KIRISH
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi mavjud imkoniyatlardan va xalqimizning qishloq xo‘jalik ekinlarini etishtirishda va ularni qayta ishlashda orttirgan bilim hamda tajribalardan foydalanish sharoitini yaratdi.
Keyingi yillarda Respublikamizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va yetishtirish bo‘yicha hamda qishloq xo‘jalik xom ashyolarini qayta ishlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilinib, amalda tadbiq etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomondan “Paxta ekin dalalarini qisqartirib, meva-sabzavot ekinlarining maydonlarini kengaytirish” va “meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlashni rivojlantirish”ga bag‘ishlangan qonunlari shular jumlasidandir.
Shu sababli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va ularni qayta ishlashni samarali tashkil etish aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga yordam beradi.
Respublikamizda oxirgi yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarida yuqori sifatli mahsulot olish usullarini, xususan, energiya tejamkor texnologiyalarining yangi turlarini ishlab chiqishga e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida «...iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish ... »1 vazifalari belgilab berilgan. Bu borada jumladan, o‘simlik mahsulotlarini quritish jarayonida mahsulot tarkibidagi kerakli komponentlarni saqlash, vaqt va energiyani tejash, samarali quritish usullari va texnologiyalarini yaratishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot ishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, respublikamizda tub iqtisodiy islohotlar orqali bozor munosabatlarini shakllantirishga kirishishda eng avvalo, uning strategik maqsadlari belgilanib olindi. Bu maqsadlar ichida “raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta’minlash” alohida ta’kidlab o‘tilgan. Iqtisodiy islohotlarning ustivor sanalgan yo‘nalishlarida ham quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin:
ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali tayyor eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish;
aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash;
mamlakatning eksport quvvatidan to‘la-to‘kis foydalanish, uni jadallik bilan rivojlantirish.
Bu borada respublikamizda qisqa muddat ichida ulkan ishlar amalga oshirildi va natijada O‘zbekistonga faqat xom ashyo zonasi sifatida qarashlarga barham berildi.
Sifatli yetishtirilgan mahsulotni tashish, saqlash va qayta ishlash mobaynida innovatsion texnologiyalardan foydalanish zamonaviy talablardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PF-5388-son «O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2018 yil 26 apreldagi PQ-3680-son «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2018 yil 12 yanvardagi 24-son «Ilmiy-innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2017 yil 6 yanvardagi PQ-2716-son «2017-2018 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va chuqur qayta ishlash quvvatlarini tashkil etishni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi, farmon va qarorlari hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu ma’ruzalar matni ham muayyan darajada xizmat qiladi.
So‘nggi 5 yilda mamlakatda oziq-ovqat sohasini jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash uning xom ashyo bazasini kengaytirish va mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini berdi. Jumladan, meva-sabzavot va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish 1,6 baravarga, go‘sht mahsulotlari – 1,4 baravarga, sut mahsulotlari – 1,4 baravarga oshdi. Bugungi kunda respublikada 9760 dan ortiq oziq-ovqat korxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yilga o‘rtacha 1,74 mln.tonna meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan 270 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, shuningdek, 479 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash quvvatiga ega sovutish kameralari bilan jihozlangan 994 ta zamonaviy sig‘imlar mavjud.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish seryog‘in bahor va jazirama yoz oylariga to‘g‘ri keladi. Shu boisdan bu mahsulotlarni imkoniyati boricha, nobud qilmasdan yig‘ib olish va birlamchi qayta ishlashni to‘g‘ri tashkil qilmasdan turib, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘liq ta‘minlab bo‘lmaydi. Dala ekinlarining hosili ortib borgan sari ularni saqlash va qayta ishlash ham takomillashib, yangi zamonaviy omborxonalar va qayta ishlash korxonalari bunyod etilmoqda.
Bugungi kunda mahsulotlarini yetishtirish, tashish, saqlash va qayta ishlashni fan-texnika yutuqlaridan ilmiy asosda foydalanib, ishlab chiqarishning ilg‘or tajribalariga tayangan holda ish ko‘rilsa, noz-neg‘matlar isrofgarchiligi ancha kamayadi. Xalqaro qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma‘lumotlariga qaraganda, Jahon bo‘yicha mahsulotlarning isrof bo‘lishi 6-10 foizdan oshmaydi. Bizda bu ko‘rsatkich, bag‘zan 15-20 foizni tashkil etadi, bunga sabab birinchi navbatda bizning iqlim sharoitimiz bo‘lsa, ikkinchidan ularni o‘z vaqtida qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmasligidadir.
Ayni davrgacha dala ekinlarini yetishtirish, tashish, saqlash va qayta ishlash masalalari ilmiy asosda yetarlicha o‘rganilmagan bo‘lib, bu soxadagi fan-texnika yangiliklari va ilg‘or tajribalar ishlab chiqarishga yetarli darajada keng joriy etilmayapti. Mavjud omborxona va qayta ishlash korxonalari iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurilgan.
Hozirgi zamon qishloq xo‘jaligi mutaxasislari, fermerlar, chorvadorlar dala ekinlari, jumladan ildiz mevalarni va qand lavlagini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘lishlari shart.
Dostları ilə paylaş: |