QATLAMNING QIYA HOLATDA YOTISHI Qatlamning qiya joylashishi tektonika buzilishining eng oddiy turi hisoblanadi.
Qatlamning ma'lum bir maydonda bir tomonga nishab tortishi va doimiy bir xil qiya burchakka ega bo'lishi qiya yoki monoklinal yotishi deyiladi.
Agar bunday qiya yotishlar uzoq masofalarga cho'zilsa, monoklinal struktura to'g'risida fikr yuritiladi yoki mustaqil monoklinal struktura ajratiladi.
Monoklinal yotishlar burma qanotlarini va fleksuralarni o'rganish jarayonlarida ham kuzatiladi.
QATLAMLARNING YOTISH ELЕMЕNTLARI. Qatlamning asosiy tavsiflaridan biri uning yotish holatidir.
Qatlamning fazoda joylashishi uning yotish elementlari bilan aniqlanadi. Bu tushunchaga qatlamning quyidagi yotish holatlari kiradi:
1. Yo'nalish - yerning gorizontal tekisligida qatlamning yo'nalishi.
2. Qatlamning yo'nalish chizig'i - qatlam tagi yoki ustki yuzasi bilan gorizontal tekislikning uchrashgan chizig'i.
Qatlam yuzasida bunday chiziqlar behisob bo'lishi mumkin (1 chiziqlar ab, a1, b1, a2, b2) ular bir-biridan balandlik belgilari bilan farqlanadi (10- rasm).
3. Yo'nalish azimuti chizig'i-magnit meridiani bilan qatlam yo'nalishi o'rtasidagi gorizontal burchak. Azimut yo'nalishi 0° dan 360° gacha o'zgarishi mumkin (P, a2).
4. Qatlamning tushishi (egilishi) - qatlamning gorizontal tekislikka nisbatan bir tomonga egilib yotishi.
5. Qatlamning yotish chizig'i - qatlam yo'nalish chizig'iga nisbatan tik bo'lgan qatlam tekisligiga joylashib, uning qaysi tomonga yotishini ko'rsatuvchi chiziq (1-chiziq d, e).
6. Qatlamning yotish azimuti - bu yotish chizig'ining gorizontal proyeksiyasi va meridianining shimoliy chizig'i orasidagi o'ng burchak.
Yotish azimuti qatlamning yotish sharoitiga qarab 0° dan 360° gacha o'zgarishi mumkin. Qatlamning yo'nalish chizig'i va yotishi bir-biriga tik, ularning azimuti 90° bilan farqlanadi.
Qatlamning yotish azimutini aniqlab, yo'nalish azimutini hisoblash mumkin.
Bunda yotish azimut qiymatiga 90° qo'shiladi yoki ayriladi.
7. Qatlamning yotish burchagi - gorizontal tekislik bilan qatlam burilishi o'rtasidagi hosil bo'lgan burchak (1-burchaklar: α va ß).
Qatlamning yotish burchagi 0° dan 90° gacha bo'ladi. Qatlamlarning yotish elementlari geologiya xaritasiga tog' kompasi va transportir yordamida tushiriladi.