Raddiya. Rad etish usullari. Raddiya – isbotni buzishga qaratilgan mantiqiy amaldir.
Birorta fikrning chinligini rad etish ayni paytda unga zid bo‘lgan fikrning xatoligini
ko‘rsatishdan iborat bo‘lganligi uchun raddiyani isbotlashning xususiy ko‘rinishi, deb hisoblash
mumkin. Raddiya ham isbotlash kabi tezis (rad qilinishi lozim bo‘lgan hukm), argumentlar (tezisni
rad qiluvchi hukmlar) va demonstrastiya (rad etish usuli) dan tashkil topgan bo‘ladi. Raddiya
birorta masalani muhokama qilish, ya’ni bahs, munozara jarayonida uchraydi. Bahs
qatnashchilaridan biri ma’lum bir tezisni ilgari surib, uni himoya qilsa (proponent), boshqasi unga
qarshi chiqadi (opponent). Hal qilinmagan, Munozarali masalalar bo‘yicha olib boriladigan
bahslar polemika hisoblanib, unda qarama-qarshi tezislar asoslanibgina qolmay, balki tanqidiy
analiz ham qilinadi.
Raddiya uch xil usul bilan amalga oshiriladi:
I)
Tezisni rad etish;
II)
Argumentlarni rad etish;
III)
Demonstrastiyani rad etish.
I. Tezisni rad etish. Tezisni rad etishning quyidagi usullari mavjud:
1.Faktlar orqali rad etish. Bu eng ishonchli va samarali usuldir. Bunda bo‘lib o‘tgan
voqealarga, statistik ma’lumotlarga asoslanib tezis rad etiladi. Masalan, «Sovet davrida
O‘zbekiston to‘laqonli mustaqil respublika bo‘lgan», degan tezisni rad etish, ya’ni uning noto‘g‘ri
ekanligini isbotlash uchun tarixiy faktlarga asoslanamiz. O‘sha davrda respublika rahbariyati
birorta muhim masalani Moskvaning ruxsatisiz hal qila olmaganligiga dalillar keltirib, tezisni rad
etamiz.
2.Tezisdan kelib chiqadigan natijalarning xatoligini (yoki ziddiyatli ekanligini) ko‘rsatish
orqali rad etish. Bunda tezisdan kelib chiqadigan natijalarning chin emasligi asoslab beriladi. Bu
usul «bema’nilikka olib kelish», deb ataladi. Rad etilayotgan tezis vaqtincha chin deb tan olinadi,
undan kelib chiqadigan natijalar aniqlanib, bu natijalarning haqiqatga zid, noto‘g‘ri ekanligi
isbotlanadi. CHin asosdan xato natija kelib chiqmaydi, aks holda bu bema’nilik bo‘ladi.
«Bema’nilikka olib kelish» usulining formulasi quyidagicha(a→b)→((a→b)→a)
3.Tezisni antitezisni isbotlash orqali rad etish. Rad etilayotgan tezisga zid bo‘lgan Yangi
tezis (antitezis) olinadi va isbotlanadi. Uchinchisi istisno qonuniga muvofiq, antitezisning
chinligidan tezisning xatoligi keltirib chiqariladi. Masalan, birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov
«Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q» nomli maqolasida «Amir Temur buyuk sarkarda bo‘lgan va
yovuzliklar qilgan», degan tezisni shunday rad etadi: «Inson bir paytning o‘zida ham bunyodkor,
ham yovuz bo‘lishi mumkin emas. Ne-ne madrasayu masjidlar, oliy koshonalarni qurgan, ne-ne
olimu fuzalolarning boshini silagan, Qur’oni karimni yod bilgan inson yovuz bo‘lmaydi. Qonxo‘r
odam «Kuch – adolotda», deyishi mumkinmi?»
II.Argumentlarni rad etish. Tezisni isbotlash uchun opponent tomonidan keltirilgan argumentlar tanqid qilinib, ularning
xatoligi yoki tezisni isbotlash uchun etarli emasligi aniqlanadi.
Argumentlarning xatoligi tezisning ham xato ekanligini isbotlamaydi, bunda tezis chin
bo‘lishi ham mumkin:
Argumentlarni rad etish orqali tezisning isbotlanmaganligi asoslab beriladi.
III.Isbotlash usulini tanqid qilish orqali rad etish. Rad etishning bu usulida isbotlashda yo‘l qo‘yilgan xatolar aniqlanadi. Bunda rad
etilayotgan tezisning chinligi uni asoslash uchun keltirilgan argumentlardan bevosita kelib
chiqmasligi asoslab beriladi. Isbotlash usulida yo‘l qo‘yilgan xato aniqlanganda tezis rad
etilmaydi, uni qayta isbotlash talab qilinadi.
Rad etishning yuqorida ko‘rsatilgan usullari ko‘pincha birgalikda, bir-birini to‘ldirgan holda
qo‘llaniladi.