G'ovaklik. Cho'kindi tog' jinslaridagi g'ovaklik juda katta amaliy ahamiyatga ega bo'lib, (neft geologiyasida, gidrogeologiyada va muhandislik geologiyasida) juda muhim tashqi belgilardan biri hisoblanadi. G'ovaklik bir necha xil omillarga bog'liqdir. Bularga jins tashkil qiluvchi donachalarning kattaligi, sementning miqdori va zichligi (ayniqsa qum-toshlar uchun) va jinsning ayrim qismi va uni tashkil qilgan zarrachalarni eritmalarda yuvilishi (ohaktoshlar, dolomitlar va boshqalarda) kiradi. Jinslarni g'ovaklik darajasiga qarab quyidagicha ajratish mumkin:
a) zich jinslar - g'ovaklari oddiy, ko'zga ko'rinmaydi;
b) mayda g'ovakli jinslar - g'ovaklari mayda-mayda
ko'rinadi;
d) yirik g'ovakli jinslar - g'ovaklari 0,5-2,5 mm;
e) ilma-teshik (kavernoz) g'ovak jinslar (ko'pincha ohaktoshlarda va dolomitlarda uchraydi) - katta kovaklari murakkab bo'shliqqa o'xshaydi. Ular erib ketgan chig'anoqlarni, shuningdek jinsning ayrim qismlarida saqlanib qolgan bo'shliqlarni eslatadi. Jinsning hajm birligi, uning g'ovaklik darajasiga bog'liqdir.
Bo'lakli jinslarning tasnifi bo'laklarining katta-kichikligiga, shakli va qanchalik sementlanganligiga asoslangan. Bu belgilar jinslarning tashqi ko'rinishini belgilash bilan bir vaqtda, ularning hosil bo'lish sharoitini ham aks ettiradi
Cho'kindi bo'lakli jinslar bo'laklarining kattaligiga qarab quyidagi asosiy guruhlarga bo'linadi (4- jadval).
a) dag'al bo'lakli (psefit) jinslarni bo'laklari 2 mm dan katta ;
b) qumli (psammit) jinslar zarrachalari 2 mm dan 0,1 mm gacha bo'ladi;
d) alevritda zarrachalar 0,1 mm dan 00,01mm gacha bo'ladi;
e) gilli (pelit) jinslarning zarrachalari 0,01 mm dan kichik bo'ladi.
Bo'laklarning shakli va kattaligiga qarab jinslarning turlarga bo'linishi