Ma’ruzalar kursi 1 – modul: kurash turlari va uni o‘qitish metodikasi faniga kirish


Kuch va uni rivojlantirish uslubiyati



Yüklə 0,68 Mb.
səhifə30/54
tarix16.12.2023
ölçüsü0,68 Mb.
#181865
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   54
Ma’ruzalar kursi 1 – modul kurash turlari va uni o‘qitish metod

7.1. Kuch va uni rivojlantirish uslubiyati


Jismoniy sifat bo’lmish “kuch” deganda kurashchining raqib qarshiligini engib o’tish yoki mushak kuchlanishi hisobiga unga qarshilik ko’rsatish qobiliyati tushuniladi.


Kuchning quyidagi turlarini ajartish qabul qilingan: umumiy va maxsus, mutlaq va nisbiy, tezkor va portlovchan, kuch chidamliligi.
Umumiy kuch - bu kurashchining maxsus harakatlariga taalluqli bo’lmagan holda sportchi tomonidan namoyon qilinadigan kuch. Maxsus kuch musobaqa harakatlariga mos bo’lgan maxsus harakatlarda sportchi tomonidan namoyon bo’ladi. Mutlaq kuch sportchining juda katta xususiyatiga ega harakatlarida namoyon bo’ladigan kuch imkoniyatlari bilan tavsiflanadi. Kurashda u kuch yordamida yakkama-yakka olishish uchun muhim ahamiyatga ega.
Nisbiy kuch, ya’ni sportchining 1kg vazniga to’g’ri keladigan kuch kurashchining shaxsiy og’irligini engib o’tish imkoniyati ko’rsatkichi hisoblanadi. Bu usullarning tezkorlik bilan bajarilishida muhim ahamiyatga ega.
Tezkor kuch mushaklarning nisbatan kichik tashqi qarshilikni engib o’tish bilan bog’liq harakatlarni tez bajarishga bo’lgan qobiliyatida aks etadi.
Portlovchan kuch qisqa vaqt ichida o’z shiddatiga ko’ra katta kuchlanishlarni namoyon qilish qobiliyatini tavsiflaydi.
Kuch chidamliligi - bu sportchining nisbatan uzoq vaqt davomida mushak kuchlanishlarini namoyon qilishga bo’lgan qobiliyatidir. Kurashchining kuch imkoniyatlarini rivojlantirish uchun quyidagi uslublar qo’llaniladi: takroriy kuchlanishlar; qisqa muddatli maksimal kuchlanishlar; tobora o’sib boradigan og’irliklar, zarbdor, birgalikda ta’sir ko’rsatish; variantililik; izometrik kuchlanishlar uslublari.
Takroriy kuchlanishlar uslubi shundan iboratki, sporchi mashqni “so’ngi nafasgacha” bajarishda maksimal og’irlikdan 70-80% ga teng bo’lgan og’irliklar bilan mashqlarni takroran bajaradi. Ushbu uslub kuch mashkini seriyalab bajarishni nazarda tutadi. Har bir seriya - “so’ngi nafasgacha”, hammasi bo’lib 3-4 seriya, seriyalar o’rtasidagi dam olish oralig’i 3-4 min.
Takroriy kuchlanishlar uslubining bir turi dinamik kuchlanish uslubi hisoblanadi. U mashqlarni maksimumdan 20-30% og’irlikda chegaradagi tezlikda bajarish bilan tavsiflanadi. Bunda katta mushak zo’riqishi og’irlik vazni hisobiga emas, balki yuqori tezlikdagi harakat hisobiga erishiladi.
Qisqa muddatli maksimal kuchlanish uslubi hozirgi paytda mushaklarning mutlaq kuchini oshirish uchun eng samarali hisoblanadi. U chegaradagi va chegaraga yaqin bo’lgan og’irliklar bilan ishlashni nazarda tutadi. Mushaklar trenirovkasida maksimal kuchlanishlar uslubi trenajerlarda va bitta yondashishda bitta-ikkita harakatlar yordamida, katta og’irlikdagi shtanga bilan bajariladigan mashklarda (jim, siltab kutarish, dast ko’tarish, o’tirib-turish) namoyon bo’ladi. Trenirovkada hammasi bo’lib 3-4 ta yondashish bajariladi. Yondashishlar o’rtasidagi dam olish oralig’i - 3-5 min.
Tobora o’sib boradigan og’irliklar uslubi bitta trenirovka mashg’ulotida singari keyingilarida ham qarshilik ko’rsatish hajmining asta-sekin o’sib borishini nazarda tutadi.
Trenirovka mashg’ulotida birinchi yondashishda sportchi 10 marta ko’tara oladigan (10 MT) og’irlikdan 50% ga teng og’irlik bilan boshlash tavsiya etiladi. Ikkinchi yondashishda mashq 10 MT dan 75% og’irlik bilan bajariladi, uchinchi yondashishda esa - 10 MT dan 100% og’irlik bilan bajariladi. Trenirovka davomida hammasi bo’lib 3 ta yondoshish amalga oshiriladi. Yondashishlar o’rtasidagi dam olish oralig’i 2-4 min. Har bir yondashishda mashq chegaradagi tezlik bilan aniq toliqib qolgunga qadar bajariladi.
