Ta’limning ilmiylik tamoyili – o‘quvchining o‘quv materialidagi qonuniyatlarni aks ettirishi, tushunishi va o‘zlashtirishi uchun to‘g‘ri shart-sharoit yaratish maqsadi uchun zarur ahamiyat kasb etadi. Bu tamoyil ta’lim mazmunini zamonaviy fan va texnika rivojlanish darajasi, jahon sivilizatsiyasi to‘plagan tajribaga mos kelishini ifodalaydi. Bu tamoyil ta’lim vaqtida va o‘qishdan tashqari vaqtda amalga oshiriladigan ta’lim mazmuni o‘quvchilarni obyektiv ilmiy dalillar, hodisalar, qonunlar, zamonaviy yutuqlar va rivojlanish istiqbollarini ochib berishga yaqinlashtirib, u yoki bu sohaning asosiy nazariya yoki konsepsiyalari bilan tanishtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishini talab etadi.
Ta’limning fundamentalligi va amaliy yo‘nalganligi tamoyilining ahamiyati shundaki, umuiy o‘rta ta’lim maktablaridayoq o‘quvchilar chuqur nazariy va amaliy tayyorlikdan o‘tadilar. Mazkur holat an’anaviy didaktikada ta’limning hayot bilan, nazariyaning amaliyot bilan bog‘liqligi tamoyili sifatida ifoda etiladi. O‘qishda fundamentallik bilimlarning ilmiyligi, to‘liq va chuqur bo‘lishini ko‘zda tutadi. U yuksak intellektual salohiyat, fikrlash layoqatining tadqiqotchilik ko‘rinishda bo‘lishi, bilimlarini doimiy ravishda to‘ldirib borish istagi va malakalarini talab etuvchi zamonaviy ilmiy-texnik taraqqiyotga asoslanganlik bilan tavsifalanadi. Fundamental bilimlar aniq bilimlariga qaraganda sekin eskiradi, shuningdek, inson va xotirasiga emas, ko‘proq uning fikrlash layoqatiga bog‘liq bo‘ladi. Ta’limning fundamentalligi bilimlar mazmunining muntazamligi, nazariy va amaliy jihatdan o‘zaro nisbatda bo‘lishni talab etadi.
Ta’lim va tarbiyaning uyg‘unligi tamoyili yaxlit pedagogik jarayonda ta’lim va tarbiyaning birligi qonuniyatlariga tayanadi. Bu tamoyil ta’lim jarayonida barkamol rivojlangan shaxsni shakllantirishni ko‘zda tutadi. Ta’lim jarayonida tarbiyalashning samarali kechishi shaxsning intellektual rivojlanishi, birinchi navbatda, o‘quvchilarning qiziqishlari, idrok etish hamda individual qobiliyatlarining hisobga olinishi bilan bog‘liq.