Alevrit va alevrolit Alevrit bo'shoq jins bo'lib, uning sementlangan turini alevrolit deyiladi. Ularning kelib chiqishi, tarkibiy qismi qum va qumtoshlarga o'xshash bo'lib, ulardan jins tashkil qiluvchi bo'laklarning maydaligi (0,01- 0,1 mm) bilan farq qiladi. Ular donalarning katta-kichikligiga qarab yirik (0,05 - 0,1 mm) va mayda (0,05 - 0,1 mm) donali, mineral tarkibiga ko'ra - monomineral, oligomiktli va polimiktli turlarga bo'linadi.
Gil Gillar cho'kindi jinslar orasida keng rivojlangan bo'lib, kishi hayoti uchun katta ahamiyatga ega. Ular fizikaviy xususiyatlari, hosil bo'lishi va mineral tarkibiga ko'ra tasniflanadi. Fizikaviy xususiyatiga ko'ra ular ikki turga bo'linadi: gil va argillit.
Gil suvda ivib yopishqoq, xamirsimon modda hosil qiladi va o'ziga berilgan shaklni saqlab qoladi. Xumdonda qizitilganda toshdek qattiq va pishiq holga keladi. Gil yuqori darajada umumiy (50-60% ) va past effektiv g'ovaklikka ega, o'tkazuvchanlik xususiyatiga ega emas. Argillit suvda bo'kmaydi. U gilning zichlanishi, mikrog'ovaklarning kamayishi (1-2%), kolloidal cho'kmalarning suvsizlanishi, gil minerallarining qayta kristallanishi, gravitatsion yoki tektonik bosim va boshqa jarayonlar ta'sirida hosil bo'ladi.
Gillar hosil bo'lish sharoitiga ko'ra ikki turga bo'linadi: bo'lakli va kimyoviy. Bo'lakli gillar tog' jinslarining fizikaviy yemirilishi va qayta yotqizilishi mahsulidir. Jinsni tashkil qiluvchi bo'laklarning kattaligi 0,01 mm dan kichik bo'ladi. Ular daryo, ko'l, botqoqlik, laguna va dengiz sharoitida hosil bo'ladi. Kimyoviy gillar jinslar kimyoviy nurash mahsulotlarining suv havzalarida cho'kmaga tushishidan hosil bo'ladi. Ular murakkab tarkibli bo'lib, gilsimon minerallardan (kaolinit, gidroslyuda, montmorillonit va boshqalar) tashqari temir gidrooksidi, karbonatlar, sulfatlar va boshqa autigen minerallarda uchraydi. Jinsni ikkinchi darajali qismini alevrit va qum donachalari tashkil qiladi. Ularning miqdori ayrim hollarda 50 % gacha yetadi. Gilsimon minerallarning necha turi jins tarkibida uchrashiga asoslanib, oligomiktli, polimiktli gillarga bo'linadi.
Oligomiktli gillarda bir gil minerali ( 80-90 % ) ko'proq uchraydi. Ular orasida gidroslyudali, kaolinitli va montmorillonitli turlari keng tarqalgan.
Gillar boshqa cho'kindi jinslardan eguluvchanlik xossasi bilan ajralib turadi. Bu xususiyat gillarning montmorillonit turiga ko'proq xosdir. Gidroslyudali gillar sariq-yashil, kulrang, jigarrang yoki qo'ng'ir tusdagi jinsdir. Bu gilllarda ko'p miqdorda boshqa mineral bo'laklari uchrashi mumkin. Gillar strukturasi pelitli. teksturasi qatlamli va qatlamsiz bo'ladi. Qatlamli tekstura keng tarqalgan bo'lib, ular ko'proq gorizontal qatlamlidir. Qatlamsiz teksturaning quyidagi turlari mavjud: xol-xol, setkasimon, konglomeratsimon, brekchisimon va boshqalar.
Gillarning yotish sharoiti turlicha. Ular har xil qalinlikdagi va uzunlikdagi qatlamlar va linzalar hosil qiladi. Gillar tog' yonbag'rida, soylarda, daryo vodiylarida va dengizning shelf qismida hosil bo'ladi.