GЕOLOGIYA XARITALARINING TURLARI Hozirgi geologik xaritalarda ayrim rayonlarning to'liq geologik tuzilishi, yoshi, tarkibi, tog’ jinslarining tarqalish qonuniyatlari, paydo bo'lish tarixi, tektonikasi, geomorfologiyasi, gidrogeologiyasi va foydali qazilmalari tasvirlanadi.
O'rganilmoqchi bo'lgan rayonda qilinadigan ishning maqsadiga qarab har xil turdagi xaritalar tuziladi.
TO'RTLAMCHI DAVR XARITASI- kaynozoy erasining oxiri, hozirgi vaqtda ham davom etayotgan to'rtlamchi davrda hosil bo'lgan va qadimgi tub jinslarni yopib turuvchi yosh jinslarni tasvirlaydi. Bu jinslar xaritalarda yoshiga, tarkibiga qarab joylashtiriladi. To'rtlamchi davr xaritasini o'rganish xalq xo'jaligida katta ahamiyatga egadir. Bu xaritalar ma'lumotlariga qarab tuproqlarning fizik-mexanik xossalarini, kimyoviy tarkibini, tuproqlarning unumdorligini, eroziya va sho'rlanish kabi salbiy jarayonlarni aniqlash mumkin.
GЕOLOGIK XARITALAR. Geologiya xaritalarida yer qobig'ining ayrim maydonlari geologik tuzilishi, jinslarning paydo bo'lish va yotish shakllari, har xil turdagi tog' jinslarining o'zaro chegaralari, ularning bir-biriga nisbatan munosabatlari, yoshlari, fizik xossalari, tektonika strukturalari (burma, yoriq va darzliklar), foydali qazilma uyumlari, ularning mineral tarkibi, o'simlik va hayvonot qoldiqlari to'liq ifodalanadi.
Geologiya xaritalarida geofizika, burg'ilash, kosmo- va aerofotosurat hujjatlari o'z aksini topadi. Geologik xarita aniqligi hujjatlarning mufassalligi va xaritaning maqsadiga qarab har xil masshtabda tuziladi.
LITOLOGIK-PЕTROGRAFIK XARITALAR. Tog' jinslarining tarkibiy qismini, paydo bo'lish sharoitlarini, o'zgarish jarayonlarini ifodalaydi.
Cho'kindi jinslar va ular bilan bog'liq bo'lgan yoki birga uchraydigan foydali qazilmalarning paydo bo'lishidagi shart-sharoitlar, ularning kon sifatida shakllanishi, joylashish qonuniyatlarini aniqlab, mamlakatimizning foydali qazilmalarga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashda litologik xaritalarning ahamiyati kattadir.