Ildiz mevali ekinlarni parvarishlash. Yer tanlash. Ildiz mevali ekinlar organik moddalarga boy, o‘tloq tuproqli hamda o‘g‘itlangan qumoq yoki yengil soz bo‘z tuproqli yerlarda yaxshi o‘sadi. Botqoq va sho‘r yerlarni ko‘pchilik ildiz meva o‘simliklar unchalik yoqtirmaydi. Lekin lavlagi og‘ir soz tuproqli yerlarda boshqa ekinlarga qaraganda yaxshiroq o‘sadi. Lavlagi bir oz sho‘rlangan yerlarga ekib ham durustgina hosil olsa bo‘ladi.
Almashlab ekishdagi o‘rni.Barcha ildiz mevali ekinlar ayniqsa, sabzi va boshqa soyabonguldoshlarga mansub o‘simliklar o‘suv davrining dastlabki paytlarida juda sekin o‘sadi va begona o‘tlar bosib ketadi. Shu sababli almashlab ekishda shunday ekinlarni tanlash kerakki, ulardan keyin dala begona o‘tlardan toza bo‘lsin. O‘zbekistonda ildiz mevalari ekinlarni yozda ertagi ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekish maqsadga muvofiq.