Zarbdor uslub tushadigan og’irlikning kinematik energiyasi va shaxsiy gavda og’irligidan foydalanish yo’li orqali mushak guruhlarini zarbdor rag’batlantirishga asoslangan.
Mashqlanayotgan mushaklarning kamayayotgan og’irlik energiyasini yutib olishi mushaklarning faol holatga keskin o’tishiga, ish kuchlanishining tez rivojlanishiga yordam beradi, mushakda qo’shimcha kuchlanish imkoniyatini hosil qiladi. Bu keyingi itaruvchi harakat shiddati va tezkorligini hamda qoloq ishdan engib o’tiladigan ishga tez o’tishni ta’minlaydi.
Oyoqlar portlovchan kuchini rivojlantirishning zarbdor uslubini qo’llash usuli sifatida ketidan balandlikka yoki uzunlikka sakrash bilan bajariladigan chiqurlikka sakrash mashqlarini aytish mumkin. Mashq 70-80 sm balandlikdan oyoq tizzalarini biroz bukkan holda erga tushib, ketidan tez va shiddat bilan yuqoriga otilib chiqish orqali bajariladi. Sakrashlar seriyalab: 2-3 seriyada, har bir seriyada 8-10 tadan sakrashlar bajariladi. Seriyalar o’rtasidagi dam olish oralig’i 3-5 min. Mashq haftada ko’pi bilan ikki marta bajariladi.
Birgalikda ta’sir ko’rsatish uslubi shunga bog’liqki, kurashchining kuch imkoniyatlarini rivojlantirish bevosita ixtisoslashgan mashqlarni bajarish paytida sodir bo’ladi. Bir vaqtning o’zida kurashchining kuch qobiliyatlari va texnik-taktik harakatlari rivojlantiriladi hamda takomillashtiriladi. Kurashda birgalikda ta’sir ko’rsatish uslubdan foydalanishga misol tariqasida shunday mashqlarni keltirish mumkinki, kurashchi bu mashqlarda o’z texnik harakatlarini og’irroq vazn toifasidagi raqib bilan takomillashtiradi.
Og’irlikning optimal o’lchamini aniqlab olish juda muhimdir. Haddan tashqari katta o’lcham harakat malakasi tarkibining buzilishiga olib keladi, bu oqibatda harakat texnikasiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Variantililik uslubi asosan turli vazndagi og’irliklar bilan maxsus mashqlarni bajarishni ko’zda tutadi. Har xil vazndagi sheriklar bilan mashqlar seriyalab bajariladi. Bitta seriyada avval og’irroq vazn toifasidagi rakib bilan 10-12 ta tashlash bajariladi, so’ngra teng vazndagi raqib bilan 15-16 ta tashlash, shundan keyin o’z vazn toifasidagi raqib bilan 10-12 ta tashlash bajariladi. Hammasi bo’lib 3 seriya bajariladi. Dam olish oralig’i - 3-4 min. Tezkor-kuch sifatlarini (me’yordagi, kichik) rivojlantirishda variantlilik usulubi ayniqsa samaralidir.
Usullarni ancha og’ir raqib bilan takomillashtirish alohida kuch imkoniyatlarini rivojlantirishga, kichik vazn toifasidagi raqib bilan esa - tezkorlik imkoniyatlarini rivojlantirishga yordam beradi. Bu oqibatda musobaqa mashqida natijaning oshishiga olib keladi.
Mushaklarning izometrik kuchlanishi uslubi turli mushak guruhlarining 4-6 sek. davom etadigan statik maksimal kuchlanishini nazarda tutadi. Izometrik mashqlarning qiymati shundaki, ularning hajmi uncha katta emas, ko’p vaqt olmaydi, bajarilishi ancha oson. Bundan tashqari, ularning yordamida ma’lum bir mushak guruhlariga zarur yoki holatlarda, gavda qismlarini bukish yoki yozishning tegishli bo’g’im burchaklarida tanlab ta’sir ko’rsatish mumkin.


7.2. Tezkorlik va uni rivojlantirish uslubiyati


Kurashchi tezkorligi - bu uning mumkin qadar qisqa vaqt ichida ayrim harakatlar va usullarni bajarish qobiliyatidir. Tezkorlik sifatini yaxshi rivojlantirmasdan kurashda yuqori natijalarga erishib bo’lmaydi. O’z raqibidan xatto sekundning yuzdan bir bo’lagiga tezroq harakat qiladigan kurashchi uning oldida muhim ustunlikka ega bo’ladi.


