Huquq va axloqning umumiyligi quyidagilarda namoyon bo’ladi:
ular birgalikda normativ tartibga solish tizimini tashkil etuvchi ijtimoiy normalardan iboratdir;
falsafiy nuqtai nazardan huquq va axloq – ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa omillar bilan bir xil darajada bog’liq bo’lgan ustqurma kategoriyalardir;
huquq va axloq mavjud ijtimoiy munosabatlardan iborat birdan-bir boshqarish ob’ektiga ega hamda ularning har ikkalasi ham shaxslar va jamoalarga yo’naltirilgan;
huquq va axloq normativ hodisalar sifatida shaxslarning zarur va mumkin bo’lgan xatti-harakatlari chegaralarini belgilaydi hamda shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarni uyg’unlashtirish vositasi bo’lib xizmat qiladi;
inson faoliyatini tartibga soluvchi omil sifatida ular kishi irodasining erkinligi, xatti-harakatlarini tanlash imkoniyatlariga asoslanadi;
huquq va axloq oxir-oqibatda bir xil vazifa – ijtimoiy hayotni tartibga solish va takomillashtirish, unga tashkiliy asoslarni kiritish, adolat va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish vazifalarini ko’zda tutadi va boshqalar.
Huquq va axloq bir-biridan quyidagi jihatlar bo’yicha farqlanadi: 1. Huquq va axloq bir-biridan, eng avvalo, belgilanish, shakllanish usullari va manbalari bo’yicha farq qiladi. Huquq normalari davlat tomonidan yaratiladi yoki tasdiqlanadi. Davlat tomonidan ular bekor qilinadi, to’ldiriladi va o’zgartiriladi. Axloq normalari esa, boshqacha tarzda tarkib topadi ya’ni ular butun jamiyat tomonidan yaratiladi. Bu normalar doimiy ravishda kishilar amaliy faoliyati, ularning o’zaro aloqalari jarayonida yuzaga keladi va rivojlanib boradi.
2. Huquq va axloq ularni ta’minlash usullari bo’yicha bir-biridan farq qiladi. Huquq davlat tomonidan yaratilib, joriy etilar ekan, uning tomonidan ta’minlanadi, muhofaza etiladi va himoya qilinadi. Shu ma’noda huquq normalari umummajburiy mohiyatga ega. Jamoatchilik fikri kuchiga tayanuvchi axloq, majburiy tahdiddan farqli o’laroq, butunlay boshqa tarzda amal qiladi. Axloq qoidalarini buzish rasmiy hokimiyatning aralashishini, yuridik jazolarni qo’llashni taqozo etmaydi. Axloqiy qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan qanday ta’sir ko’rsatishni jamiyatning o’zi hal qiladi. Bunday ta’sir chorasi ba’zan huquqdan ham qattiqroq va ta’sirchanroq bo’lishi mumkin.