portal.guldu.uz-IQTISODIY VA IJTIMOIY GEOGRAFYA (Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi) fanidan o’quv-uslubiy majmua
Janubiy iqtisodiy rayon-ma’muriy jihatdan Almati, Jambul, Janubiy Qozog’iston, Qizilo’rda oblastlarini o’z ichiga oladi. Respublika hududining 26,1 %-ni, aholisining esa 43%-ni tashkil etadi.
Janubiy Qozog’iston hududining ko’p qismini cho’l va tog’li hududlar egallagan. Rayon chegarasi g’arbda Orol dengizidan boshlanib, sharqida Xitoy bilan oraliqdagi davlat chegarasigacha bo’lgan 700 km masofaga cho’zilgan. Shimolida Betpaqdala va Balxash ko’lidan boshlanib, janubida Markaziy Osiyo davlatlari oralig’idagi chegaragacha 200 km masofani tashkil etadi. Maydoni jihatdan G’arbiy Qozog’istondan keyin 2 o’rinda turadi. Rayon hududining shimoliy qismini respublikadagi eng quruq iqlimli-qumli cho’l, janubini esa mo’’tadil nam iqlimli tog’ mintaqasi egallagan.
Rayon suv resurslariga boy, mamalakatdagi suv resurslarini 49 % i shu rayon hissasiga to’g’ri keladi. Lekin suv resurslari hudud bo’ylab notekis taqsimlangan. Asosiy daryolar janubiy qismi orqali o’tadi. Sirdaryo, Ili, Talas, Qoratol, Aqsu, Lepsi daryolari suv - energetika resurslarigacha boy. Masalan, Sirdaryo daryosida Chordara, Ili daryosida Qapchag’ay gidroelektr stantsiyalar ishlaydi.
Rayonda er osti chuchuk suv zaxirasi ko’p. Er osti suvining Moyinqum, Betbaqdala, Qizilqumga o’xshash hududlarda xo’jalik uchun ahamiyati katta.
Janubiy Qozog’iston er bag’ri har tarflama tadqiq etilgan, Janubiy Qozog’iston viloyatidagi Qoratog’ tizmasi foydali qazilmalarga boy. Janatas, Aqsay, Sholaqtau konlarida fosforitning katta zahirasi uchraydi. Polimetall koni esa Achchisoy, Mirg’alimsoy, Xantag’o’, Bayjansoy konlarida qazib chiqariladi. Koratog’ fosforiti respublikani o’g’it bilan ta’minlovchi asosiy baza hisoblanadi. Viloyatda undan boshqa asbest, marmar, temir konlarining muhim zahiralari mavjud.
Almati oblasti hududida Jung’or Olatog’i tog’ mintaqalarida joylashgan Tekeli polimetall koni bor. Shu bilan birga yirik ko’mir, yonuvchi slanets, torf, ohaktosh, marmar konlari aniqlangan.
Qizilo’rda oblastida rangli metallurgiya, neft-kimyo sanoati xomashyolari, Orol dengizida sulfat bilan osh tuzining katta zahiralari bor.
Janubiy Qozog’iston oblasti hududida, Turkiston o’lkasida tsement sanoati hom-ashyosi, gipsning katta zahiralari aniqlangan. Kentau shahri atrofida polimetall rudalari qazib olinadi. Undan tashqari er bag’ridan qo’ng’ir ko’mir, temir, marmar va boshqa foydali qazilmalar uchraydi.
Janubiy Qozog’iston ho’jaligi tog’ – kon sanoati, og’ir, engil va oziq–ovqat sanoatlariga, qishloq ho’jaligiga ihtisoslashgan. Sanoat tarmoqlaridan mashinasozlik bilan rangli metallurgiya, kimyo, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, engil va oziq-ovqat sanoatlari respublika bo’yicha yaxshi rivojlangan.
Janubiy Qozog’iston mamlakatining asosiy sug’orma dehqonchilik rayonidir. Unda texnik ekinlardan – paxta, qand lavlagi, tamaki, sholi va g’alla etishtiriladi, mevazorlar va tokzorlar mavjud.
Janubiy Qozog’istonda sanoat tarmoqlaridan rangli metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash, mashinasozlik, metall eritish, qurilish materillari, engil va oziq – ovqat sanoati rivojlangan.