Kurashchi tezkorligi ko’p jihatdan uning asab jarayonlari harakatchanligiga, sharoitlarga, raqib harakatlaridagi ko’rim-siz o’zgarishlarni sezishga bo’lgan sezgirlik unda qay darajada rivojlanganligiga, bellashuvda har safar yuzaga kelgan vaziyat-ni bir zumda qabul kilish va to’g’ri baholay olish malakasiga, taktik harakatlarni o’z vaqtida va aniq bajarishga bog’liq.
Tezkorlikni rivojlantirish uchun quyidagi uslubllar qo’llaniladi:
Mashqlarni engillashtirilgan sharoitlarda bajarish uslubi. Harakatlar va katta tezkorlik bilan bajariladigan alohida harakatlarni engillashtirilgan sharoitlarda ko’p mar-ta takrorlash. Masalan, usulni kichik vazn toifasidagi sherik bilan tezkorlikka e’tibor qaratgan holda bajarish. Mashqlarni engillashtirilgan sharoitlarda bajarish tezligi bo’yicha oddiy sharoitlarda bajariladigan harakatlardan osha-digan o’ta tez harakatlarning bajarilishini rag’batlantiradi Masalan, yugurish tezligini oshirish uchun qiyalangan yo’lkacha bo’ylab (tog’dan) yugurish qo’llaniladi.
Mashqni og’irlashtirilgan sharoitlarda bajarish uslubi. Kurashchi musobaqalarda duch keladigan sharoitlardan xam ancha qiyin sharoitlarda maksimal tezkorlik bilan bajariladigan harakatlarni ko’p marta takrorlash. Masalan, og’ir vazndagi sherik bilan maxsus mashqlarni bajarish.
Takroriy kuchlanishlar uslubi. Ikki xil ko’rinishda qo’llaniladi:
- mashqlarni chegaradagi va chegara atrofidagi tezlik bilan bajarish;
- mashqlarni shunday sharoitda bajarishki, bunda chega-radagi kuch zo’riqishlari nisbatan engil yukni katta tezlik bilan bir joydan ikkinchisiga o’tkazish yo’li orqali ta’minlanadi.
O’yin va musobaqa usullari ham katta ahamiyatga ega bo’lib, ulardan foydalanish sportchining emotsional muhiti, ruhiy holati, raqobatchilik hissining o’zgarib turishi hisobiga tezkorlikni rivojlantirish uchun qo’shimcha turtki (rag’bat) bo’lishi mumkin.
Kurashchining tezkorlik sifatlarini tarbiyalash uchun maksimal tezlik bilan bajariladigan mashqlar (ular, odatda, tezlik mashqlari, deb ataladi) qo’llaniladi. Tezlik mashqlarining texnikasi ularning chegaradagi tezliklarda bajarilishini ta’minlashi shart. Mashqlarni bajarish paytida asosiy kuchlanishlar bajarish usuliga emas, balki uning tezligiga qaratilishi uchun mashqlar shunchalik yaxshi o’rganilgan va egallangan bo’lishi kerak. Mashqlar davomiy-ligi shunday bo’lishi zarurki, bajarish oxiriga kelib tezlik, toliqishga qaramasdan, pasaymasligi shart.
Tezlik mashqlarini bajarish tartiblari katta ahamiyatga ega. Har bir mashq davomiyligi 20 sek.dan oshmasligi lozim, dam olish oralig’i, mashqni takrorlash boshida, bir tomondan, kurashchining tiklanishishini, ikkinchi tomondan, uning mar-kaziy asab tizimini optimal qo’zg’aluvchanligini ta’minlashi, optimal bo’lishi kerak.
Oraliqlarda dam olish faol bo’lishi lozim. Buning uchun tanaffuslarda katta kuchlanishlarni talab qilmaydigan turli xil mashklar bajariladi.


7.3. Chidamlilik va uni rivojlantirish uslubiyati


Kurashchining chidamliligi - bu butun bellashuv davomida harakatlarni yuqori sur’atda bajarish va butun musobaqa davrida bir nechta bellashuvlarni shiddat bilan o’tkazish qobi- liyatidir. Yuqori darajadagi chidamlilik kurashchiga katta trenirovka va musobaqa nagruzkalarini o’zlashtirishga, muso-baqa faoliyatida o’zining harakat qobiliyatlarini to’laqonli ravishda amalga oshirishga imkon beradi.


