Jarayonning fizik asoslari. Elektr maydon ta’sirida gazlarni tozalash elektr razryadi yordamida gaz molekulalarining ionizastiya qilinishiga asoslangan.
Agar, gaz yuqori kuchlanishli o`zgarmas tokga ulangan ikki elektrod orasida hosil bo`lgan elektr maydoniga gaz yuborilsa, uning molekulalari ionizastiyaga uchraydi, ya’ni musbat va manfiy zaryadlangan zarrachalarga ajraydi. Natijada ular kuch chiziqlar yo`nalishida harakat qilib boshlaydi. Zaryadlangan zarracha tezligining vektor yo`nalishi, uning musbat yoki manfiyligiga bog`liq bo`lsa, harakat tezligi esa - elektr maydoni kuchlanganligi bilan belgilanadi.
A gar elektr maydon kuchlanganligini 10000V dan oshirsak, ion va elektronlar kinetik energiyasi shunchalik kattalashadiki, harakat yo`lida uchragan gazning barcha neytral molekulalarini musbat ion va erkin elektronlarga parchalaydi. Yangidan hosil bo`lgan zaryadlar ham o`z harakat yo`nalishida gazlarni ionizastiyaga duchor qiladi. Natijada to`xtovsiz ravishda ion hosil bo`ladi va hamma gaz ionizastiyalanadi. Bunday jaraen zarbali ionizastiya deb nomlanadi.
Gaz to`liq ionizastiyaga uchraganda, elektrodlar orasida elektr razryadi paydo bo`lishi uchun sharoitlar yaratiladi. Agar, elektr maydon kuchlanganligi yanada oshirilsa, uchqun sakrab o`tishi, keyin esa elektr o`tishi va elektrodlar qisqa tutashuvi bo`lishi mumkin. Bunday hodisalar oldini olish uchun turli jinsli elektr maydoni hosil qilinadi.
Buning uchun, truba o`qidan yoki ikki parallel plastinalar orasida tortilgan ingichka simlar ko`rinishida elektrod yasaladi.
Sim oldida elektr maydon kuchlanganligi juda yuqori bo`lib, truba yoki plastina tomonga yaqinlashgan sari kamayib boradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, truba yoki plastina oldidagi maydon kuchlanganligi shundayki, uchqun va elektr o`tish hodisalari ro`y bermaydi.
To`liq ionizastiyaga oid maydon kuchlanganligida elektrodlar orasida "tojli" razryad hosil bo`ladi. Bunda butunlay ionizastiyaga uchragan gaz qatlami cho`g`lanib, nur va charsillangan ovoz chiqaradi. "Toj" hosil qiladigan elektrod "tojli" elektrod deb nomlanadi. Truba yoki plastina ko`rinishidagi qarama-qarshi zaryadlangan elektrod - cho`ktiruvchi elektrod deb ataladi.
"Tojli" elektrod manfiy, cho`ktiruvchi esa - musbat qutbga ulanadi. Bunday holatlarda elektrodlarga juda yuqori kuchlanish berish mumkin. "Toj" hosil bo`lishi bilan ikkala ishorali ion va erkin elektronlar paydo bo`ladi. Elektr maydon kuchlanganligi ta’sirida ionlar "tojli" elektrod tomon harakat qiladi va unda neytrallanadi.
Manfiy ion va erkin elektronlar cho`ktiruvchi elektrod tomon yo`naladi. Yo`l-yo`lakay chang va tomchilar bilan to`qnashib, ularga o`z zaryadini o`tkazadi va cho`ktiruvchi elektrod tomon olib ketadi. Natijada chang yoki tuman zarrachalari shu elektrodda cho`kadi. Gazdagi chang zarrachalarining asosiy qismi manfiy zaryadlanadi, chunki musbat ionlarga qaraganda harakatchan manfiy elektron va ionlar cho`ktiruvchi elektrodga etguncha katta masofani bosib o`tadi. Shuning uchun ham, gazdagi zarrachalar bilan ularning to`qnashishi ehtimoli katta. Faqat "tojli" elektrod atrofidagi musbat zaryadlangan ionlar bilan to`qnashganda, chang yoki tuman zarrachalarining kichik bir qismi "tojli" elektrodda cho`kadi. Manfiy zaryadlangan ionlar, chang yoki tuman zarrachalari cho`ktiruvchi elektrodga etganda, unga o`z zaryadini beradi va og`irlik kuchi ta’sirida cho`kadi. Bunday cho`ktirish jarayoni elektrofiltrda olib boriladi.
Elektrodlarga o`tirib qolgan chang zarrachalarining zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida, vaqti-vaqti bilan elektrodlarga o`tirib qolgan zarrachalar silkitib tushiriladi yoki elektrofiltrga kiritilishdan avval changli gaz namlanadi (o`tkazuvchanligini oshirish uchun). Lekin, gazning temperaturasi shudring nuqtasidan pasayib ketishi mumkin emas.
Changli gazlar tarkibidagi qattiq zarrachalarni elektr maydoni ta’sirida tozalash, boshqa usullarga qaraganda ko`pgina afzalliklarga ega. Cho`ktirish qurilmalarida, ya’ni siklon, engli filtr, skrubberlarda og`irlik va markazdan qochma kuch ta’sirida mayda zarrachalarni ajratib bo`lmaydi.
Turli jinsli gaz aralashmalarini elektr maydon ta’sirida ajratish elektrodlarda amalga oshiriladi. Chang va tutunlarni tozalash uchun quruq, tumanlarni tozalash uchun esa - ho`l elektrofiltrlar qo`llaniladi.