SO’NGI ILMIY TADQIQOTLAR NAZARIYASI 6-SON RESPUBLIKA ILMIY-USLUBIY JURNALI 13.01.2023 171
San’atdan bolalar bog‘chasini bezashda, ta’lim berishda, bolalarning
mustaqil faoliyatlarida foydalaniladi. Bolalar bog‘chasida ganch, chinni,
yog‘och, loy, plastilindan xilma-xil buyumlar, o‘yinchoqlar yasash mumkin.
Bolalar o‘yinchoqlarining yaxshi namunalaridan guruh xonasini bezatishda
foydalansa bo‘ladi.
Gilamchilik, to'qimachilik, kulolchilik, zardo‘zlik, kashtachilik,
popopchilik, badiiy oyna, metall patnislar, to‘qilgan hamda tikib gul
solingan buyumlar va boshqalar tasviriy san’atning manzarali shakliga
kiradi. Bundan tashqari, bog‘chada har bir viloyat, o‘lka, respublikaning
milliy madaniyatidan foydalanish kerak.
Ta’lim-tarbiya ishlarida o‘zbek xalq amaliy san’ati namunalaridan
foydalanish katta ahamiyatga egadir. Milliy naqshlar tushirilgan chiroyli
guldor matolar qo‘g‘irchoqlar uchun ko'ylak, oyna pardalari, dasturxon
kabilar uchun ishlatilishi mumkin.
Musiqa bolalarning kayfiyatini ko‘tarib ertalabki badantarbiyada
yangray boshlaydi. Yilning quruq va issiq vaqtlarida ekskursiya, sayr va
o‘yin vaqtlarida ashulalar ijro etilishi kerak, bu bolalarni yanada bir-biriga
yaqinlashtiradi, ruhini ko‘taradi. Maydonchada mehnat qilish jarayonida
ijro etilgan ashula harakat ritmini uyg‘unlashtiradi, bolalarga mehnat
quvonchini bag‘ishlaydi.
Bolalarda estetik idrokning rivojlanishi uchun ularni haqiqiy san’at
asarlari bilan tanishtirish zarur. Radio, oynayi jahonda san’at ustalari va
tengdoshlari ijro etgan asarlar bolalarning estetik rivojlanishida katta
yordam beradi.
Ashula aytib o‘yinga tushishda, asosan, xalq ijodi namunalaridan
foydalaniladi, bu bolalarni axloqiy-estetik tarbiyalash uchun g‘oyat
qimmatli vositadir. Bolalar xalq kuylarini ijro etayotib, xalq tili va kuyining
hamohangligini, ravonligini bilib oladilar. Bu bolalarda vatanparvarlik
hislarini tarbiyalaydi, musiqaviy didini shakllantiradi, bolalarni zamonaviy
va klassik kuylarni idrok eta olishga tayyorlaydi. Ashula va raqsga
tushishga o‘rgatishda faqat to‘g‘ri aytish va to‘g‘ri harakat qilishni emas,
balki ifodali aytish, yengil, chiroyli va latofat bilan raqsga tushishga
o‘rgatiladi.
Bolalarning badiiy qobiliyatlarini tarbiyalash masalasi ularning ijodiy
o‘sishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun bolaga o‘rgatish,
undagi ijodiy tashabbusni rivojlantirish ishi bir-biri bilan uzviy aloqada
amalga oshirilishi lozim. Pedagog tarbiyaviy nuqtayi nazardan yondashib,
bola ijodining eng birinchi, hali to‘liq namoyon bo‘lmagan tomonini seza
bilishi va baholay olishi kerak, bu bilan u boladagi kamolot yo‘lini to‘g‘ri
belgilashi mumkin.