Kurashda umumiy va maxsus chidamlilik farqlanadi.
Umumiy chidamlilik deganda sportchining sust shiddatdagi ishni uzoq vakt bajarishga bo’lgan qobiliyati tushuniladi.
Maxsus chidamlilik kurashchining musobaqa bellashuvi da-vomida turli xususiyatdagi harakatlar va amallarni har xil kuchlanishlar bilan hamda gavdaning turli holatlarida yuqori sur’atda bajarish qobiliyati orqali tavsiflanadi.
Kurashchining musobaqa faoliyati ko’p qirrali va mushak tizimining ulkan ishi bilan bog’liq (kurashda statik va dinamik tartibda ishlovchi deyarli hamma mushak guruhlari qatnashadi). Shuning uchun chidamlilik nafaqat ishlayotgan mushaklarga etkazib beriladigan kislorod miqdori bilan, balki mushaklarning o’zining uzoq vaqt davom etadigan kuchli zo’riqishli ishga bo’lgan moslashishi bilan aniqlanadi. Sportchi trenirovka va musobaqa faoliyatida ma’lum bir toliqishni engib o’tgan taqdirdagina uning chidamliligi takomillashadi. Jismoniy toliqish va chidamlilik asosida mushak faoliyatining turli xildagi ta’minoti jarayonlari yotganligini bilgan holda ularning faoliyat ko’rsatish darajasini oshirish uchun ularga maqsadli ta’sir etish mumkin.
Trenirovka nagruzkasi, sportchi organizmiga ta’sir ko’rsatish chorasi sifatida, quyidagi tavsiflar bilan belgilanadi:
- mashq shiddati;
- mashq davomiyligi;
- takrorlash soni;
- dam olish oralig’i davomiyligi;
- dam olish xususiyati.
Bajarilayotgan mashq shiddati energiya ta’minotining aerob va anaerob jarayonlari nisbati xususiyatiga ta’sir ko’rsatadigan nagruzkaning eng muhim tavsifi hisoblanadi. To’rtta shiddat zonasini ajartish qabul qilingan: maksimal, submaksimal, katta, sust.
Mashq davomiyligi uni bajarish shiddatiga nisbatan teskari bog’liqlikka ega. Ish davomiyligining 20 - 25 sekunddan 4 -5 minutgacha ko’payishi bilan uning shiddati keskin kamayadi. Mashqning energiya ta’minoti turi uning davomiyligiga bog’liq.
Anaerob-alaktat rejimdagi mashqlar davomiyligi 3-8 sekundga, anaerob-glikolitik rejimda 20 sekunddan 3 minutgacha hamda aerob rejimda - 3 minutdan va ko’proqqa teng.
Ko’p sonli tadqiqotlar natijalariga asoslanib, davomiyligi har xil bo’lgan maksimal jismoniy nagruzkada anaerob va aerob jarayonlarning umumiy energetik metabolizmga nisbatan hissasini aniqlash mumkin.


