31 etadi. Falsafaning ham, aniq fanlarning ham ob’ekti bitta, u ham bo’lsa bizni qurshab
olgan olamdir. Ammo ularning tadqiqot predmetlari turlichadir. Rang-barang dunyo
va undagi hodisalarda bir vaqtning o’zida umumiy va xususiy qonunlar namoyon
bo’ladi.
Dunyoning alohida olingan va cheklangan sohalarida amal qiluvchi xususiy
qonunlarni aniq fanlar o’rganadi. Ular orasida amal qiladigan eng umumiy qonunlar
falsafaning o’rganish sohasiga kiradi. Masalan, miqdoriy munosabat va fazoviy
o’rinlarni — matematika, issiqlik, nurlanish, elektromagnit va yadro jarayonlarini
— fizika, o’simlik va hayvonot olamini — biologiya fanlari, ishlab chiqaruvchi
kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlarini, ishlab chiqarish usuli va taqsimlash
kabilarni — iqtisod fani o’rganadi. Falsafa alohida fanlar singari dunyoning u yoki
bu tomonini emas, balki uni bir butunligicha o’rganadi. Tabiat, jamiyat va inson
tafakkurining eng umumiy qonuniyatlarini tadqiq qilib, kishilarning dunyoqarashini
rivojlantirib, ularning nazariy va amaliy faoliyatini to’g’ri yo’lga soladi.
Fan tizimlashtirilgan bilimlar yig’indisi bo’lib, u o’z navbatida fanning
nazariya, qonun, tushunchalar turkumida ifodalanadi, aniq fanlar kabi falsafa fani
ham o’zining nazariyasiga, qonun va kategoriyalariga (umumiy tushunchalariga) ega.
Ularning yordamida kishilar ongida voqelikdagi narsa va hodisalarning eng
umumiy aloqadorligi va taraqqiyot qonuniyatlari aks ettiriladi.
Fanning yana bir muhim xususiyati shundan iboratki, u tadrijiy ravishda
taraqqiy etib, o’z mazmunida ilgari to’plangan ma’lumotlarni saqlab qolib, unga
doir yangi bilimlarni qo’shib turadi. Falsafa fani ham, shuningdek o’tgan avlodlar
tomonidan to’plangan g’oyalarni uloqtirib tashlamasdan, ularni saqlab qolib, doimo
mazmunan boyib, rivojlanib turadi. Eski va yangi falsafiy g’oyalar o’rtasida vorisiy
bog’liqlik mavjud. Buni biz falsafa tarixidan yaqqol ko’rishimiz mumkin.
Fanning barcha qoidalari bir-birini to’ldirib, bir-biridan mantiqiy jihatdan
kelib chiqish imkoniyatiga egadir. Falsafa fanining nazariyalari, qonun va
kategoriyalari ham bir-biridan kelib chiqadigan, bir-birini mantiqiy to’ldiradigan
yaxlit ilmiy tizimdir.