O’zbekiston Respublikasida qonunchilikni tizimlashtirishda milliy va umuminsoniy tajribaga tayanish
2.3. Qonunchilik konsolidatsiyasi tizimlashtirish usuli sifatida Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, qonunchilikni tizimlashtirish huquq-tartibotni barqarorlashtirish, normativ-huquqiy tartibga solish, ijtimoiy hayotning normal faoliyatini ta’minlash, shaxs va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqqan holda davlat ishlarini samarali boshqarish vositasiga aylantirish maqsadini ko‘zda tutadi.
Shu bois normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish tushunchalari va shakllarini yoritib berish ishimizning muhim jihatlaridan biridir. Qonunchilikni tizimlashtirishda uning shakllaridan biri bo‘lgan konsolidatsiyaning o‘rni va roliga to‘xtalib o‘tamiz.
Doimiy o‘zgarib turuvchi huquqiy tizim, uning takomillashib borishi yangi hujjatlarning qabul qilinishi, borlariga o‘zgartirishlar kiritilishi normativ-huquqiy hujjatlarni konsolidatsiyalash (jamlash) ehtiyojini keltirib chiqaradi. “Qonunchilikni jamlash normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirishdan oldin, dastlabki bosqich sifatida maydonga chiqadi. Bunda u yoki bu masalaga oid huquqiy hujjatlar to‘planadi, birlashtiriladi hamda umumlashtiriladi” - deyiladi yuridik adabiyotlarda.
Haqiqatan ham, bu obektiv zarurat bo‘lib, konsolidatsiya amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning barchasini tartibga solishga, ularni yiriklashtirish uchun dastlabki ishlovga olishga ko‘maklashadi. Qonunchilik konsolidatsiyasi avvalambor amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, to‘plash, umumlashtirish uchun zarur.
Aslida davlat va huquq nazariyasida tizimlashtirishning ikkita asosiy turi bo‘lgan inkorporatsiya va kodekslashtirishga ko‘proq urg‘u beriladi. Lekin bizning nazarimizda normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish shakllaridan biri bo‘lgan konsolidatsiya ham qonunchilikni tartibga keltirishda muhim o‘rin tutadi.
Chunki bitta tartibga solish predmetiga ega bo‘lgan bir nechta qonunlarning amalda bo‘lishi qonunchilik tizimlarida eng ko‘p uchraydigan muammolardan biridir.
Ana shunday hollarda normativ-huquqiy hujjatlar sonini oqilona kamaytirish, ularni yiriklashtirish va umumlashtirishga ehtiyoj seziladi. Normativ-huquqiy hujjatlarning bir-birini takrorlashi, ular sonining iloji boricha kamaytirgan holda ko‘proq samarali ishlashini ta’minlash yo‘llaridan biri qonunchilikni konsolidatsiyalashdir. Adabiyotlarda konsolidatsiyaga berilgan quyidagi ta’riflarni uchratish mumkin.
“Konsolidatsiya – tizimlashtirish usuli bo‘lib, bir tabiatli bo‘lgan lekin turli xildagi bir nechta huquq o‘rnatuvchi hujjatlarni birlashtirishdir. Konsolidatsiyalashgan bu yangi hujjat tegishli tartibda davlatning muayyan huquq o‘rnatuvchi organi tomonidan qabul qilinadi. Bunda yangi hujjat qabul qilinishi bilan konsolidatsiyalashtirilayotgan barcha ilgarigi hujjatlar o‘z yuridik kuchini yo‘qotadi va harakatda bo‘lishdan to‘xtaydi”.
Bu ta’rifda konsolidatsiyaning asosan, huquq o‘rnatuvchilik xususiyatiga urg‘u berilgan. Ko‘rinib turibdiki, inkorporatsiyadan farqli ravishda konsolidatsiya sistemalashtirishning rasman huquq o‘rnatuvchilik shakli bo‘lib, bunda eskirgan normalar o‘zgartiriladi va bekor qilinadi, yangi normalar qabul qilinishi mumkin.