Cho`ktirish jarayonini hisoblashda 3.4 paragrafda keltirib chiqarilgan, ya’ni qattiq zarrachalarni suyuqliklarda cho`kishini ifodalovchi tenglama va qonuniyatlar qo`llaniladi.
Changlarni (dag`al tozalash uchun) tozalash uchun davriy va uzduksiz ishlaydigan qurilmalardan foydalaniladi. Chang cho`ktirish kamerasi bu turdagi asosiy qurilmalardan biridir.
Chang cho`ktirish kamerasi ichida gorizontal tokchalar joylashtirilgan bo`lib, to`g`ri to`rtburchak shakldagi asosiy qismdan iborat (3.27-rasm).
Chang, rostlovchi klapan 3 orqali so`rish kanali 6 ga kiradi va gorizontal tokchalar 4 orasiga taqsimlanadi. Tokchalar orasidagi masofa 100...4000 mm bo`ladi.
Tokchalarning asosiy vazifasi chang zarrachalari cho`kish masofasini qisqartirishdir. Undan tashqari, tokchalar borligi cho`kish yuzasini ko`payishiga olib keladi. Tokchalar orasida chang harakat qilganda, chang oqimining yo`nalishi o`zgaradi, bu esa uning tezligini kamayishiga olib keladi. Natijada qattiq zarrachalar ularning yuzasida cho`kib qoladi. Tozalangan gaz esa, chiqish kanali orqali tashqariga yo`naladi. Qurilma kamerasida chang gaz oqimining tezligi cho`kish vaqti bilan chegaralanadi.
Cho`ktirish kamerasida chang gaz oqimining harakati vaqtida qattiq zarrachalar tokchalar yuzasiga cho`kib ulgurishi kerak.
Tokchalarga yig`ilib qolgan changlar vaqti - vaqti bilan kurakchalarda olib tashlanadi yoki suv bilan yuviladi. Chang cho`ktirish kamerasi navbatma-navbat ishlaydigan ikki bo`limdan iborat. Birinchi bo`lim chang (qattiq zarrachalar)dan tozalansa, ikkinchisida esa, shu vaqtda gazni tozalash jarayoni boradi va natijada qurilmaning uzluksiz ishlashiga erishiladi.
Chang cho`ktirish kamerasining ishchi yuzasi (3.41) tenglama yordamida hisoblanadi. Bunda xch= 1 deb qabul qilish mumkin.
Chang cho`ktirish kamerasida faqat gazlardan yirik zarrachalarni ajratish mumkin, ya’ni dag`al tozalash uchun qo`llash maqsadga muvofiqdir. Shuning uchun, bu turdagi qurilmalar dastlabki tozalash uchun, ya’ni qattiq zarrachalar o`lchami 100 mkm dan katta bo`lgan gazsimon turli jismli sistemalarni ajratish uchun mo`ljallangan. Qurilmaning tozalash darajasi - 30...40%.
Hozirgi kunda ushbu turdagi qurilmalar qo`polligi va samadorligi past bo`lgani uchun zamonaviy va mukammal tozalash qurilmalari bilan almashtirilmoqda.