5-mavzu. DAVLAT SHAKLLARI
Mavzuning asosiy yo’nalishlari
Davlatning shakllari tushunchasi va uning tarkibiy elementlari.
Davlat shakllarining rivojlanishi va o’zgarishiga ta’sir etuvchi omillar.
Davlatning boshqaruv shakllari: respublika va monarxiya.
Davlatning tuzilish shakllari: unitar, federativ va konfederativ.
Siyosiy rejim: tushunchasi va turlari.
O’zbekiston Respublikasi davlat shaklining o’ziga xos xususiyatlari.
1. DAVLATNING SHAKLI TUSHUNCHASI
Davlat shakli davlatning mohiyati bilan bevosita bog’liqdir. Chunki, davlat shakli tushunchasini o’rganish orqali davlat hokimiyati qanday uyushtirilganligi, uning qaysi idoralar orqali amalga oshirilishi, ushbu idoralarning tashkil etilish tartibi qanday bo’lishi, ularning vakillik muddati, tuzilishi, o’zaro munosabatlari, markaziy organlar bilan ma’muriy-hududiy birliklardagi mahalliy davlat organlari o’rtasidagi o’zaro munosabat, davlat hokimiyatining amalga oshirish usullari haqida ma’lumotlarga ega bo’lish mumkin.
Davlat shakli - bu o’z ichiga davlat boshqaruvi, davlat tuzilishi va siyosiy (davlat) rejimni qamrab oluvchi siyosiy hokimiyatni tashkil etish usullari yig’indisidir. Davlat shakli – bu uning uch tarkibiy qismi (yoki tomoni) - boshqaruv shakli, davlat tuzilishi shakli va siyosiy idora usuli birlikda olingan siyosiy hokimiyat tashkiloti.
Davlat shaklining tarkibiy elementlari quyidagilardan iborat:
boshqaruv shakli, ya’ni davlat hokimiyati va boshqaruvni tuzish hamda tashkil etishning muayyan tartibi;
davlat tuzilishi shakli, ya’ni davlatning hududiy tuzilishi, markaziy, mintaqaviy va mahalliy hokimiyatlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning muayyan tartibi;
siyosiy (davlat) rejim, ya’ni siyosiy (davlat) hokimiyatni amalga oshirish usul va uslublaridir.
Dostları ilə paylaş: |