Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik er yuzida normal ekologik vaziyatni saqlash bo’yicha ko’pgina davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtiradi. Ushbu faoliyat keng qamrovli xususiyatga ega bo’lib, insonning yashashi va rivojlanishi uchun zarur bo’lgan ekologik sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. U BMTning ixtisoslashgan muassasalari yo’nalishida hamda mintaqaviy va boshqa davlatlararo organlar doirasida faol amalga oshiriladi. Atrof muhitni muhofaza qilish uchun davlatlarning kosmonavtika, tibbiyot, biologiya va elektronika sohalaridagi eng so’nggi yutuqlari qo’llaniladi. Davlatlarning tashqi faoliyati xalqaro huquqiy normalarga asoslanadi hamda jahon hamjamiyatiga kiruvchi barcha xalqlarning tub manfaatlari va milliy xususiyatlarini hisobga oladi.
Mudofaa funktsiyasi. Davlatning mamlakatni tashqi hujumdan mudofaa qilish funktsiyasi davlat faoliyatining muhim yo’nalishi hisoblanadi. Davlatning mudofaa funktsiyasi iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va harbiy usullar bilan amalga oshiriladi. Tinchlik davrida – bu mamlakatni tashqaridan qilinishi mumkin bo’lgan hujumga har tomonlama tayyorlash. Harbiy davrda esa dushman bilan bevosita qurolli kurash shaklini oladi. Bu kurash jarayonida mamlakatdagi barcha kuchlarning g’alabaga erishish uchun birlashishi ro’y beradi.
Hozirgi zamon davlatlarining ko’pchiligi mudofaa doktrinasini qabul qilgan bo’lib, uning mohiyati boshqa davlat yoki davlatlar guruhi tomonidan uyushtirilishi mumkin bo’lgan agressiyani bartaraf etish uchun maqbul darajada etarli bo’lgan kuch va vositalarni yaratishdan iborat. Harbiy qarshilik masalalariga bunday yondashuv xalqlar hayotida urushlar ro’y berishi ehtimolini jiddiy kamaytiradi va kelgusida ularning sekin-asta yo’qolib borishi istiqbolini nazarda tutadi. Mamlakat mudofaasi funktsiyasi tushunchasikengqamrovli va ko’p qirralidir. U mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, tinchlik davri va harbiy davrda qurolli kuchlarning jangovar qudratini saqlash bo’yicha davlat tadbirlarining butun tizimini o’z ichiga oladi.