Go’sht va go’sht maxsulotlari Go‘sht va go‘sht mahsulotlari muzlatkichlarda va muzxonalarda yoki quruq, toza, sovuq va yaxshi shamollatiladigan qorong‘i binolarda saqlanadi. Saqlashda havoning namligi, harorat, shamollatish va binoning sanitariya holati go‘sht va go‘sht mahsulotlarining sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Binodagi havoning haddan tashqari quruq bo‘lishi go‘sht va go‘sht mahsulotlarining qurishiga sabab bo‘ladi va ularning tashqi ko‘rinishi buziladi. Havo namligi oshib ketsa, ularning mog‘orlashi va chirishiga sabab bo‘ladi. Iflos, zax va iliq binolarda go‘sht va go‘sht mahsulotlari tez buziladi, chunki bunday sharoitlarda mikroblar, ayniqsa, chiritadigan mikroblar juda tez ko‘payadi.
Sovitilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini osib qo‘yib saqlashda harorat -1 dan -2°C gacha, havoning nisbiy namligi 75 - 85% bo‘lishi lozim. Muzlatilgan go‘sht mahsulotlari ombor yoki chakana savdo korxonalarida toza yog‘och va ruxlangan stellajlarga zich qilib taxlanadi va usti brezent yoki boshqa material bilan yopiladi. Ular -2°C dan -6°C gacha haroratda va havoning namligi 85 - 90% qilib saqlanadi.
Yil fasli va joyiga qarab, go‘shtlarga tabiiy kamayish me’yori belgilangan. Masalan, sovitilgan qoramol va qo‘y go‘shtining kamayish me’yori 0,85 dan to 1,00% gacha; muzlatilgan qoramol va qo‘y go‘shtiniki - 0,55 dan to 0,90% gachadir. Parranda go‘shtlari magazinlarda 0 o dan past haroratda ko‘pi bilan 5 sutka, 0° dan to 6° gacha bo‘lgan haroratda ko‘pi bilan 3 sutka, 8°C dan yuqori bo‘lmagan haroratda (muzxonalarda), ko‘pi bilan 2 sutka saqlanadi.
7-rasm. Go’sht mahsuloti.
Go‘shtning oziqlik qimmati. Go‘sht turli to‘qimalardan: muskul to‘qimalari, yog‘ to‘qimalari, biriktiruvchi to‘qimalar (parda, pay, kemirchak) va suyak to‘qimalaridan iborat. Go‘shtning oziqlik qimmati uning ximiyaviy tarkibiga, ya’ni ushbu to‘qimalardagi oqsil, yog‘, uglevodlar, mineral moddalar va vitaminlar (A, B, D) ning miqdori va sifatiga bog‘liq.
Kolbasa mahsulotlari. Qoramol, cho‘chqa, kamdan-kam qo‘y, ot, uy parrandalarining go‘shti, quyon, shuningdek, cho‘chqa yog‘i, ba’zan boshqa turdagi hayvon yog‘lari kolbasa ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo bo‘lib xizmat qiladi.
Go‘sht konservalari qoramol, cho‘chqa, qo‘y va uy parrandalari go‘shtidan, turli xil kalla-pochalardan, shuningdek boshqa mahsulotlardan tayyorlanadi. To‘yimliligini oshirish va ta’mini yaxshilash uchun konservalarga yog‘ va dorivorlar qo‘shiladi.