Kriminogen vaziyat – mazmuni bo‘yicha jinoiy niyatning, jinoyat sodir qilish maqsadining shakllanishiga ijobiy ta’sir qiluvchi, jinoiy natijaga erishish uchun qulay hisoblangan, ya’ni jinoyat sodir etishga ko‘maklashuvchi vaziyat. Har qanday kriminogen vaziyat o‘z holicha mustaqil tarzda shaxsning jinoyat sodir etishiga olib kelmaydi.
Jinoyat sodir etish vaqtida kriminogen vaziyat shaxsning muhit bilan aloqasining alohida darajasi hisoblanadi. Bu aloqada salbiy xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxsdagi jinoyat sodir etish moyilligi kriminogen vaziyat ta’sirida muayyan xatti-harakatga aylanadi.
Kriminogen vaziyatlar mazmunan quyidagi turlarga bo‘linadi:
shaxs o‘z maqsadlari yo‘lida qiyinchilik va to‘siqlarga duch kelgandagi vaziyat;
aybdor bilan boshqa shaxslar yoki davlat va jamiyat manfaatlari, qarashlarining qarama-qarshiligi oqibatida vujudga kelgan vaziyat.
Shuni ta’kidlash lozimki, kriminogen vaziyatlar shaxsni turli salbiy- ijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga undaydi, undagi muayyan jinoiy tajovuzning motivini shakllantiradi, uning xarakteri, maqsadini belgi- laydi va jinoyat sodir etishda subyektiv omilning muayyan jinoiy xatti- harakatda namoyon bo‘lishiga ko‘maklashuvchi sharoit rolini bajaradi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, kriminogen vaziyatlar turli xil qarashlarga ega bo‘lgan shaxslarga turlicha ta’sir qiladi. Ya’ni, jamiyatga zid qarashga ega bo‘lgan shaxslarga jinoiy xatti-harakatlar sodir etishiga yordamlashadi, har tomonlama barkamol, ijobiy xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxslar esa bunday vaziyatlarda umuminsoniy va huquqiy normalarga muvofiq harakat qiladilar.
Profilaktika xizmatlari tomonidan kriminogen vaziyatni umumiy tahlil qilish faoliyatining mohiyatini quyidagilarda ko‘rish mumkin: kriminogen vaziyat, uni tahlil etish; kriminogen vaziyatni tashkil etuvchi omillar; kriminogen axborotlarni o‘rganish; huquq-tartibot holatini aks ettiruvchi axborotlarni o‘rganish va ularning maqsadi; huquqbuzarlik- larni tahlil qilish; huquqbuzarliklar dinamikasini tahlil qilish; huquqbuzar shaxsini tahlil qilish va hokazo.
Kriminogen vaziyatni o‘rganishda quyidagilarga e’tibor qaratish zarur:
hududni tavsiflovchi ma’lumotlar (maydoni va uning o‘ziga xosligi);
hududda istiqomat qiluvchi aholini tavsiflovchi ma’lumotlar (qariyalar, yetuk yoshdagilar va voyaga yetmaganlar soni);
hududning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini tavsiflovchi ma’lumotlar (ish bilan ta’minlanganlik, ishlab chiqarish, korxona, tashkilotlarning mavjudligi);
huquqbuzarliklarni tavsiflovchi ma’lumotlar;
huquqbuzarlik sodir etgan va unga moyil shaxslarni tavsiflovchi ma’lumotlar;
hududdagi jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish faoliyati subyektlarini tavsiflovchi ma’lumotlar.
Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar bo‘yicha ma’lumot to‘plash, ularni tahlil etish va ular asosida tegishli profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish kerak bo‘ladi.
Profilaktika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlar o‘zlariga biriktirilgan hududdagi kriminogen vaziyatni aniqlashda quyidagi ma’lumotlardan foydalanadilar:
mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi aholining soni va ishsizlar haqidagi ma’lumotlardan;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kam ta’minlangan, janjalkash va noqobil oilalar haqidagi, shuningdek, voyaga yetmaganlar borasidagi ma’lumotlardan;
mahalla posbonlari jamoat tuzilmalaridagi pasport tizimi qoidalarini buzayotgan hamda uyidan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar, shuningdek giyohvandlikka moyillar, diniy ekstremistik oqimga a’zo bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlardan;
diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchilarda to‘plangan hududdagi ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ular orasidagi ishsizlik, diniy ekstremistik oqimlarga a’zo bo‘lganlar, shuningdek jinoyat sodir etishga moyillar, giyohvandlar va farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydiganlar, fohisha, qo‘shmachi, axloqan buzuq ayollar haqidagi ma’lumotlardan.
Ichki ishlar organlari profilaktika xizmatlarining kriminogen vazi- yatni o‘rganish, tahlil qilish va baholash bilan bog‘liq faoliyatini takomillashtirish butun faoliyat davomida rejalashtirilgan asosda olib boriladigan tadbirlar majmuidan iborat bo‘lib, aytish mumkinki, u ichki ishlar organlari faoliyatining barcha yo‘nalishlari takomillashuviga chambarchas bog‘liqdir. Bu takomillashuv hamkorlikdagi faoliyatga ham taalluqlidir. Bunda hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya oladigan, kasbiy mahoratga ega bo‘lgan xodimlar va rahbarlarning roli kattadir.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, kriminogen vaziyatni tahlil qilish va unga binoan kelgusidagi profilaktik ishlarni rejalashtirish yaxshi samara beradi. Shuning uchun har bir reja hududning holati, tuzilishi, sodir etilgan jinoyatlar soni, jinoyatchilarning soni, aholi gavjum joylar yoki ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan hamda fuqarolar ko‘p to‘planadigan joylarni alohida nazarda tutgan holda puxta ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi lozim.