1-kurs o\'zbek mutaxassislikka kirish majmua 2022-2023
Savol va topshiriqlar: Mustaqil fikrlash tushunchasiga berilgan quyidagi ta’rifga diqqat qiling: “insonning o‘z oldida turgan muammoni aniq belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiq holda bilimi hamda hayotiy tajribalariga tayanib, o‘z intellektual imkoniyati darajasida turli yo‘l, usul, vositalar yordamida, mustaqil ravishda hal qilishga qaratilgan aqliy faoliyatidir”. Uni qanday tushunganingizni birorta badiiy matnga tayangan holda asoslab bering. O‘qish darslarida o‘quvchilarni mustaqil mulohaza yuritiga yo‘naltirish borasida mulohaza yuriting.
Inson tafakkuri mustaqilligi darajasining belgilari – tashabbuskorlik, pishiqlik va tanqidiylik haqida o‘ylab ko‘ring. Ularni o‘z qarashlaringiz asosida, hayotiy yoki badiiy haqiqatlar misolida tahlil qiling.
Quyidagi fikrni o‘qing: “Maqsad, vazifalari o‘zga shaxslar tomonidan belgilab qo‘yilgan, tayyor usul va vositalarga tayangan holda boshqalarning bevosita yordami bilan amalga oshiriladigan jarayonda ishtirok etgan tafakkur fikr qaramligini anglatadi. Mustaqil tafakkurga ega bo‘lmagan kishilar tayyor qarashlar quliga aylanadilar. Ularning tafakkuri ...o‘sish-rivojlanishdan orqada qoladi. Mustaqil fikrlash rivojlanmagan hollarda kaltabin, aqlan erinchoq, behafsala, loqayd odam shakllanadi. Tafakkurning qaramligi, muteligi jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib, alohida odam uchun fojiadir”. Undagi kalit so‘zlarni alohida ajratib yozing. Har bir so‘zning mazmun-mohiyatini ochib bering. Olingan ko‘chirmadagi har bir jumlani alohida-alohida tahlilga torting. Mustaqil fikrga ega bo‘lmagan fuqarolar jamiyatining, alohida shaxsning fojiasi darajasi haqida birgalashib mulohaza yuriting.
Inson tafakkurining mustaqilligi darajasini o‘lchash mezoniga e’tibor qiling: “Ma’lum vaqt oralig‘ida mustaqil ravishda bajarilgan aqliy ish ko‘lami va sifati”. Siz buni qanday tushundingiz? Bo‘lajak o‘qituvchi sifatida o‘quvchilar bilimining mustaqilligi darajasini nimalarga asoslanib baholash to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Kursdoshlar o‘zaro muhokama qilib, bir asar misolida qarashlaringizni asoslang.
Quyidagi fikrga diqqatingizni qarating: “Ammo adabiy ta’limning o‘ziga xosligi shundaki, unda har bir o‘quvchi o‘z oldiga qo‘yilgan muammoni tegishli maqsad va vazifalarini belgilagan holda bilimi, hayotiy tajribasiga tayanib turli yo‘l, usul, vositalar yordamida mustaqil ravishda hal qilib, faqat o‘zining badiiy haqiqatini chiqarishi mumkin”. Bunga nima deysiz? Ona tili yoki matematika darslarida kelinadigan yagona haqiqat-xulosa bilan adabiyot darslarida qabul qilinadigan turfa haqiqatlar bir-biridan mazmunan qanday farq qiladi? Ularning mohiyatida, Sizningcha, nima yotadi? Ko‘chirmaning mazmunini sharhlang.
Italiyalik mutaxassis J. Rodarining: “Agar bolalarni mustaqil fikrlashga o‘rgatmoqchi bo‘lsak, eng avvalo, ularni ertaklar to‘qishga, sarguzashtlar tuzishga undash kerak. Fikrni faqat yangi, avval uchramagan, tortishuvlarga sabab bo‘ladigan masalalarga sarflash lozim. Zerikish – fikrning dushmani”, degan qarashlariga asoslanib buni amaliyotga tatbiq etish yo‘llari haqida o‘ylab ko‘ring. Siz, bo‘lajak o‘qituvchi, mazkur holatni qanday tashkil etgan bo‘lardingiz?
YUqorida: “Muallim tarbiyalanuvchilarni mantiqiy fikr yuritish usullari bilan tanishtirib borishi; qolipda fikrlashga yo‘l qo‘ymasligi, nafaqat darslik mualliflari, balki o‘rtoqlarining fikr-mulohazalarini takrorlamaslikka, ijodiy izlanishga etaklashi; o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olib, ularning aqliy imkoniyatlarini ishga sola bilishi; har bir o‘quvchi oldiga o‘ziga xos muammo qo‘ya olishi va uni echishga yo‘naltirishi; uchraydigan qiyinchiliklarni engishga odatlantirishi zarur”, degan fikr bor. Siz buni, bo‘lajak o‘qituvchi sifatida, qanday tasavvur qilasiz? Muallim zimmasiga qo‘yilayotgan har bir talabni alohida ajratib yozing. So‘ngra ularni tahlilga torting. Amalda qanday bajarish kerakligi haqida birgalashib mulohaza yuriting.
Lev Tolstoyning “bolani o‘qitishni bas qilish kerak”ligi haqidagi fikriga qanday qaraysiz? Unda o‘qituvchi, ya’ni Siz, darsda nima qilasiz? Bu haqda mazkur darslikdan o‘qib o‘rganganlaringiz bilimlarga tayanib mantiqli mulohaza yuriting. Tolstoyning qanchalar haq ekaniga o‘zingiz qanoat qiling. Xulosalaringizni kursdoshlar bilan o‘rtoqlashing.
Bo‘limda alohida ta’kidlangan: “O‘quvchining mehnati oson bo‘lishi kerak emas” degan fikrga o‘z munosabatingizni bildiring. Bu haqiqatga qo‘shilasizmi, yo‘qmi? Har ikkala holatda ham fikringizni asoslang.
Zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimiga xos bo‘lgan: “o‘quvchidagi ichki imkoniyatlarni uyg‘otib, uni o‘zi o‘qiydigan va o‘zini o‘zi tarbiyalaydigan qilish, bu jarayonda o‘zi tashabbuskor, ehtiyojmand bo‘lishiga erishish lozimligi hamda butun kuchni shunga yo‘naltirish” tarzidagi vazifalarning mohiyatiga kirishga urinib ko‘ring. Bularni boshlang‘ich adabiy ta’lim amaliyotida qanday tashkil etish mumkin deb o‘ylaysiz? Fikrlaringizni o‘rtoqlashing.
O‘quvchilarni kitob o‘qishga jalb qilish borasidagi taklif va mulohazalarga diqqat qiling. Ularni yana qanday tavsiyalar bilan boyitgan bo‘lardingiz?
T. Adashboevning 1-sinf “O‘qish kitobi” darsligidan o‘rin olgan “Qish” she’ri mazmuni yuzasidan tuzilgan savol va topshiriqlarga diqqat qiling. Ularni tahlilga torting. Munosabat bildiring.
“Mashrab g‘azallarida ilohiy ishq tavsifi” mavzusida tahlil-insho yozing. Insholarni birgalikda muhokama qiling. Xatolar ustida suhbatlashing.