda tutadi. Bunda, qonunchilikni tizimlashtirishning texnikasiga, ya’ni tizimlashgan hujjatni shakllantirishning mantiqiy ketma-ketlikka asoslangan, maxsus qoida va uslublariga rioya qilish muhim hisoblanadi.
Ilmiy asoslanganlik prinsipi qonunchilikni tizimlashtirishning barcha shakllaridan foydalanishda ilmiy xulosalar va tavsiyalarni hisobga olish, normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirishni ilmiy-nazariy tashkil etishni anglatadi. Bunda ilmiy tahlilga, yuridik texnikaning qoida-talablariga katta e’tibor berilishi lozim.
Qonuniylik prinsipi tizimlashtirish davomida normativ-huquqiy hujjatlarni ularning yuridik kuchidan kelib chiqib, qat’iy iyerarxiyaga asoslangan holda tizimlashtirilgan hujjatlarda joylashtirish, muayyan to‘plamlarga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjat yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatga zid kelmasligi lozimligini bildiradi. Professor O.Xusanov qonuniylik prinsipi amalga oshishi uchun bir necha shartlar mavjud bo‘lishini va ulardan eng muhimlaridan biri sifatida – qonunlarning mukammal bo‘lishini qayd etadi.
Tizimlashtirishning mavridida bo‘lishi. Bu prinsipga binoan tizimlashtirilayotgan normativ material, mazkur turdagi tizimlashtirishga ehtiyoj sezsa hamda buning uchun “pishib yetilgan” bo‘lgandagina amalga oshirilishi lozim. Qonunchilikni tizimlashtirishning mavrididan oldin yoki undan keyin amalga oshirilishi huquqiy tartibga solish jarayoni uchun samarasiz hisoblanadi.
Kodekslashtirish misolida qaraydigan bo‘lsak, tizimlashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar majmui huquq normalarining muayyan tizimi (soha, kichik soha, institut, kichik institut) sifatida shakllangach hamda ushbu tizimda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi gumon bo‘lgandagina amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kodekslashtirish ushbu tizimga kiruvchi normativ bazaning barqarorligini talab etadi. Qoida tariqasida har qanday normativ-huquqiy hujjat barqaror tusda bo‘lishi lozim, basharti bunday bo‘lmasa, bu qonun ijodkorining tajribasizligidan dalolat beradi. Kodekslashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar uchun barqarorlik tizimlilikni anglatuvchi ajralmas prinsip sanaladi.
V.Sorokinning ta’kidlashicha, “O‘tish davrida doimiy va o‘tkinchi kodekslarni qabul qilish o‘zini oqlamaydi… O‘tish davrida qabul qilingan kodeks, o‘z mohiyatiga ko‘ra, muvofiqlashgan huquqiy normalar tizimi bo‘lib hisoblana olmaydi”
Qonunchilikni tizimlashtirishning to‘liqligi. Qonunchilik tizimining takomillashuvi samarasi ko‘p jihatdan ushbu tizimlashtirish tegishli qonun hamda qonun osti hujjatlarini nechog‘lik to‘liq qamrab olganligi bilan belgilanadi. Shu sababli, xususan qonunchilikni tizimlashtirish shakllaridan biri bo‘lgan kodekslashtirishning belgilariga mos keluvchi (huquqiy tartibga solishning predmetiga taalluqli) barcha normativ-huquqiy hujjatlar kodekslashtirilishi lozim. Kodekslashtirilishi lozim bo‘lgan birorta ham normativ-huquqiy hujjat nazardan chetda qolmasligi kerak. Kodekslashtirishning to‘liq bo‘lmasligi ushbu jarayonning maqsadiga erishishga yo‘l qo‘ymaydi, chunki to‘liq kodekslashtirilmagan normativ bazani to‘laligicha tizimlashgan deb bo‘lmaydi. Basharti bittagina normativ hujjat kodekslashtirish doirasidan chetda qolgan bo‘lsa ham kodekslashtirish to‘liq bo‘lmagan hisoblanadi. Amaliy nuqtai nazardan to‘liqsiz kodekslashtirish ijtimoiy hayotda o‘zining samarasini bermaydi.
Qonunchilikni tizimlashtirishning yagona yo‘nalishga ega ekanligi. Normativ materialni muayyan tizimga solish bu boradagi faoliyatning yagona yo‘nalishda, funksional birlikda amalga oshirilishini talab etadi. Qonunchilikni tizimlashtirish o‘ng kelgan normativ materialni emas, balki huquqiy tartibga solishning yaxlit predmeti bilan qamrab olingan normativ-huquqiy hujjatlar majmuasini o‘z ichiga olishi lozim. Qonunchilikni tizimlashtirish natijasida shakllanadigan yagona kompleks qonunchilik hujjatining mazmun jihatdan birligini ta’minlash maqsadida kodekslashtirish faqatgina tegishli sohaga (kichik sohaga, institutga) oid normativ materialni o‘zida qamrab olishi zarur. Aks holda kodeks o‘z-o‘zidan tizimsiz bo‘ladi, chunki o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan elementlarni tizimlashtirib bo‘lmaydi.
Z.Islomovning fikricha, “O‘tmishda qonunlarni umumlashma tizimlashtirish usuli o‘zini oqlagan edi. Bu moddiy va protsessual huquqning, shuningdek bir tomondan ma’muriy yoki ommaviy huquqning, ikkinchi tomondan esa xususiy huquqning aksariyat sohalariga taalluqli. Mazkur tizimlashtirish huquqiy aniqlikka xizmat qilib, huquqni qo‘llashni osonlashtiradi. Ko‘pgina qonunlar, masalan, raqobat, patentlar va intellektual mulk huquqiga oid boshqa qonunlar ham protsessual ham moddiy huquq normalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Bunda ajratish va tizimlashtirish orqali huquq sohalarini o‘zaro yaqinlashtirish nazarda tutiladi. Biroq, bu holat, biz ushbu farqlarni ajratish yo‘li bilan ommaviy va xususiy, moddiy va protsessual huquqni ongli ravishda aralashtirilib, kompleks qonunlarni yaratishni taklif etuvchilarni qo‘llab-quvvatlashimizni anglatmaydi”.