O’zbekiston Respublikasida qonunchilikni tizimlashtirishda milliy va umuminsoniy tajribaga tayanish
2.2. Qonunchilik inkorporatsiyasi uning mazmuni va mohiyati Qonunchilikni tizimlashtirishningmuhim shakllaridan biri nkorporatsiyadir.
U qonunchilikni tizimlashtirishning boshqa shakllaridan farqli ravishda amaldagi, mavjud qonunchilik hujjatlarini bir tizimga solish uchun amalga oshiriladi.
Yuridik adabiyotda inkorporatsiyaga berilgan turli xil ta’riflarni uchratish mumkin. Mualliflar asosan inkorporatsiya qonunchilikni tizimlashtirishning usullaridan biri ekanligiga e’tibor qaratishib, u tegishli hujjatlarning normativ-huquqiy mazmuniga o‘zgartirish kiritmay turib, huquq o‘rnatuvchi hujjatlarni ma’lum asosga ko‘ra (mavzu bo‘yicha, xronologik tartibda, predmetiga ko‘ra va shu kabi asoslar) va ma’lum masalalar doirasi bo‘yicha to‘plashdan iboratligini ta’kidlaydilar.
Lekin biz inkorporatsiyaning qonunchilikni amalda bo‘lgan (nazorat) holatida saqlab turish bo‘yicha davlat organlariing doimiy faoliyati sifatidagi xususiyatiga alohida e’tibor qaratamiz.
Chunki inkorporatsiyaga berilgan barcha ta’riflardan ko‘rinib turibdiki, undan ko‘zlangan maqsad keng ommaning qonunchilikka yetishishi va uni anglashi oson bo‘lishiga, barcha huquq subektlarini qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi eng ishonchli axborot bilan ta’minlashga erishishdan iborat va buning uchun, albatta, ma’lum organlarning doimiy faoliyati zarur bo‘ladi.
Shu bilan birga, adabiyotlarda inkorporatsiyaning o‘ziga xos xususiyati, ya’ni to‘plamlarga kiritilayotgan hujjatlarning mazmuniga odatda o‘zgarish kiritilmasligi va mohiyatan huquqiy tartibga solishning mazmuni o‘zgarmasligi alohida ta’kidlanadi. Inkorporatsiyaning aynan shu xususiyatida – normativ tartibga solishning mazmunini o‘zgartirmay saqlab qolish, uni kodekslashtirish va konsolidatsiyadan ajralib turishi ko‘rsatiladi.
Bizning fikrimizcha, agar inkorporatsiya faqat normativ-huquqiy hujjatlarni ularning dastlabki matnida shunchaki qayta to‘plab berishdan iborat bo‘ladigan bo‘lsa, u holda uning qonunchilikni tizimlashtirishdagi ahamiyati kamayib ketgan bo‘lardi. Chunki normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini bayon qilish ba’zan o‘zgarishlarga uchraydi. Amaldagi qonunchilik tizimining turli shakldagi to‘plami nashr etilayotgan xorijiy mamlakatlar tajribasidan ma’lumki, inkorporatsiya jarayonida majmua(yoki to‘plam)ga kiritilayotgan qonun hujjatlari matnidan o‘z kuchini yo‘qotgan moddalar, bandlar olib tashlangan, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan (rasmiy manbalar ko‘rsatilib) matnlar qo‘shilgan hollar uchraydi.
Inkorporatsiya jarayonida normativ-huquqiy hujjatning tashqi ko‘rinishi o‘zgarishi tayin. Xususan, biror norma e’lon qilinganidan so‘ng bo‘lgan o‘zgarishlarni qo‘shmay, vaqtinchalik kuchga ega bo‘lgan va ayni paytda o‘z kuchini yo‘qotgan bandlarni olib tashlamay turib, uning matnini amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamiga kiritish mumkin emas.
Qoida tariqasida, inkorporatsiya natijasida, ta’bir joiz bo‘lsa, amaldagi qonunlarga 2tashqi ishlov beriladi” deyish mumkin. Bu, jumladan, huquqiy hujjatlar alfavit bo‘yicha, xronologik tartibda yoki predmetiga ko‘ra joylashtirilishida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasida inkorporatsiyani amalga oshirishning, ya’ni qonunchilik hujjatlarini e’lon qilishning rasmiy manbalari berilgan.
