Sarkodalilarning qattiq po’sti bo’lmaydi; hujayra sitoplazmasi faqat sitoplazma membranasi bilan tashqi muhitdan ajralib turadi. Qattiq po’st rivojlanmaganligi uchun sarkodalilar tanasining shakli doimiy emas. Sitoplazmadan
hosil bo’lib turuvchi o’simtalar yordamida hayvon sekin-asta siljiydi; shuning uchun bunday oyoqlar soxta, ya’ni psevdopodiylar deb ataladi.
Soxta oyoqlar parraksimon (lobopodiylar), ipsimon (filopodiylar), nursimon
(askopodivlar) va to’rsimon (fretikulopodiylar) shaklida bo’lishi mumkin. Soxta oyoqlar oziqni qamrab olish vazifasini ham bajaradi. Sarkodalilar hujayrasida bitta yoki bir necha yadrosi bor. Chuchuk suvlarda va tuproqda yashovchi turlarida qisqaruvchi vakuoli bo’ladi. Ular barcha bir hujayralilarga o’xshash butun tana sirti orqali nafas oladi. Sarkodalilar ko’pincha ikkiga bo’linib, ba’zan kurtaklanish orqali jinssiz ko’payadi.
Jinsiy ko’payishi xivchinli yoki amyobasimon (xivchinsiz) gametalar hosil qilish orqali sodir bo’ladi. Bu sinfga 11000 dan ortiq tur kiradi. Ko’pchilik turlari chuchuk suvlarda, dengiz va okeanlarda hamda tuproqda erkin yashaydi. Ayrim turlari parazit hisoblanadi. Sinf ildizoyoqlilar, nurlilar, quyoshlilar va akantariyalar kenja sinflarini o ‘z ichiga oladi.
Ildizoyoqlilar (Rhizopoda) kenja sinfi. Ildizoyoqlilarning soxta oyoqlari xilma-xil va harakatchan bo’ladi. Sitoplazmasi doimiy, ixtisoslashgan zonalarga bo’linmagan. Bu kenja sinf amyobalar, chig’anoqli ildizoyoqlilar va foraminiferalar turkumlariga bo’linadi.