Reja:
Romantizm adabiyoti va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida.
Romantizm adabiyoti vakillari va ijodi.
Jorj Gordon Bayron ijodi. “Don Juan” she’riy romani.
Viktor Gyugo hayoti va ijodi.
Romantizm (fr. romantique, ingl. romantic) – yevropa adabiyotida XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmida yetakchilik qilgan adabiy yo‘nalish. Etimologik jihatdan termin ispancha “romance” so‘zi bilan bog’liq bo‘lib, XVIII asrda kitoblardagina uchratish mumkin bo‘lgan g’ayritabiiy, ajabtovur, fantastik narsalarning bari shu so‘z bilan yuritilgan. Darhaqiqat, romantizm adabiyoti yaratgan badiiy olamni shunday so‘z bilan nomlashga yetarli asos bor edi. Zero, romantizm mavjud voqelikdan qoniqmaslik tufayli, ma’rifatchilikka xos olam (odam va jamiyat)ni aql bilan raso holga keltirish g’oyasiga ishonchning barbod bo‘lishi natijasi o‘laroq yuzaga kelgan bo‘lib, “reallikdan qochish”ga, real olamdan ko‘ra mukammalroq olam yaratishga intiladi. Romantizm klassitsizmga xos “tabiatga taqlid” va undan kelib chiquvchi haqiqatga monandlik talablarini inkor qiladi, uning uchun badiiy reallik mavjud reallikdan haqqoniyroqdir. Mavjud voqelikdagi tussizlikdan bezgan romantizm vakillari, ko‘pincha, ko‘hna o‘tmishdan ma’ni izlashadi (mas., V.Skott, V.Gyugo, A.Dyuma romanlari), ular tasvirlagan voqea-hodisalar aksar uzoq, ekzotikaga boy yurtlarda kechadi va sh.k.
Romantizm adabiyotining umumlashtirish prinsipi – ideallashtirish, u voqelikka boqiy va mutlaq ideallar asosida yondashadi, shuning uchun ham romantizmda voqelik bilan ideal orasidagi nomutanosiblik yaqqol ko‘rinadi, ularning ziddiyati o‘ta keskin namoyon bo‘ladi. Natijada romantizm adabiyotida olam ikkiga ajraladi, ikkisi – ideal olam bilan mavjud olam alohida yashaydi. Romantizm adabiyotining bosh ziddiyati – ezgulik va yovuzlik kurashi, unga ko‘ra, yovuzlik ham, unga qarshi kurash ham birdek boqiydir. Ya’ni bu kurash yovuzlikni ildizi bilan yo‘qotishu olamni tubdan o‘zgartirishga ojiz, qo‘lidan keladigani – yovuzlikning olamda mutlaq hokim bo‘lishiga yo‘l bermaslik, xolos. Yovuzlikka qarshi kurashayotgan betakror shaxs – romantizm adabiyotining bosh qahramoni. Romantizm adabiyotga o‘zining yangicha shaxs konsepsiyasi bilan kirib keldi. Uning uchun shaxs – alohida olam. Shaxsning sirli va adadsiz ichki olami romantizm adabiyotining markaziy muammosiga aylanadi. Romantizm shaxsdagi betakror individual xususiyatlarga urg’u beradi, asosiy e’tiborni uning ichki olamidagi ziddiyatlar, qalbiyu ongidagi izohlash mushkul harakatlar, g’ayrishuuriy holatlarga qaratadi. Mavjud voqelikdagi maishat quliga aylanib borayotgan odamlarga zid o‘laroq, romantizm adabiyoti muhabbatiyu nafrati, mehriyu qahri cheksiz, yuksak tuyg’ularga, iztirobli o‘ylovlaru o‘zini beshafqat taftish qilishga qobil qahramonni yaratadi. Bu qahramon olam sir-sinoatini anglashga ojizligidan iztirob chekadi, mavjud voqelik sog’lom aqlga nomuvofiq ekani, o‘zining shaxsiy erkiga daxl qilayotganidan iztirobga tushadi. Romantizm adabiyotining qahramoni shaxsiy erkini, insonlik sha’nini yuksak qadrlaydi, ularga qarshi har qanday harakatga butun vujudi bilan qarshi turadi.
Shaxsga bu xil qarash romantizmning ijodkor shaxsga munosabatida ham o‘z aksini topadi. Ijodkorni muayyan qoidalar bilan cheklagan klassitsizmdan farqli o‘laroq, romantizm tom ma’nodagi ijodiy erkinlik tarafdori, u har qanday cheklovlarni inkor qiladi. Shuning uchun romantizm nazariyotchilari adabiy tur va janrlar orasiga qat’iy chegara qo‘ymaydilar, adabiyotning boshqa san’at turlari bilan sintezlashuvi yoki konkret badiiy asarda turli estetik belgilar (tragizm va komizm, tuban va yuksak va b.)ning qorishiq holda namoyon bo‘lishini tabiiy hol deb biladilar. Ular badiiy asarni tirik organizmga qiyos qiladilar, badiiy shakl mazmundan tabiiy ravishda o‘sib chiqadi va u bilan uzviy bog’liq holda yashaydi deb tushunadilar. Ya’ni bunda ham normativ xarakterdagi poetikaga oid qo‘llanmalarda qat’iy belgilangan me’yorlarni inkor qilish, ijodkorning yaratuvchilik huquqini e’tirof etish kuzatiladi. Romantizm adabiyotni tarixiy roman, fantastik qissa, liro-epik poema kabi janrlar bilan boyitdi; ifodada metaforiklik, yuksak darajadagi assotsiativlik va shu asosda ko‘p ma’nolilikka intilgani sabab badiiy tilning ifoda imkoniyatlarini kengaytira bildi. Romantizm badiiy tafakkur rivojida sezilarli iz qoldirdi, uning an’analari simvolizm, ekspressionizm, syurrealizm singari oqimlar tomonidan ijodiy o‘zlashtirildi, romantik pafos adabiyot va san’atga xos estetik belgilardan biri bo‘lib qoldi.
Dostları ilə paylaş: |