1. DAVLAT FUNKSIYASI TUSHUNCHASI
Ma’lumki, har qanday davlat faol yoki mo’’tadil ravishda faoliyat yuritadi. Chunki, faoliyatsizlik davlatning tabiati va maqsadiga to’g’ri kelmaydi. Shundan kelib chiqib, har qanday davlatning mohiyati eng avvalo, uning faoliyatida, funktsiyalarida namoyon bo’ladi. Davlatning faoliyat sohalari xilma-xil bo’lganligini hisobga olib, uning faoliyati bosh yo’nalishlarini alohida ajratish zarurati kelib chiqqan. Ana shu bosh yo’nalishlarda davlat mohiyati mujassam bo’ladi, amalga oshiriladi va rivoj topadi hamda ular davlatning mavjud bo’lish tarzini ifoda etadi. Davlatning funktsiyalari, uning vazifalari va mohiyati bilan uzviy bog’liq bo’lib, davlatning mohiyati o’zgarib borgan sari funktsiyalari ham shunga mos ravishda o’zgarib boradi.
Davlat funktsiyalari - bu davlatning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan davlat faoliyatining asosiy (bosh) yo’nalishlaridir. Davlat o’z oldiga qo’ygan maqsadga erishishi uchun ma’lum bir vazifalarni hal qilishi lozim, bu esa o’z navbatida, ushbu vazifalarni bajarishga qaratilgan tegishli funktsiyalarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Falsafada funktsiya deganda biron-bir ob’ekt xususiyatlarini ma’lum munosabatlar tizimidagi tashqi ifodasi tushuniladi. Funktsiya – vakolat doirasidan kelib chiquvchi faoliyatdir. Chunki, “funktsiya” lotin tilidan olingan bo’lib, “faoliyat” degan ma’noni anglatadi.
Davlat funktsiyalarining quyidagi muhim xususiyatlarini ko’rsatib o’tish mumkin:
davlat funktsiyalari, uning sinfiy va umuminsoniy mohiyatini aniqlashtiradi va ifoda etadi, shuningdek. funktsiyalarning mazmunida sinfiy, guruhiy, milliy va jamiyat a’zolarining xususiy manfaatlari o’z ifodasini topadi;
davlat funktsiyalarida uning mamlakat ichkarisidagi va xalqaro maydondagi har tomonlama amaliy faoliyati namoyon bo’ladi;
davlat funktsiyalari uning tarixiy taraqqiyotidagi maqsad va vazifalariga mos ravishda yuzaga keladi va rivojlanib boradi;
davlat funktsiyalarida uning rivojlanish xususiyatlari va qonuniyatlari, jamiyat hayotida ro’y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalardagi o’zgarishlar va islohotlar aks etadi.
O’z navbatida, davlat funktsiyasini uning alohida organlari funktsiyalaridan farqlash lozim. Davlat mexanizmiga kiruvchi barcha davlat organlari, davlat korxonalari, davlat muassasa va tashkilotlarining har biri o’z vakolatlari doirasida davlat faoliyatining muayyan sohalarida o’z funktsiyalarini amalga oshiradilar hamda shu asosda ular davlat funktsiyasining muayyan ko’rinishlari bo’lib hisoblanadilar.
Dostları ilə paylaş: |