Unga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalar hisoblanadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
“O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining to‘plami”, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning rasmiy nashrlari O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari mazkur organlarning rasmiy nashrlarida e’lon qilinadi.
Ma’lumki, nashr etilayotgan qonunchilik hujjatlari to‘plamlarining yuridik kuchiga ko‘ra inkorporatsiyani uch turga bo‘lish keng tus olgan. Bu rasmiy inkorporatsiya, ofitsioz (yarim rasmiy) inkorporatsiya, norasmiy inkorporatsiyadir.
Shu o‘rinda adabiyotlarda berilgan ta’riflarga tayangan holda inkorporatsiyaning ushbu turlariga qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
Rasmiy inkorporatsiya – normativ hujjatlar to‘plamlarining ularni chiqargan organlar tomonidan tasdiqlanishi, vakolatli organlar tomonidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamlarini nashr etish orqali huquqiy normalarni tartibga keltirishdir.
Bunday to‘plam (yoki majmua) rasmiy tusga ega bo‘lib, huquqiy faoliyatning barcha sohalarida uning materiallariga murojaat qilish mumkin. O‘z tabiatiga ko‘ra rasmiy inkorporatsiya hujjati amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlangan va tartibga keltirilgan tarzda nashr etish shakli hisoblanadi.
Rasmiy inkorporatsiyaning o‘ziga xos belgisi shundan iboratki, u huquq ijod etuvchi organlar tomonidan yoki ularning topshirig‘iga binoan amalga oshirilib, ushbu organlar tayyorlangan to‘plam yoki majmuani tasdiqlaydilar yoxud boshqa usul bilan rasman ma’qullaydilar.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinib, ma’qullangan “Radiochastotalar to‘g‘risida”gi Qonun palatalar muassisligidagi rasmiy nashr - “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasida” e’lon qilinsa rasmiy inkorporatsiya amalga oshiriladi. Yoki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori ushbu organning rasmiy nashri – “Hukumat qarorlari to‘plami”da nashr etilsa inkorporatsiyaning rasmiy shakli amalga oshgan hisoblanadi.
Inkorporatsiyaning keyingi shakli ofitsioz (yarim rasmiy) inkorporatsiyadir. Qonunchilik hujjatlarining ularni sistemalashtirish vakolatiga ega bo‘lgan idoralar tomonidan to‘plam yoki majmua qilib chiqarilishi (odatda, bunday sistemalashtirish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi). Bunda huquq ijod etuvchi organ bunday to‘plam yoki majmuani rasman tasdiqlamaydi va shu bois ham unga kiritilgan hujjatlar matnlari rasmiy tusga ega emas.
Qonunchilik inkorporatsiyasining keyingi shakli bo‘lgan norasmiy inkorporatsiya – maxsus vakolatga ega bo‘lmagan har qanday shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zining muassisligidagi nashrda e’lon qilish, ya’ni huquq ijod etuvchi organlar vakolatiga ega bo‘lmay turib, huquq ijod qilish vakolatiga ega bo‘lgan organlarning qonunchilik hujjatlariga tashqi ishlov berishlaridir.
Ayrim adabiyotlarda keltirilgan “qonunchilik hujjatlarining norasmiy to‘plamlari huquq manbai bo‘la olmaydi, shuning uchun ham huquq ijodkorligi yoki huquqni qo‘llash faoliyatida ulardan foydalanilmaydi” degan fikrga biz mutlaqo qarshimiz.
Chunki inkorporatsiyaning norasmiy shakllarda amalga oshirilishi huquqni qo‘llash faoliyatini takomillashtirishga, aholini huquq bilan ta’minlash ishlarini rivojlantirishga yordam beradi xolos. Ayniqsa, norasmiy inkorporatsiya qonunchilik hujjatlarining rasmiy nashrlari kam nusxada chiqadigan sharoitlarda ancha asqotadi.
