Engil sanoat. Engil sanoat Tojikistonda ishlab chiqiladigan turli qishloq xo’jalik xom ashyolarni qayta ishlashga ixtisoslashgan: uning hissasiga respublika sanoat mahsulotining 36,2 % i to’g’ri keladi.
Paxta tozalash sanoati bu tarmoqning yirik yo’nalishlaridan biridir. Uning tarkibida 20 ta korxona bo’lib, respublikada tayyorlanayotgan paxtaning hammasini (860 ming t.) qayta ishlash quvvatiga ega.
To’qimachilik sanoati tarmoqning tayyor iste’mol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi eng yirik tarmog’idir. Tarkibida ip-gazlama, shoyi gazlama sanoati tarmoqlari bor, Ip-gazlama sanoatining yirik markazlari Dushanbe va Konibodom shaharlaridir. Shoyi gazlamalar sanoatining yirik markazlari bo’lib esa Xo’jand va Dushanbe sanaladi. Jami shoyi gazlamalarning 80 % Xo’jandda ishlab chiqariladi.
Shuningdek, Dushanbe va O’ratepada trikotaj, Qayroqum shahrida gilam va polos, yirik va Markaziy shaharlarda tikuvchilik, poyabzal, attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.
Oziq–ovqat sanoati. Oziq–ovqat sanoati respublika sanoat tarmoqlari orasida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmiga ko’ra uchinchisidir. Uning meva–sabzavot- konserva, quritilgan mevachilik, vino, yog’-moy tarmoqlari davlatlararo ahamiyatga ega. Boshqa tarmoqlari esa ichki bozorga xizmat qiladi. Umuman, oziq - ozqat sanoati respublikada etishtiriladigan dehqonchilik va chorvachilik xom ashyolari asosida mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Eng yirik tarmog’i yog’–moy sanoatidir. Konibod, Qo’rg’ontepa, Ko’lob, Dushanbe shaharlari tarmoqning asosiy markazlaridir.
Meva–sabzavot konserva sanoati tarkibiga 22 korxona kiradi va ular konserva, sharbat, tomat, quritilgan mevalar kabi 100 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi. Yirik korxonalari Xo’jand, Konibodom, O’ratepa, Panjikent, Chipto’ra va boshqalardir.
Vinochilik sanoati tarkibida 4 ta asosiy va 9 ta yordamchi korxonalar bo’lib, xilma–xil sharob mahsulotlari ishlab chiqaradi. Asosiy markazlari Xo’jand, O’ratepa, Panjikent, Dushanbe, Shahrinov va boshqalar hisoblanadi. Shuningdek, tarmoq tarkibiga respublika aholisi ehtiyojini ta’minlashga xizmat qiluvchi go’sht–sut, un–elevator, qandolatchilik, efir–moyli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ham kiradi.
Shunday qilib, Tojikiston iqtisodiyotning asosiy sanoat va qishloq xo’jalik tarmoqlari rivojlanishida ma’lum yutuqlarga erishgan. Ammo ular sobiq ittifoq ehtiyojlari asosida, asosan tabiat resurslarini uzlashtiruvchi tarmoqlar majmuasi shaklida, tarkib topgan. Endi bozor iqtisodiyoti talablari asosida rivojlanishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan mustaqil Tojikiston xalq xo’jaligi o’z yo’lida bir qator muammolarning echimini topishi talab qilinadi.