Aralash bo'lakli jinslar Tabiatda gillar bilan qumlar orasida o'tar jinslar mavjud. Ularni tasnif qilganda jins tarkibidagi qum, alevrit va gil bo'laklarining miqdori hisobga olinadi. Gil zarrachalarining miqdori 30 % dan ko'p bo'lsa, jins gil deyiladi. Ularning miqdori 10-30 % bo'lsa - suglinok, 5-10 % -supes, 5% dan oz bo'lsa, alevrit va qum deyiladi.
Aralash jinslar allotigen minerallar: kvars, dala shpati, slyuda va gil zarrachalaridan tashkil topgan. Ozroq miqdorda sirkon, turmalin, granat, magnetit, gematit uchraydi. Autigen minerallarni karbonatlar (asosan kalsit), gil minerallari (gidroslyuda, montmorillonit, ozroq kaolinit), temir oksidlari, gidrooksidlari va ozroq sulfatlar (gips) tashkil qiladi.
Aralash jinslarning strukturasi alevro-pelitli, psammo-alevritli, psammo-alevro-pelitli bo'lib, teksturasi qatlamsiz, ayrim hollarda qatlamlarni tashkil qilishi mumkin.
Aralash tog' jinslariga yana lyoss va lyossimion jinslar kiradi. Ular mineral tarkibi va zarrachalarning katta-kichikligiga qarab suglinokka to'g'ri keladi. Markaziy Osiyo lyossining paydo bo'lishini V.A.Obruchev eol jarayoniga bog'lab, uning xususiyatlarini changdan paydo bo'layotgan vaqtda, unumdor tuproq paydo bo'lish jarayonida vujudga kelgan deb ta'kidlagan. V.A.Obruchev lyosslarni o'rganib, ular har xil yo'l bilan hosil bo'ladi, degan xulosaga keldi. U lyosslarni quyidagi turlarga bo'ladi: alyuvial, delyuvial, prolyuvial, tuproq, muzlik, dengiz va ko'l.
Nazorat savollari:
1. Cho'kindi bo'lakli jinslar necha turga bo'linadi?
2. Bo'lakli cho'kindi jinslar qanday ajratiladi?
3 Psefitlarga qanday jinslar kiradi?
4. Konglomerat, brekchiya va gravelitlarni ta'riflab bering.
5. Qumtooshlarga qanday belgilar xos?
6. Alevrolitlarni ta'riflab bering.
11- AMALIY MASHG’ULOT BO’LAKLI, ORGONOGEN VA XIMOGEN TOG’ JINSLARI
Karbonat tog' jinslari Karbonat tog' jinslari kimyoviy jinslar orasida keng tarqalgan bo'lib, ularga ohaktosh, dolomit, siderit, magnezit va har xil aralash tog' jinslari kiradi. Ular yuz, hattoki ming metrgacha bo'lgan qatlamlarni, linzalarni va konkretsiyalarni tashkil qiladi.
Karbonatli tog' jinslari hosil bo'lishiga (genezisiga) ko'ra kimyoviy, biokimyoviy va bo'lakli turlarga, mineral tarkibiga qarab kalsitli, dolomitli, magnezitli, sideritli va aralash jinslarga bo'linadi.
Karbonat tog' jisnlarining strukturasi ularning genezisiga ko'ra har xil bo'ladi. Karbonatli bo'lakli tog' jinslarining strukturasi psefitli, psammitli, alevritli, organogen jinslarniki-biomorfli va detrusli, kimyoviy turlariniki-pelitomorfli, kristall donali, oolitli, pizolitli bo'lishi mumkin. Jinslarning teksturasi qatlamli, xol-xol, ayrim turlari esa tartibsiz.
