Darslik o‘quvchilarning davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturida belgilab berilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni faol va ongli suratda o‘zlashtirishga yordam beruvchi, o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan asosiy vosita hisoblanadi. Maktab darsligi oldiga quyidagi vazifalar qo‘yiladi:
o‘quvchilarda mustaqil faoliyat ko‘nikmalarini rivojlantirish;
o‘zlashtirilgan bilimlarning kundalik turmush amaliyoti bilan bog‘lash;
o‘quvchilarni shu fan bilan bog‘liq ravishda kasbga yo‘naltirish;
ta’lim va tarbiyani o‘zaro chambarchas bog‘lash;
o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash;
boshqa fanlar bilan uyg‘unlashish (integrastiya);
fanga oid etarli miqdordagi ma’lumotlarni o‘zida mujassamlashtirish;
ta’lim olishning turli uslublarini o‘zida mujassamlashtirish;
o‘quvchiga o‘z-o‘zini yoki o‘qituvchiga o‘quvchilar bilimini baholash va nazorat qilish imkoniyatini yaratish.
Darslik fan asoslarini hayot bilan, kundalik turmush bilan o‘zaro bog‘lanishini amalga oshirishi, hozirgi zamonning, tabiat va jamiyatning bosh muammolarini tushunishda o‘quvchilarga ko‘maklashishi hamda ularning bilish va ijodiy izlanish qobiliyatlarini rivojlantirishi lozim. Shuningdek, o‘quvchilarda o‘z bilimlarini uzluksiz takomillashtirish va mustaqil bilim olishni davom ettirish imkoniyatlarini ochishga yordam berishi kerak.
Boshlang‘ich sinf darsligining mazmuni quyidagi talablar asosida belgilanishi tavsiya etiladi:
buyuk kelajakni quruvchi, yuksak ma’naviyatga ega barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilishi;
umuminsoniy qadriyatlarni, yurtimizga xos sharqona voqelikni, milliylikni o‘zida mujassamlashtirishi;
mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy istiqlol g‘oyalarini singdirish, vatanparvarlik hislarini tarbiyalashga qaratilgan bo‘lishi;
darslik mazmunida milliy g‘oyalarning singdirilganligi;
ilmiy va amaliy ahamiyatga molik nazariy ma’lumotlar, qonun-qoidalar va tushunchalarning bo‘lishi;
fanlararo bog‘lanishda takrorlashning oldini oladigan, parallel va mantiqiy, izchil ketma-ketlikka asoslangan uyg‘unlikning bo‘lishi;
o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olishi;
o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tushunchalar bo‘lishi;
darslikda keltirilgan material dasturga mos va o‘quv rejada ajratilgan soatlarda o‘rganishga mo‘ljallanganligi;
qo‘llaniladigan atamalar, tushunchalarning ta’riflari, qonun-qoidalarning ifodalari, hodisalarning izohlari fan bo‘yicha amalda qabul qilingan va ommalashgan atamalarga mos bo‘lishi;
respublikamiz tabiati, ijtimoiy-siyosiy sohadagi salohiyati va yutuqlarini yoritishi.