Mashqlarni takrorlash soni ularning organizmga ta’sir ko’rsatish darajasini belgilaydi.
Aerob sharoitlarda ishlashda takrorlash sonini ko’paytirish nafas olish va qon aylanish organlari faoliyatini yuqori darajada uzoq vaqt ushlab turishga majbur qiladi.
Anaerob rejmida mashqlarni takrorlash soni kislorodsiz mexanizmlarning tugashiga yoki markaziy asab tizimining qurshovda qolishiga olib keladi.
Dam olish oralig’i davomiyligi organizmning trenirovka nagruzkasiga bo’lgan javob reaktsiyasi hajmi singari, uning xususiyatini ham aniqlash uchun katta ahamiyatga ega. Bunda dam olish oraliqlarida sodir bo’ladigan tiklanish jarayonlari quyidagilardan iborat:
- tiklanish jarayonlari tezligi bir xil emas - avval tiklanish tez kechadi, so’ng sekinlashadi;
- turli ko’rsatkichlar xar xil vaqtdan keyin tiklanadi (geteroxronlilik);
- tiklanish jarayonida ish qobiliyati va boshqa ko’rsatkichlarning fazali o’zgarishi kuzatiladi.
Dam olish oralig’i tiklanish uchun etarli bo’lgan sust shiddatli mashqlarni bajarishda har bir keyingi urinish taxminan avvalgisiga o’xshagan ko’rinishda boshlanadi.
Ushbu holda dam olish oralig’ini kamaytirishda nagruzka ko’proq aerob nagruzkaga aylanadi, chunki odatda 3-4 minutga kelib vujudga kelayotgan nafas olish jarayonlari ham o’z kuchini saqlab qolgan bo’ladi.
Maksimal va submaksimal quvvatli mashqlardagi dam olish oralig’ini kamaytirish nagruzkani anaerob nagruzkaga aylantiradi, chunki mashq takrorlangan sari kislorod qarzi oshib boradi.
Dam olish xususiyati mashqlar o’rtasida faol, sust va aralash bo’lishi mumkin.
O’qitishning kritik nuqtasiga yaqin bo’lgan tezlikda ishlash paytida faol dam olish nafas olish jarayonlarini yuqori darajada ushlab turishga yordam beradi va ishdan dam olishga hamda aksincha holatga keskin o’tishning oldini oladi. Bu nagruzkani ko’proq aerob nagruzkaga olib keladi. Bundan tashqari, og’ir mehnatdan so’ng faol dam olish tiklanish jarayonlarini tezlashtiradi. Mashqlar o’rtasida sust dam olish paytida sportchi, butkul tinch holatda bo’lib, hech qanday harakatlarni bajarmaydi.
Chidamlilikni rivojlantirish uchun quyidagi uslublar qo’llaniladi: bajariladigan mashqlar hajmi va shiddatini oshirish, o’zgaruvchan, oraliqli, o’zgaruvchan-oraliqli, takrorlash.
Hajmni oshirish uslubi shundan iboratki, jismoniy mashqlarni bajarish vaqti mashg’ulotlardan mashg’ulotga asta-sekin oshib boradi. Bu uslub mashg’ulotlar sonini ko’paytirishini nazarda tutadi.
Shiddatni oshirish uslubi jismoniy mashqlarni bajarish sur’ati, shuningdek butunlay mashg’ulot zichligini mashg’ulotdan mashg’ulotga asta-sekin oshirib borishni ko’zda tutadi.
O’zgaruvchan uslub shundan iboratki, jismoniy mashqlar har xil sur’atda bajariladi. Bunda past sur’atda o’tkaziladigan vaqt bo’laklari mashg’ulotdan mashg’ulotga kamayib, baland sur’atda o’tkaziladiganlari ortib boradi.
Oraliqli uslub shundan iboratki, bunda jismoniy mashqlar bo’laklarga bo’linib (seriyalab), sust va faol dam olish oraliqlari bilan bajariladi. Trenirovka vazifalari mashqlarni bajarish sur’ati va davomiyligiga, shuningdek kurashchining mashqlanganlik darajasi hamda kayfiyatiga qarab, ish hamda dam olish oraliqlari davomiyligiga ko’ra har xil bo’lishi lozim.
Takrorlash uslubi shundan iboratki, sportchi bir mashg’ulotning o’zida yoki bir nechta mashg’ulotda xajmi va shiddatiga ko’ra bir xil bo’lgan mashqlarni takrorlaydi.
Sport trenirovkasi jarayonida hamma uslublar bir-biri bilan turlicha uyg’unlashtirilgan holda qo’llaniladi. Chidamlilikni tarbiyalash samaradorligi ko’p jihatdan trenirovka jarayonining oqilona tuzilganligi bilan belgilanadi. Turli yo’nalishdagi mashqlarni bajarishda ma’lum bir ketma-ketlikka amal qilish va ularning ijobiy o’zaro ta’sir etishini ta’minlash juda muhimdir. Quyidagi ketma-ketlikka rioya etish maqsadga muvofikdir:
- avval alaktat-anaerob mashqlar (tezkor va tezkor kuch), so’ngra anaerob-glikolitik (kuch chidamliligi uchun) mashqlar;
- avval alaktat -anaerob, so’ngra aerob mashqlar (umumiy chidamlilik uchun);
- avval anaerob-glikolitik, keyin aerob mashqlar.
Agar mashqlar ketma-ketligi teskari bo’lsa, tez trenirovka samarasining o’zaro ta’siri salbiy bo’ladi hamda bunday mashg’ulot kam foyda beradi.


7.4. Chaqqonlik va uni rivojlantirish uslubiyati


Kurashchining chaqqonligi - bu harakatlarni nazorat qila olish, bellashuvda to’satdan o’zgarib turadigan vaziyatda tez hamda aniq yo’l tutish va tegishli harakatlarni oqilona bajarish qobiliyatidir.