Ohaktosh karbonat tog' jinslari orasida eng ko'p tarqalgan bo'lib, kalsitdan tashkil topgan. Ohaktoshning rangi tarkibidagi qo'shimchalarga bog'liq bo'lib, u oq, kulrang, ayrim hollarda qora bo'ladi. Kimyoviy ohaktoshlarning pelitomorfli, mikrodonali, oolitli, pizolitli turlari mavjud. Pelitomorfli ohaktoshlar juda mayda (<0,0005 mm) kalsit donachalaridan tashkil topgan. U zich, mustahkam, afanit jins bo'lib, chig'anoqsimon sinadi. Oolitli ohaktoshlar konsentrik radial-nursimon yoki sferik shaklga ega bo'lgan kalsitdan tashkil topgan. Oolitlar millimetrning ulushidan tortib bir necha millimetrgacha bo'lishi mumkin. Ularning miqdori jinslarning ayrim turlarida sementdan (kalsit) ko'p, ayrim hollarda esa oz bo'ladi. Oolitli ohaktoshlar dengizning litoral zonasida sedimentogenez bosqichida, ularning ma'lum qismi diagenez bosqichi davrida hosil bo'ladi.
Kimyoviy ohaktoshlarga buloq atroflarida hosil bo'ladigan ohakli tuflar ham kiradi. Ular g'ovakli jins bo'lib, pelitomorf va mikrodonalidir.
Kimyoviy ohaktoshlar katagenez va metagenez jarayonida qayta kristallanadi. Kalsit donalarining o'lchami 1 millimetrga yetishi va ortishi ham mumkin.
Organogen ohaktosh keng tarqalgan. Ular har xil umurtqasiz organizmlarni butun yoki singan ( marjon, braxiopoda, mshanka, gastropoda, krinoid, fuzulina (20-rasm a, b), numulit va boshqalar) bo'laklaridan tashkil topgan. Jins tarkibida yana kimyoviy kalsit va boshqa qo'shimcha minerallar uchraydi. Organogen ohaktoshlar ayrim joylarda riflarni tashkil qiladi. Ular cho'kindi jinslar orasida har xil shakldagi geologik jismlar holida uchraydi. Rif jismlari stolbsimon va linzasimon shakllarni tashkil qilib, ularning qalinligi 100 metrga yetishi mumkin.
Bo'r organogen ohaktoshlarning turi bo'lib, kuchsiz sementlangan oq jins, u asosan kokkolitoforid va foraminifer qoldiqlaridan tashkil topgan. Ularning miqdori 70-80 % gacha yetib, qolgan qismini kukunsimon kimyoviy kalsit tashkil qiladi. Oz miqdorda gil minerallari va bo'laklar uchraydi.
Bo'lakli ohaktoshlar qadimiy ohaktoshlarning fizikaviy nurashi mahsulidir. Bo'laklar har xil darajada silliqlangan bo'lishi mumkin.
Dolomit deb dolomit mineralidan tashkil topgan tog' jinsiga aytiladi. Dolomit minerali kalsit mineraliga o'xshash bo'lib, undan romboedrik kristallari bilan ajralib turadi. Dolomit jinsining tashqi ko'rinishi ohaktoshni eslatadi. Xlorid kislotasi ularga har xil ta'sir etadi. Ohaktoshga xlorid kislotasi tomizilganda u reaksiya beradi, dolomitga esa ta'sir etmaydi.
Bo'lakli dolomit silliqlangan yoki qirrali dolomit bo'laklaridan tashkil topgan. Bo'laklar dolomit yoki kalsit bilan sementlanadi. Jins tarkibida qo'shimcha material shaklida har xil terrigen minerallar uchrashi mumkin. Bo'lakli dolomitlar kimyoviy dolomitlarning qalin qatlamlari orasida qatlam va linza shaklida uchraydi. Ular dolomit qatlamlarining dengizning qirg'oqqa yaqin yoki sayoz qismida qayta yuvilishi jarayonida hosil bo'ladi.
Organogen dolomitlarda har xil organizm qoldiqlari uchraydi. Organizm qoldiqlari koral, braxiopoda, mshanka va boshqalar bo'lib, ular pelitomorf yoki donali dolomit bilan sementlangandir. Sementda ma'lum miqdorda kalsit uchrashi mumkin.
Kimyoviy dolomit pelitomorf, mayda donali jins bo'lib, ayrim hollarda oolit tuzilishga egadir. Pelitomorf dolomitlarda organizm qoldiqlari uchramaydi. Jins tarkibida qo'shimcha mineral shaklida angidrit va gips, ayrim hollarda gil minerallari bo'ladi.