Siyosiy normalar – alohida shaxslar va ular birlashmalarining hokimiyatga munosabati masalalarini tartibga soluvchi xulq-atvor qoidalari.
Diniy normalar –dindorlarning xudoga, bir-biriga munosabatini, diniy tashkilotlarni tashkil qilish va ularning amal qilishini tartibga solishga qaratilgan qoidalar.
Jamoat birlashmalarining (korporativ) normalari – jamoat birlashmalarining o’z faoliyatini tartibga solish va tashkilot a’zolari o’rtasidagi munosabatlarni aniqlash uchun o’rnatilgan xulq-atvor qoidalari. Jamoat tashkilotlari ichki vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish hamda o’z faoliyatlarini samarali tashkil etish maqsadida korporativ normalarni ishlab chiqadilar. Korporativ normalar muayyan bir jamoat tashkilotining rahbar organlarini shakllantirish va ularning faoliyat ko’rsatish tartibi, vakolatlari, nizomga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish tartibi, tashkilot a’zolari hamda qatnashchilarining huquqlari, majburiyatlari va boshqalar to’g’risidagi normalar bo’lib, ular faqat o’sha tashkilot a’zolari hamda qatnashchilariga nisbatan joriy etiladi va faqat ular uchun majburiy hisoblanadi.
Urf-odat normalari – kishilar o’rtasida ko’p marta takrorlanganligi sababli odatga aylangan va shu tariqa avloddan-avlodga o’tib kelayotgan xulq-atvor qoidalari. Urf-odatlar muayyan ijtimoiy muhitda tarkib topib, avloddan-avlodga o’tib yuradigan xulq-atvor qoidalari sifatida kishilarning tabiiy-hayotiy ehtiyoji ko’rinishida maydonga chiqadi va qayta-qayta takrorlanish natijasida ular uchun odatiy hol bo’lib qoladi.
An’anaviy normalar– ilg’or an’analarni asrash munosabati bilan yuzaga keladigan umumlashgan va barqaror xulq-atvor qoidalari. An’analar kishilar avlodlari o’rtasidagi vorislikning xilma-xil bog’lanish yo’nalishlari sifatida, kattalar tajribasi yoshlar tomonidan o’zlashtiriladigan uzatish mexanizmi sifatida maydonga chiqadi.
Ijtimoiy normalar umumiy belgilar bilan birgalikda o’ziga xos xususiyatlarga ham ega. Buni huquq va axloq normalarining o’zaro nisbatida ko’rib chiqish mumkin.