III.Isbotlash usulini tanqid qilish orqali rad etish. Rad etishning bu usulida isbotlashda yо‘l qо‘yilgan xatolar aniqlanadi. Bunda rad etilayotgan tezisning chinligi uni asoslash uchun keltirilgan argumentlardan bevosita kelib chiqmasligi asoslab beriladi. Isbotlash usulida yо‘l qо‘yilgan xato aniqlanganda tezis rad etilmaydi, uni qayta isbotlash talab qilinadi.
Rad etishning yuqorida kо‘rsatilgan usullari kо‘pincha birgalikda, bir-birini tо‘ldirgan holda qо‘llanadi.
Tezisga aloqador qoidalar:
1. Tezis mantiqan aniq va ravshan bо‘lishi kerak. Bu qoida buzilsa, isbotlash yoki rad etish о‘zining aniq predmetiga ega bо‘lmay qoladi, uni amalga oshirishga urinish behuda ish hisoblanadi.
2. Tezis isbotlash yoki rad etish davomida boshidan oxirigacha о‘zgarmasligi kerak. Bu qoida buzilsa, «tezisni almashtirish» degan xato kelib chiqadi.
Argumentlarga nisbatan qoidalar:
1. Tezisni asoslash uchun keltirilgan argumentlar chin hukmlar bо‘lishi va bir-biriga zid bо‘lmasligi lozim.
2. Argumentlar tezisni asoslash uchun yetarli bо‘lishi kerak.
3. Argumentlar tezisdan mustaqil holda chinligi isbotlangan hukmlar bо‘lishi lozim.
Isbotlash usulining qoidasi: 1. Tezis argumentlardan mantiqiy tarzda kelib chiqadigan xulosa bо‘lishi lozim. Buning uchun isbotlash yoki rad etishda xulosa chiqarish qoidalariga rioya qilish zarur.
Isbotlash va rad etish qoidalarining buzilishi mantiqiy xatolarga olib keladi va ular uch turga bо‘linadi:
I. Isbotlanayotgan tezisga aloqador xatoliklar:
1. Tezisni almashtirish. Tezis isbotlash yoki rad etish davomida о‘zgarmasligi shart, degan qoidaning buzilishi tezisning almashtirilishiga sabab bо‘ladi. Tezis ataylab yoki bilmasdan boshqa tezis bilan almashtiriladi va bunda yangi tezis isbotlanadi yoki rad etiladi. Tezis mazmunining torayishi yoki kengayishi ham bahs jarayonida tezisning о‘zgarishiga olib keladi. Masalan, respublikamiz taraqqiyoti uchun milliy mafkura, milliy g‘oyaning ahamiyati tо‘g‘risidagi tezisni isbotlash davomida umuman jamiyatga mafkura kerakmi yoki yо‘qmi, degan masalani isbot etishga harakat qilinsa, unda tezisning mazmuni kengayib ketadi va tezis almashinadi.
2. Insonning shaxsiy sifatini bahona qilib tezisni almashtirish. Bahs jarayonida mavzudan chetga chiqib, opponentning shaxsiy, ijtimoiy hayoti, yaxshi fazilatlari yoki kamchiliklari xususida fikr yuritib, shu asosda tezisni isbotlangan yoki rad etilgan, deb ta’kidlash tezisning almashinishiga sabab bо‘ladi. Bunday xatoga ataylab yо‘l qо‘yiladi. Tinglovchilarning his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish orqali isbotlanmagan tezisning chin deb qabul qilinishiga urinish ham tezisni almashtirish hisoblanadi.
3. Ortiqcha yoki kam isbotlashga urinish natijasida tezisning almashinishi. Fikr ortiqcha isbotlansa, berilgan tezis о‘rniga undan kuchliroq tezisni isbotlashga harakat qilinadi. Agar A hodisadan B kelib chiqsa, lekin B hodisadan A kelib chiqmasa, unda A hodisani ifodalovchi tezis B hodisani ifodalovchi tezisdan kuchliroq bо‘ladi. Masalan, «A shaxs birinchi bо‘lib janjalni boshlamagan» degan tezis (B) о‘rniga, «A shaxs umuman janjal bо‘lgan yerda yо‘q edi» degan tezisni (A) isbotlashga harakat qilinadi. Ikkinchi tezisni isbotlab bо‘lmaydi, chunki A shaxsning janjalda qatnashganligini kо‘rgan guvohlar bor.