Qoratog’ va Jung’or Olatog’i tog’laridagi polimetall rudalari asosida Achisoy polimetall kombinati, Tekeli qo’rg’oshin-rux konlari asosida Shimkent qo’rg’oshin zavodi ishga tushirilgan. Qoratog’ fosforitiga asoslangan Qoratog’ kon-kimyo kombinatining mamlakat iqtisodi uchun ahamiyati katta. Shimkentda kimyo–farmatseftika va fosfor tuzlarini ishlab chiqaruvchi zavodlar, Tarazda superfosfat zavodi ishlaydi. Fosfor sanoatining yirik korxonalar: “Qoratog’”, “Ximprom”, “Fosfor”, “Kazfosfat” zavodi.
Sanoat tarmoqlari orasida xom-ashyoni kompleksi foydalanishi yaxshi yo’lga qo’yilgan Masalan, fosfor sanoati qoldiqlari shlak, tsement ishlab chiqarishda foydalanilsa, fosforni qora metallurgiyada foydalaniladi.
Shimkent neftni qayta ishlash zavodi 1969 yilda ishga tushirilgan. Zavodga xom-ashyo Rossiyaning G’arbiy Sibir rayonidan Omsk-Pavlodar- Shimkent gaz quviri orqali tashiladi. Qolgan 10 % neft Qizilo’rda viloyatidagi Qumko’l konidan keladi. Bu zavodda qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar: A-76, A-72 benzini, dizel yoqilg’isi, kerosin olinadi.
Mashinasozlik va metallsozlik sanoati rayonda 1950 yildan boshlab rivojlana boshladi. Uning asosiy tarmoqlari elektrotexnika, asbobsozlik, yo’l qurilish mashinalari, stanoksozlik korxonalari Almati, Shimkent, Taraz, Kentau shaxarlarida joylashgan. Mashinasozlik sanoati, asosan tashqaridan keltiriladigan metaldan foydalanib ishlamoqda. Masalan: “Porshin” “Elektroasbob”, Shimkent shahridagi “Elektroapparat” zavodlari va boshqalar.
Rayon bo’yicha xo’jalikning qo’shimcha tarmog’i–qurilish materiallari sanoati kuchli rivojlangan. Maxalliy xom ashyo asosida respublikadagi tsementning asosiy qismini ishlab chiqaradigan Shimkent va Saztube tsement zavodlari ishlaydi.
Janubiy Qozog’iston rayoni engil va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari umumiy hajmi bo’yicha respublikada etakchi o’rinda turadi. Asosiy xom-ashyo qishloq ho’jaligidan oladi. Janubiy Qozog’iston oblasti respublikadagi yagona paxta etishtiruvchi rayondir. Rayonda engil sanoatning rivojlanishiga qorako’lchilik bilan paxtachilikning yaxshi yo’lga qo’yilishi ijobiy ta’sir etmoqda. Respublika bo’yicha yig’iladigan paxta, jun, teri mahsulotlaring 70 % i shu rayonda etishtiriladi. Engil sanoatning yirik korxonalari Almati, Shimkent ( paxta tozalash zavodlari va paxta gazlamalari kombinatlar), Taraz, Qizilo’rda (poyabzal fabrikalari), Shimkent ( paypoq va kostyum ishlab chiqaruvchi fabrikalari) shaharlarida mavjud.
Respublika bo’yicha oziq – ovqat sanoati mahsulotlarining 50 % i shu rayonga tegishli. Oziq–ovqat sanoatining yirik korxonalariga Almati go’sht, meva, tamaki kombinatlari, vino zavodi, Taraz bilan Taldiqurg’onning qand zavodlari, ”Aral tuz” kombinati, Qizilo’rda sholi tozalash zavodi, Balxash, Orol va Olako’l baliq zavodlari kiradi. Mamlakatdagi xususiylashtirish siyosatiga mos, xo’jalikning sanoat tarmog’iga tegishli ko’pchilik korxonalar mulkchilikning yangi shakllariga aylantirildi. Unga masalan: Almati vino zavodi “Baxus” aktsiyadorlik jamiyatining qaramog’ida bo’lsa, tamaki kombinatiga “ Filip Morris” kompaniyasi boshchilik qiladi.
