Varaqsimon (qat-qat) silikatlar. Varaqsimon silikatlarga kristall strukturalarida [SiO4] tetraedrlarining uzluksiz qavati bor bo'lgan minerallar kiradi. Ular bitta to’tash qatlam ko'rinishida ulangan lentalardan tuzilgan. Bu kichik sinfga bir tomonlama juda mukammal ulanishli, varaqsimon minerallar kiradi. Bunday minerallarning qat-qat kristall strukturasi, ularning ulanishi yuzasiga juda mos keladi. Qat-qat silikatlar tarkibiga Si va O dan tashqari qatlamlarni biriktiruvchi K, Na, Ca elementlari, shuningdek A1 hamda doimo gidroksil (OH), yoki F kiradi.
Varaqsimon silikatlarga talk, serpentin va kaolinit, alyumosilikatlarga esa slyudalar (muskovit va biotit), xloritlar va gidroslyudalar kiradi. Gidroslyudalardan glaukonit katta ahamiyatga ega. Varaqsimon silikatlar va alyumosilikatlar magmatik va metamorflashgan tog’' jinslarining juda ko'p tarqalgan minerallari hisoblanadi. Bunga dengizda hosil bo'ladigan glaukonit kirmaydi. Ko'pchilik varaqsimon minerallarning qattiqligi kam (1-4) bo'ladi.
Talk - Mg3[Si4O10][OH]2. Varaq-varaq, tangacha, ko'pincha yog'li tosh, yoki kuloltosh deb ataladigan zich massalar holida uchrashi xosdir. Rangi och-yashil yoki sarg'ish, yashilroq . Sadaf kabi tovlanib turadi. Qattiqligi Moos shkalasida 1. Qo'lga yog'dek seziladi. Varaqlari egiluvchan. Ulanish tekisligi o’ta mukammal.
Talk o'ta asos tog’' jinslarining metamorflashgan - qayta o'zgarishidan hosil bo'ladi.
U rezina, qog'oz sanoatida, tibbiyotda va boshqa sanoat tarmoqlarida qo'llaniladi.
Serpentin - Mg6[Si4O10][OH]8. Tarkibida magniyning ko'pligi kremniyning kamligi bilan talkdan farq qiladi. Faqat serpentindan iborat bo'lgan yashil, targ'il rang tog’' jinsini serpentinit deb yuritiladi. Serpentinning ipakdek yaltirab turadigan ingichka tolali xili asbest deyiladi Asbest o'tga juda chidamli bo'ladi. Serpentinnitlar olivinli, ba'zan piroksenli va rogovaya obmankali jinslarning metamorfizmga duchor bo'lishidan hosil bo'ladi. O'zbekistonda ular janubiy Farg'onada ko'plab uchraydi. To'g'ri tuzilgan kristallar tarzida hech uchramaydi. U ko'pincha buqilgan, siljish alomatlari saqlangan zich yaxlit massalar holida uchraydi. Rangi to'q-yashil, qoramtir yashil, ba'zan qo'ng'ir-yashil bo'ladi. Shishasimon yaltiroq , yog'langandek, mo'msimon bo'ladi. Xloritga o'xshagan varaq-varaq turi antigorit deb yuritiladi. U kulrang ba'zan ko'kimtir bo'ladi.
Serpentinlar qoplamtosh sifatida, turli zeb-ziynat buyumlari yasash uchun ishlatiladi.