Chaqqonlik deganda sportchining koordinatsion qobiliyatlari yig’indisi tushuniladi. Shunday qobiliyatlardan biri yangi harakatlarni egallash tezligi, ikkinchisi - to’satdan o’zgaradigan vaziyat talablariga muvofiq harakatlarni tez qayta qurish hisoblanadi.
Chaqqonlik sportchini o’rgatish jarayonida rivojlantiriladi. Buning uchun yangi harakatlarni muntazam egallab borish lozim. Chaqqonlikni rivojlantirish uchun har qanday mashqdan foydalanish mumkin, lekin ularda yangilik elementlari bo’lishi shart.
Chaqqonlikni rivojlantirishning ikkinchi yo’li mashqning koordinatsion murakkabligini oshirishdan iborat. Bunday murakkablik harakatlarni yuqori darajada aniq bajarish, ularning o’zaro muvofiqligi, to’satdan o’zgarib turadigan vaziyatga mosligiga bo’lgan talablarni oshirish bilan aniqlanishi mumkin.
Uchinchi yo’li - bu nooqilona mushak kuchlanishi bilan kurashish, chunki chaqqonlikni namoyon qilish ko’p jihatdan mushaklarni zarur hollarda bo’shashtirish malakasiga bog’liq.
Kishi koordinatsiyasini rivojlantirishning to’rttinchi yo’li - uning gavda muvozanatini ushlab turish qobiliyatini oshirishdir. Bunday qobiliyatni rivojlantirishning bir nechta usullari mavjud:
1) muvozanatni ushlab turishni qiynlashtiruvchi harakatlardagi mashqlar;
2) akrobatika va gimnastika mashqlari;
3) hamma tekisliklarda boshni tez harakatlantirish yordamida bajariladigan mashqlar.
A.I.Yarotskiy (1971) kompleksiga (majmuasiga) beshta mashq kiradi: boshni chapga va o’ngga burish; boshni oldinga va orqaga eshish; boshni yon tomonlarga egish; soat millari bo’ylab aylanma harakatlar; soat millariga qarishi tomonga aylanma harakatlar. Bu mashqlar tez sur’atda kuniga uch marta 10 minutgacha bajariladi.
Kurashchi chaqqonligini rivojlantirishning hamma vositalarini ikkita bo’limga ajratish maqsadga muvofiqdir: umumiy chaqqonlikni rivojlantirish vositalari va maxsus chaqqonlikni rivojlantirish vositalari.
Umumiy chaqqonlikni rivojlantirish vositalari umuman harakatlanish tajribasi va harakat koordinatsiyasini boytishga qaratilgan. Maxsus chaqqonlikni rivojlantirish vositalari kurashchining o’ziga xos maxsus harakatlanish koordinatsiyasini hamda musobaqa faoliyatining favqulodda sharoitlarida o’zining o’z harakatlarini baholay olish va qayta qurish qobiliyatini takomillashtirishga qaratilgan.


7.5. Egiluvchanlik va uni rivojlantirish uslublari


Egiluvchanlik - bu kurashchining katta amplitudada harakatlarni amalga oshirish qobiliyatidir. Egiluvchanlik bo’g’imlardagi harakatchanlik bilan aniqlanadi. U, o’z navbatida, bir qator omillarga bog’liq: bo’g’im sumkalarining tuzilishi, paylar, mushaklar cho’ziluvchanligi va ularning cho’zilish qobiliyati. Bir nechta egiluvchanlik turlari mavjud.


Faol egiluvchanlik - bu shaxsiy mushak kuchlanishlari hisobiga harakatlarni katta amplitudada bajarish qobiliyatidir.
Sust egiluvchanlik - bu tashqi kuchlar: og’irliklar, raqib harakatlari hisobiga harakatlarni katta amplitudada bajarish qobiliyatidir. Sust egiluvchanlik hajmi faol egiluvchanlikning tegishli ko’rsatkichlaridan yuqori.
Dinamik egiluvchanlik - dinamik xususiyatlarga ega mashqlarda namoyon bo’ladigan egiluvchanlikdir.
Statik egiluvchanlik - statik egiluvchanlikka ega mashqlarda namoyon bo’ladigan egiluvchanlikdir.
Umumiy egiluvchanlik - turli yo’nalishlarda eng yirik bo’g’imlarda katta amplituda bilan harakatlarni bajarish qobiliyatidir.
Maxsus egiluvchanlik - kurashchining texnik-taktik xususiyatlarga tegishli bo’g’imlar va yo’nalishlarda harakatlarni katta amplituda bilan bajarish qobiliyatidir. Cho’ziltiruvchi mashqlar: oddiy, prujinali harakatlar, o’zini ushlagan holda siltanishli, tashqi yordam bilan bajariladigan harakatlar egiluvchanlikni rivojlantirishning asosiy vositalari hisoblanadi.
Bunday mashqlar bilan shug’ullanish paytida bir qator uslubiy shartlarni bajarish lozim:
1) mashqlarni boshlashdan oldin albatta badan qizdirish mashqlarini kiritish;
2) muayyan maqsadlarni oldinga qo’yish, masalan, gavda yoki buyumning ma’lum bir nuqtasiga qo’lni tekkazish;
3) cho’ziltirish mashqlarini ma’lum bir ketma-ketlikda seriyalab bajarish: qo’llar uchun, gavda uchun, oyoqlar uchun;
4) cho’ziltirish mashqlari seriyalari orasida bo’shashtirish mashqlarini bajarish;
5) mashqlarni bajarish paytida asta-sekin ularning amplitudasini oshirish;
6) mashqlarni bajarishda shuni hisobga olish lozimki, harakatchanlikni rivojlantirishning eng asosiy uslubi - bu takrorlash uslubi hisoblanadi.
Bir-ikki oyda har kuni ikki marta shug’ullanuvchilarning alohida qobiliyatlariga qarab 25-50 takrorlashdan iborat me’yordagi cho’ziltirishga qaratilgan mashqlardan tashkil topgan mashg’ulotlar davomida egiluvchanlik ancha o’sishi mumkin.

