O’zbekiston Respublikasining siyosiy rejimi demokratik taraqqiyotinig strategik yo’nalishlarini, insonning siyosiy huquqlarini xalqaro andozalar miqyosida belgilab beradi, xalqaro huquq ustunligini, hokimiyatlar taqsimlanishini, davlatning asosiy organlari va mahalliy o’zini o’zi boshqarish idoralarining saylanishini, ko’ppartiyaviylikni, mafkuraviy plyuralizmni o’zida aks ettiradi.
O’zbekiston Respublikasining siyosiy rejimi demokratik siyosiy rejim bo’lib, unga quyidagi belgilar xosdir: demokratizm; respublika boshqaruv shaklining mavjudligi; hokimiyat vakolatlarining taqsimlanganligi; siyosiy va mafkuraviy sohada fikrlar xilma xilligi; o’z-o’zini boshqarishning samarali tizimlarini mavjudligi; davlat siyosatining ijtimoiy yo’naltirilganligi; fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanganligi va boshqalar.
Davlat va huquq nazariyasi faniga oid ayrim adabiyotlarda “davlat mexanizmi” va “davlat apparati” sinonim tushunchalar sifatida ko’rsatib o’tiladi. Davlat mexanizmi ancha murakkab tushuncha bo’lib, uni quyidagi yondashuvlar asosida tavsiflash mumkin:
Birinchidan, davlat mexanizmi tor va keng ma’nolarda tushuniladi. Tor ma’noda davlat mexanizmi - bu davlat hokimiyatining apparati bo’lsa, keng ma’noda esa u jamiyatning siyosiy tizimidir;