Inkorporatsiya tizimlashtirishning ancha yuzaki, tashqi jihatidangina tizimga keltiruvchi shaklidir. Buning boisi, kodekslashtirishdan farqli o‘laroq, normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuniga o‘zgartirish kiritilmay, ular shunchaki to‘plamlarga yig‘ilishidadir. Bu, avvalambor, qonunchilik hujjatlaridan foydalanishni yengillashtirish maqsadiga erishishga xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda Qonunlar majmuasini yaratish inkorporatsiyaning eng yuqori ko‘rinishi ekanligi ta’kidlanadi. Bunda qonunlar va boshqa muhim normativ-huquqiy hujjatlar to‘planib, qat’iy tartib asosida sistemaga keltirilishi e’tirof etiladi.
Biz bu fikrga qarshimiz, boisi qonunlar majmuasi inkorporatsiyaning emas balki qonunchilikni kodekslashtirishning mahsuli hisoblanadi. Chunki, majmua qonun ijodkorligi yo‘li bilan ishlab chiqiladi va muhokama etiladi. Unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ham qonunchilik tashabbusi subektlari hamda parlament palatalari tomonidan hal etiladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qonunlar majmuasi kodekslashtirishning oliy shakli bo‘lgan - umumhuquqiy kodekslashtirish natijasidir.
Endi mamlakatimizda qonunchilik inkorporatsiyasining nechog‘li mukammal amalga oshirilishi, normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarining ahvoliga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Hozirgi kunda parlament palatalari tomonidan nashr etilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotomasining mazmuni, tartibi xususida biror-bir huquqiy asos mavjud emas.
1990 yil oxirigacha “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari”, 1991 yildan 1995 yil 3-sonigacha “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi”, 4-sondan boshlab esa, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi” nomi ostida nashr etilgan. Mamlakat parlamenti ikki palatali tizimga o‘tgach, 2005 yil 2-sonidan boshlab, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi” nomi ostida nashr etib kelinmoqda.
So‘nggi besh yil ichida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”ga quyidagicha obuna amalga oshirilgan. 2005 yilda jami 12789 nusxaga, 2006 yilda jami 12729 nusxaga, 2007 yilda jami 15077 nusxaga, 2008 yilda 9525 nusxaga obuna amalga oshirilgan. Ko‘rinib turibdiki, 2008 yilga kelib obuna faolligi nisbatan ancha kamaygan.
Masalan, mustaqilligimizning dastlabki yillaridan nashr etilib kelingan “Hukumat qarorlari to‘plami”ning ham adadi bugungi kunga kelib juda pasayib ketgan.
Buning sabablaridan biri O‘zbekiston Adliya vazirligi muassisligida “Qonun hujjatlari to‘plamining” katta nusxada muntazam nashr etilayotganligi deb o‘ylaymiz. Chunki, mazkur to‘plam Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiruvchi Adliya vazirligi tomonidan chop etiladi. Bizningcha, hozirgi kunda Hukumat qarorlari to‘plamining nashr qilinishiga ehtiyoj yo‘q. Sababi, uning o‘rnini bosa oladigan yuqorida qayd etilgan to‘plam chop etilmoqda.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 5 avgustdagi 304-sonli “Qonunchilikni tizimlashtirish va huquqiy axborot tarqatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2003 yil 27 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga binoan “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” rasmiy nashr hisoblanadi.
Haftalik nashr bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z ichiga oladi va quyidagi beshta bo‘limdan iborat bo‘lib, ularda quyidagilar chop etiladi: O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari; O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarorlari; vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan normativ-huquqiy hujjatlari.
Bugungi kunda haftalik nashr bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”ning adadi o‘rtacha 2000 nusxa bo‘lib, 2008 yil davomida 96000 nusxada 51 ta son nashrdan chiqarilgan.
Inkorporatsiya borasidagi eng ayanchli muammolardan biri mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan chiqarilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning o‘sha idoralarning o‘zi tomonidan rasmiy nashrlarda e’lon qilinmayotganligidir. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2008 yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XVIII yalpi majlisida (2009 yil 28 mart) bergan axborotida qayd etilishicha “...o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini e’lon qilish haqidagi qonun talabini mahalliy davlat hokimiyati organlari amalda bee’tibor qoldirmoqdalar. 2007 yilda barcha hujjatlarning 2907 tasi yoki 6 foizi e’lon qilingan, xolos”.