7.6. O’smir yoshdagi kurashchining jismoniy tayyorgarligi


O’smir yoshdagi jismoniy tayyorgarlik to’g’ri qaddi-qomatni, harakatlanish malakalarini shakllantirish, har tomonlama jismonan takomillashtirish, kurashda texnik harakatlarni egallash uchun zarur bo’lgan jismoniy sifatlarni rivojlantirishni o’z ichiga oladi.


12-14 yoshda tezkorlik, chaqqonlik va egiluvchanlikni rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. 15-16 yoshdagi o’smirlarda kuch rivojlana boshlaydi va tezkorlik kuch mashqlarini bajarishga qobiliyat namoyon bo’ladi. 16-18 yoshda ko’p kuch va tezlik talab etiladigan mashqlar osonroq o’zlashtiriladi, chidamlilikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. O’smir kurashchilarni tayyorlashda shularni e’tiborga olish juda muhimdir.
Chidamlilikni boshqa jismoniy sifatlar bilan birga rivojlantirish zarur. Professor V.P.Filinning (1980) ta’kidlashicha, bu yoshda chidamlilikka qaratilgan uzoq vaqt davom etadigan va bir tomonli trenirovka o’smirlarga xos bo’lgan tezkorlik nagruzkalariga moslashishni pasaytiradi.
12-15 yoshda kuchni rivojlantirish asosan o’z massasi og’irligi, to’ldirma to’plar, gantellar, gimnastika tayoqchalari, sherik (turli og’irlikdagi) bilan hamda turli gimnastika sport anjomlarida mashklar bajarish yordamida amalga oshirilishi lozim.
16-18 yoshdagi kurashchilarda kuchni rivojlantiruvchi mashqlar sport anjomi og’irligini oshirish, dastlabki holatni o’zgartirish, mashq bajarish vaqtini uzaytirish, mashqlar orasidagi dam olish vaqtini kamaytirish hisobiga murak- kablashtiriladi.
Yosh o’smirlarning chidamliligini rivojlantirishda ehtiyotkor bo’lish lozim o’rtacha nagruzkalar, kichik me’yor yoki dam olish uchun tanaffusli o’quv-trenirovka bellashuvlaridan iborat mashqlar). Nagruzkalarga moslashib borgan sari dam olish tanaffuslari qisqartiriladi. Masalan, tik turishda 2Q2 kurashida (navbatma-navbat hujumlar va himoyalar) 3 minutlik tanaffus asta-sekin 1 minutgacha qisqartiriladi. Parterda 2Q2 bo’lib 1 minut tanaffus bilan navbatma-navbat kurashishda trenirovka vaqtini 3Q3 gacha uzaytiriladi. Keyinchalik kurash sur’atini kuchaytirish mumkin. Chidamlilikni rivojlantirish uchun chegaralangan joyda bir tomonlama qarshilik bilan (biri faqat hujum qiladi, ikkichisi faqat himoyalanadi), parterdan yuqori yoki tik turishga chiqish bilan kurash o’tkaziladi. Bu mashqlar qiyin holatlardan chiqib ketish yo’lini topishga o’rgatadi.
Professor V.P.Filin tadqiqotlarining ko’rsatishicha 13 yoshda bo’g’imlarda harakatchanlik yangidan oshadi,15 yoshda u eng katta hajmga ega bo’ladi, 16-17 yoshda harakatchanlik ko’rsatkichlari kamayadi. Shu sababli o’smirlik yoshida egiluvchanlik va bo’g’imdagi harakatchanlik mashqlari majburiydir.
12-18 yoshda egiluvchanlik va bo’g’imlardagi harakatchanlik buyumlarsiz hamda kichik og’riqlar bilan (gimnastika tayoqlari, gantellar, to’ldirma to’plar) bajariladigan faol-sust xususiyatiga ega mashqlar orqali yoki asta-sekin harakat amplitudasini kuchaytiruvchi va kengaytiruvchi sherik yordamida rivojlantiriladi. Shuningdek qaddi-qomatni shakllantirish mashqlari kattalarga nisbatan ko’p qo’llaniladi.
Shunday qilib, o’smirlarning har tomonlama jismoniy tayyorgarligi ko’pgina vositalar yordamida amalga oshiriladi.
Yosh o’smirlar bilan ko’proq o’yin uslubi qo’llaniladi, mashg’ulotlar turlicha va ehtirosli o’tkaziladi. Hamma mashqlar asosiy mashg’ulot shakli - darsda bajariladi.
