Mavzuning asosiy yo’nalishlari Huquqiy tartibga solish mexanizmi tushunchasi, uning asosiy elementlari.
Huquqiy vositalar: tushunchasi, belgilari, turlari.
Huquqiy tartibga solish va huquqiy ta’sir etish.
Huquqiy tartibga solish mexanizmida huquq normasi, huquqiy munosabat, individual hujjatlar va huquqiy ong o’rtasidagi munosabat.
Huquqiy tartiblar: sohalar va sohalararo, moddiy va protsessual, shartnomaviy va qonuniy, muddatli va doimiy.
Huquqiy rag’batlantirish: tushunchasi, xususiyati, funktsiyasi va turlari.
Huquqiy imtiyozlar: tushunchasi, xususiyati, funktsiyalari va turlari.
Huquqiy tartibga solish samaradorligi, belgilari va uni ta’minlanish asoslari.
O’zbekistonda demokratlashtirish va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonida huquqiy tartibga solishning samaradorligini oshirish yo’llari.
1. HUQUQIY TARTIBGA SOLISH TUSHUNCHASI
Huquqiy tartibga solish mexanizmi – jamiyatdagi turli xil ijtimoiy munosabatlarni ma’lum ketma-ketlikda huquqiy tartibga solishga yordamlashuvchi huquqiy (yuridik) vositalar tizimi.
Huquqiy tartibga solish mexanizmi jamiyatdagi turli-tuman ijtimoiy munosabatlarga muntazam ravishda va muayyan ketma-ketlikda ta’sir etish jarayonidir.
Huquqiy tartibga solish jarayoni – ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir etish, ularni amalga oshirish, rivojlantirish va takomillashtirishning qat’iy belgilangan tartibidir. Huquqiy tartibga solish har qanday ijtimoiy jarayon singari o’z boshlanish va nihoyalanish nuqtalariga ega. Bu jarayon davlat tomonidan huquqiy normalar yaratishdan boshlanadi. Huquqiy norma xalqning davlat idorasini o’zida ifodalovchi, uni huquqiy munosabat ishtirokchilariga etkazuvchi vosita sifatida vujudga keladi va amal qiladi.
Huquqiy tartibga solish jarayonini uch asosiy bosqichga ajratish mumkin:
1. Ijtimoiy munosabatlarni me’yorga soluvchi yuridik normaning yaratilish bosqichi.
2. Huquqiy normaning amal qilish bosqichi.
3. Yuridik normada nazarda tutilgan holatlar, huquq va majburiyatlar vujudga kelganda sub’ektiv huquq va yuridik majburiyatlarning amalga oshirilish bosqichi.
Ko’rsatilgan uch bosqichdan tashqari yana bir bog’lovchi qo’shimcha (fakultativ) bosqich haqida gapirish lozim. Bu fakultativ bosqich huquqni qo’llashdir. Huquqiy tartibga solish jarayonining uch bosqichiga uchta muhim element (huquqiy hodisa) muvofiq keladi:
a) huquqiy normalar;
b) huquqiy munosabatlar;
v) sub’ektiv huquq va yuridik majburiyatlarni amalga oshirish hujjatlari.
Yuqorida zikr etilgan qo’shimcha bosqichga muvofiq tarzda huquqiy tartibga solish mexanizmida qo’shimcha (fakultativ) element – huquqni qo’llash hujjatlari maydonga chiqadi.
Huquqiy tartibga solish mexanizmining har bir elementi, o’z navbatida, o’ziga xos kichik tizimni tashkil etadi. Chunonchi:
– yuridik normalarning yaratilish bosqichiga muvofiq keladigan tizimga – huquqiy ong, huquq ijodkorligi hujjatlari, normativ yuridik hujjatlar, huquqiy normalar, me’yorlar, hujjatlarni tizimlashtirish, yuridik texnika va boshqalar kiradi;
– yuridik normalarning amal qilish bosqichidagi huquqiy munosabatlar tizimiga – huquq sub’ekti, yuridik faktlar, umumiy va konkret huquqiy munosabatlar kiradi;
– huquq va majburiyatlarni amalga oshirish tizimiga – huquqiy munosabat qatnashchilarining muayyan xatti-harakatlari, huquqni qo’llash hujjatlari kiradi.
Yuqorida sanab o’tilgan tizimlarni huquqiy tartibga solish jarayonining bo’g’inlari deb atash mumkin. Ushbu jarayonda amal qiladigan elementlarning bir butunligi huquqiy tartibga solish mexanizmini tashkil etadi14.