Janubiy Qozog’iston qishloq xo’jaligi sug’orma dehqonchilik va yaylov chorvachiligiga asoslangan. Respublikaning 70 %-dan ortiq sug’orma erlari va 40 %-dan ziyod qo’ylari shu rayon hissasiga tegishlidir.
Qishloq xo’jalik sohasida dexqonchilik yaxshi rivojlangan. Dehqonchilik tarmog’i rayon iqtisodiga ko’p daromad keltiradi. Unda qishloq xo’jaligida banda holining katta qismi to’g’ri keladi.
Dehqonchilikning asosiy ixtisoslashgan tarmog’i–texnik ekinlari etishtirish. Ular, asosan, oziq-ovqat va engil sanoatga xom ashyo sifatida foydalanilib, iste’molchilarga tayyor mahsulot sifatida etkazib beriladi. Asosiy texnik ekinlar- paxta va qand lavlagi. Paxta Keles va Aris daryolari havzasida, qand lavlagi esa Asi, Talas, Chuv, Qoratol daryolari bo’ylarida va Qirg’iz Olatog’i, Ili Olatog’i, Jung’or Olatog’ining etaklarida sug’oriladigan erlarda etishtiriladi.
Janubiy Qozog’istonda bag’dorchilik va tokzorchilik tarmoqlari rivojlangan. Jambul, Janubiy Qozog’iston oblastlaridagi Aris va Keles vodiylarida joylashgan aholi tokchilik bilan shug’ullanadi.
Sirdaryo bilan Ili daryolar bo’yida sug’oriladigan erlarda va Qoratol daryosi vodiylarida sholi etishtiruvchi yirik rayonlar tashkil etilgan. Almati shahri atroflarida tamaki etishtiriladi.
Xususiylashtirish siyosati olib borilishi munosabati bilan, dehqonchilik tarmoqlari hozirda davlat, xususiy, aralash, chet el mulkchilik shakllariga aylantirilmoqda.
Chorvachilik tarmoqlaridan qo’ychilik, qoramolchilik, tuyachilik rivojlangan. Ayniqsa qorako’lchilikka Jambul, Janubiy Qozog’iston, Qizilo’rda oblastlari ixtisoslashgan. Bu oblastlar respublikada qo’y va echkilar soni va jun qirqish bo’yicha etakchilik qilib kelmoqda.
Janubiy Qozog’istonning tog’ oldi rayonlarida qoramollar boqiladi. Qoramollarning Olatog’ sigiri, Talas sigiri, go’sht-sutli oqbosh sigirlari shu rayonda boqiladi.
Yilqichilik bilan rayonning barcha viloyatlari shug’ullanadi. Qizilo’rda oblastining “Qulando’” va Almati oblastidagi “Basshi” yilqichilik zavodlari qozoqi yilqi ko’paytirishga ixtisoslashgan. Shuningdek Almati oblastidagi “Degeres”, “Alg’abas”, “Qizilag’ash” va Jambul oblastidagi “Qulan” yilqi zavodlari kuchim yilqilari ko’paytirish bilan shug’ullanadi. Tuyachilik bilan asosan cho’l rayon–Janubi Qozog’iston oblasti shug’ullanadi. Rayonning yirik shaharlari atrofida cho’chqachilik va parandachilik korxonalari joylashgan. Ular asosan, shahar aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi.
Tayanch tushunchlar: Qirg’iz avtonom oblasti – 1920-1925 yillar davomida Qozog’iston Respublikasi ana shunday nomlangan. Legirlovchi metallar – po’lat va prokat ishlab chiqarishda ularning sifatini yaxshilashda qatnashadigan metallar. Ular volfram, molibden, tantal, niobiy, vanadiy xrom, titan, magniy va boshqalar. Ochiq usulda qazib chiqarish – er yuzasiga yaqin joylashgan ayrim mineral boyliklarni, ustki qatlamlarni olib tashlab, zamonaviy texnik vositalar yordamida qazib chiqarish. Hozirgi davrda ko’mir, temir rudasi, ayrim rangdor metallar, kimyoviy va qurilish materiallaridan iborat minerallar shu yo’l bilan qazib olinmoqda. Odatda ularning tannarxi shaxta usulida qazib chiqarganga nisbatan ko’p martalab arzonga tushadi.