O’smir kurashchining jismoniy tayyorgarligini maqsadli amalga oshirish uchun kurashdagi o’quv-trenirovka jarayonida saf (tartibli) mashqlar (saflanish, buyruqlarni bajarish, qadam tashlab va yugurib harakatlanishlar) qo’llaniladi. Ularning maqsadi - kurash mashg’ulotini tashkil etish, to’g’ri qaddi-qomatni shakllantirish, intizom, o’zaro munosabat va tartibni tarbiyalashdir. Saf mashqlari darsning kirish, tayyorlov va yakuniy qismida mashqlarni bajarish uchun guruhlarni tashkil qilish, saflantirish va qayta saflanish uchun, shuningdek nagruzkadan so’ng zo’riqishni bartaraf etish maqsadida bajariladi.
Umumiy rivojlantiruvchi mashqlar qatoriga oddiy gimnastika (qo’llar, oyoqlar, gavda, og’irliklar bilan, og’irliklarsiz, buyumlar bilan va buyumlarsiz hamda sheriklar bilan) mashqlari va og’ir atletika, eshkak eshish, sport o’yinlari kabi sport turlaridagi ba’zi mashqlar kiradi. Bunday mashqlar kurashchining jismoniy rivojlanishini yaxshilaydi,harakat malakalari zahirasini kengaytiradi, organizmning fukntsional imkoniyatlarini oshiradi, ish qobiliyatining tiklanishiga yordam beradi. Umumiy rivojlantiruvchi mashqlar bilan bir vaqtda asab-mushak kuchlanishlari xususiyati va o’smir organizmining ish tartibiga ko’ra o’xshash bo’lgan mashqlarni ko’proq qo’llash zarur. Turli sport turlaridan olingan mashqlar, ularni bajarish xususiyati va shartlariga qarab, jismoniy sifatlarni rivojlantirishda turli pedagogik vazifalarni hal etishga imkon berdi. Asosan kuch, chidamlilik, tezkorlik, egiluvchanlik va chaqqonlikni tarbiyalashga qaratilgan mashqlarni ajratish qabul qilingan. Og’irliklar bilan (tayoqlar, gantellar, to’ldirma to’plar va h.k.) gimnastika mashqlarini ko’p marta bajarish kuch chidamliligini rivojlantiradi. Ushbu mashqlarni katta tezlikda qisqa vaqt ichida bajarish tezkorlik sifatlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Har bir mashq ma’lum bir sifatni yoki bir guruh sifatlarni rivojlantiradi. Masalan, sherik qarshiligida yoki shtanga bilan bajariladigan mashqlar, o’z og’irligi bilan tortilish hamda qo’llarni bukib-yozish mashqlari kuchni; kesishgan joyda yugurish - chidamlilikni; katta tezlik bilan bajariladigan gimnastika mashqlari, qisqa masofalarga yugurish - kurashda harakat tezligini tarbiyalashga yordam beradi. Basketbol o’yini chaqqonlik, chidamlilik va tezkorlikni kompleks holda tarbiyalashga imkon yaratadi.
Yuqori emotsional qo’zg’alishda katta bo’lmagan shiddat bilan bajariladigan umumiy rivojlantiruvchi mashqlar organizm ish qobiliyatini, ayniqsa shiddatli mashg’ulotlar o’tkazilgandan so’ng asab tizimini tiklashga yordam beradi. Ular ertalabki badan tarbiya vaqtida va trenirovka mashg’ulotlarida darsning birinchi bo’lagida (tayyorlov qismida) hamda asosiy qism oxirida qo’llaniladi. Bundan tashqari, o’rmonda, dalada, daryo bo’yida (suzish, eshkak eshish va to’p o’ynash bilan) jismoniy tayyorgarlik bo’yicha maxsus mashg’ulotlarni tashkil qilib turish shart.
Kurash mashg’ulotlarida katta jismoniy nagruzkadan so’ng organizmni nisbatan tinch holatga keltirish uchun o’smirlarni mushaklarni bo’shashtirishga, nafas olishni tinchlantirishga (o’ta bo’shashtirilgan mushaklarni silkitish harakatlari, chuqur nafas olish uchun o’pka qafasini kengaytiruvchi mashqlar va h.k.) qaratilgan mashqlarni mustaqil bajariga o’rgatish zarur.
Mushaklarni bo’shashtirishga qaratilgan mashqlar hatto bellashuv jarayonida ushlash va zo’riqishdan holi bo’lgan qisqa vaqt ichida kuchning yanada tez tiklanishiga yordam beradi.

Yüklə 0,68 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   54




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin