5-bob. Apellatsiyalar va arizalarni ko‘rib chiqish 23. Apellatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish Apellatsiya kengashi raisi, uning o‘rinbosari, kengash a’zolari va kotibi tarkibidagi Apellatsiya kengashi majlisida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Apellatsiya kengashi raisi hisoblanadi. Apellatsiya kengashi tarkibiga Vazirlikning malakali va tajribali xodimlari, shuningdek, mustaqil olimlar va mutaxassislar kiritiladi.
(23-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son) Oldingi tahrirga qarang. Vazirlikning Apellatsiya kengashi tarkibidagi xodimlari soni Apellatsiya kengashi umumiy a’zolari sonining o‘ttiz foizidan oshmasligi lozim.
(23-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son) Apellatsiya kengashi tarkibi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
24. Apellatsiya kengashida ishni ko‘rib chiqishda apellatsiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor yuridik yoxud jismoniy shaxslar qatnashishi mumkin.
Ishni ko‘rib chiqishda qatnashish huquqi bo‘lgan va Apellatsiya kengashi majlisi o‘tkaziladigan sana va joyi haqida xabardor qilingan istalgan shaxsning kelmay qolishi ishni ko‘rib chiqishga to‘siq bo‘la olmaydi.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslar Apellatsiya kengashining istalgan a’zosiga yoki butun tarkibiga nisbatan asoslangan raddiya berishi mumkin. Raddiya ishning mohiyatini ko‘rib chiqish boshlangunga qadar berilishi lozim.
Raddiya Apellatsiya kengashi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Agar raddiya qanoatlantirilsa, apellatsiya yoki ariza boshqa tarkibda ko‘rib chiqiladi. Ishni ko‘rib chiqishda qatnashadigan shaxslar yig‘ilishning yangi sanasi va vaqti haqida ushbu Qoidalarning 16-bandida belgilangan tartibda xabardor etiladilar.
25. Apellatsiya kengashi bir shaxs yoki bir necha shaxsning bitta obyektga — muhofazalanayotgan yoki talabnoma berilgan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomlari, integral mikrosxemalar topologiyasiga oid bir necha apellatsiyalari ko‘rib chiqishda ekanligini aniqlasa, tomonlarning roziligini olgan holda, bu apellatsiyalarni ko‘rib chiqishni bitta yig‘ilishda birlashtirishi mumkin. Apellatsiya kengashining qarori har bir ish bo‘yicha alohida chiqariladi.
Agar arizalar bir yoki bir necha shaxslar tomonidan berilgan bo‘lsa hamda ularda bitta tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisini O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgisi sifatida e’tirof etish so‘ralayotgan bo‘lsa, Apellatsiya kengashi bir necha arizalarning ko‘rib chiqilishini birlashtirishi mumkin.
26. Tomonlardan biri mazkur ish yurituvdan chiqib ketganda (apellatsiya yoki ariza bergan shaxsning vafot etishi, yuridik shaxsning tugatilishi, qayta tashkil etilishi va shu kabilar), Apellatsiya kengashi asoslangan ariza bo‘yicha ushbu tomonni merosxo‘ri yoki huquqiy vorislari bilan almashtiradi. Huquqiy vorislik apellatsiya jarayonining istalgan bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
27. Ishning mohiyatidan kelib chiqib, qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlar taqdim etishning zarurati paydo bo‘lsa, qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlar Apellatsiya kengashi belgilagan muddatlarda topshiriladi.
Qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlar taqdim etuvchi tomonning rasmiy iltimosnomasiga ko‘ra, qo‘shimcha materiallar va ma’lumotlarni taqdim etish muddati Apellatsiya kengashi tomonidan uch oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Rasmiy iltimosnoma bilan so‘ralgan ma’lumotlarga javob berish muddatini uzaytirish uchun uzaytirishning har bir oyi uchun belgilangan patent boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Bu holda, apellatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish muddatlarining o‘tishi uzaytirish muddati davomida to‘xtatiladi.
Belgilangan patent boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasa, rasmiy iltimosnoma berilmagan deb hisoblanadi.
28. Apellatsiya kengashi a’zolari ish ko‘rib chiqilishida va qaror qabul qilishda mustaqildirlar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, O‘zbekiston Respublikasining intellektual mulk obyektlari muhofazasi sohasidagi xalqaro shartnomalariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizomga amal qiladilar.
29. Apellatsiya kengashida ishni ko‘rib chiqishda tijorat va xizmat sirlari oshkor etilishini oldini olish maqsadida, kengash ishtirokchilari istalgan birining rasmiy iltimosnomasi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish maxfiyligi haqida ajrim chiqaradi. Bu holda, kengash yig‘ilishiga kiritilgan ishtirokchilarning hammasi Apellatsiya kengashida ishni ko‘rib chiqish munosabati bilan o‘zlariga ma’lum bo‘ladigan tijorat va xizmat sirlaridan iborat bo‘lgan aniq ma’lumotlarning maxfiyligini saqlash haqida majburiyatni oladilar.
30. Apellatsiya kengashida ishni yuritish o‘zbek yoki rus tillarida olib boriladi. Ish yuritish olib boriladigan tilni tushunmaydigan shaxslarga materiallar bilan tarjimon orqali tanishish va Apellatsiya kengashi ishida qatnashish, shuningdek kengash yig‘ilishida o‘zbek yoki rus tillarida so‘zga chiqish huquqi bilan ta’minlanadi.
Apellatsiya kengashi yig‘ilishida audio- yoki videoyozuvi olib borilishi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-oktabrdagi 856-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizomning 15-bandiga ko‘ra amalga oshiriladi.
31. Apellatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish Apellatsiya kengashi raisining ishning mohiyatini bayon qiladigan ma’ruzasi bilan boshlanadi. Ishni ko‘rishning keyingi bosqichlari odatda quyidagilardan iborat bo‘ladi:
apellatsiya yoki ariza bergan shaxs va/yoki uning vakili, shu jumladan patent vakilining so‘zi;
ishga jalb qilingan ekspertning so‘zi;
ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning Apellatsiya kengashi a’zolari va yig‘ilish ishtirokchilarining savollariga javoblari;
ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan oldingi so‘zlangan nutqlarning to‘ldirilishi.
32. Apellatsiya kengashi yig‘ilishining bayonnomasi ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan Apellatsiya kengashi kotibi tomonidan olib boriladi.
Apellatsiya kengashi yig‘ilishining bayonnomasi Apellatsiya kengashi raisi va Apellatsiya kengashi kotibi tomonidan imzolanadi.
33. Ishni ko‘rib chiqishda har bir tomon o‘z talablarining asosi sifatida keltirgan dalillarni isbotlaydi.
Apellatsiyani ko‘rib chiqishda isbot va dalillar tomonlar va boshqa ishtirokchilar tarafidan yozma ravishda taqdim qilinadi hamda nusxasi barcha ishtirokchilarga tarqatiladi.
Agar taqdim qilingan isbotlar yetarli bo‘lmasa, Apellatsiya kengashi tomonlar va apellatsiya jarayonining boshqa ishtirokchilariga qo‘shimcha isbotlar taqdim etishni taklif qiladi.
34. Tomonlardan biri boshqa tomonning nuqtai nazari asosli va qonuniyligini yozma ravishda tan olgan hamda nizodan voz kechgan holda, Apellatsiya kengashi apellatsiya bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatadi. Apellatsiya kengashiga xuddi o‘sha tomonlar orasidagi o‘sha ish va o‘sha asoslar bo‘yicha takroriy murojaat etish ushbu ishni hal qilish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangidan paydo bo‘lgan holatlar aniqlanganda mumkin bo‘ladi.
35. Apellatsiya kengashi apellatsiyani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha apellatsiyani qanoatlantirish, qisman qanoatlantirish yoki apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Apellatsiya kengashi arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatini e’tirof etish to‘g‘risida yoki e’tirof etishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Tovar kelib chiqqan joy nomini ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan holda, Apellatsiya kengashi bir vaqtning o‘zida ushbu ro‘yxatdan o‘tkazilish bilan bog‘liq tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarni muddatidan avval to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.