Zimbabve misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, mamlakat (sobiq Janubiy Rodeziya) 1980 yilda mustaqillikka erishgach (Buyuk Britaniyadan), hokimiyat tepasiga diktator Robert Mugabe keladi. Bir yil o‘tib Zimbabveda mahalliy dollar paydo bo‘ladi. Mamlakatda mustaqillikkacha bo‘lgan davrda ko‘plab britaniyalik fermerlar yashagan. Ammo prezident Mugabe mamlakatda bundan buyon oq tanli kolonizatorlarga joy yo‘qligini aytib, ularning yerlarini mahalliy yersiz aholiga berish maqsadida britaniyaliklarning barcha yerlarini va chorvasini tortib olgan. Ular mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgan. Bunday islohotdan keyin asosiy eksport qilinadigan tovarlar — tamaki, paxta va shakarqamishning hajmi birdan tushib ketgan. Qishloq xo‘jaligi ortidan esa ularni qayta ishlaydigan sanoat ham qulaydi. Shaharlarda ochlik va ishsizlik avj oladi. Zimbabve hukumati muammo aholida pulning yo‘qligida degan xulosaga keladi va cheklanmagan miqdorda pul bosib chiqara boshlaydi.
Sobiq Yugoslaviya mamlakatиga keladigan bo‘lsak, ushbu mamlakat 1945 yildan 1992 yilgacha mavjud bo‘lgan va 1970-yillargacha rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanib kelingan. Yugoslaviyada inflyatsiya har doim bo‘lgan, ammo turli choralar orqali vaziyat unchalik og‘ir ahvolga kelishiga yo‘l qo‘yilmagan. Ammo 1980 yilda Yugoslaviya rahnamosi Tito Broz vafot etgach, mamlakatda fuqarolik urushi boshlanadi. 1980 yildan boshlab inflyatsiya ko‘rsatkichlari keskin osha boshlaydi, 1983 yilga kelib esa inflyatsiya boshqarib bo‘lmaydigan darajaga yetadi. Bunga bir nechta sabab bor edi:
1980-yillar oxirida Yugoslaviyaning eng rivojlangan hududi — Sloveniya mustaqillikka erishadi;
Byurokratik apparat, shuningdek, armiyani ta’minlash uchun juda katta budjet pullari sarflanadi — oqibatda mamlakat tashqaridan qarzlar ola boshlaydi;
Mamlakatda fuqarolik urushi sababli qon to‘kilayotgani uchun BMT Yugoslaviyaga savdo embargosini joriy qiladi. Bu o‘zi shundoq ham jar yoqasida turgan mamlakat iqtisodiyoti uchun og‘ir zarba bo‘ladi.
Mamlakat qayerdandir pul olishi kerak edi, ohir-oqibat pul bosib chiqarish mashinalari ishga tushadi.
1993 yilda Yugoslaviyada har oyda 900 000 dona banknotalar bosib chiqarilib, fuqarolar qo‘liga yetmasdan o‘z qiymatini yo‘qotgan. Birgina o‘sha yilning o‘zida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 30 foizga, sarmoya va sanoat ishlab chiqarish sohasi 37 foizga qisqardi, ishsizlik esa 24,1 foizga oshdi.
1994 yilga kelib giperinflyatsiya darajasi eng yuqori cho‘qqiga chiqqach, dinar pul birligi sifatidagi vazifasini yo‘qotadi: bu vaqtda do‘konlarda oziq-ovqat narxlari allaqachon nemis markalarida ko‘rsatilgan.