2. Tog‘ jinslari va jins hosil qiluvchi minerallar Tog‘ jinslari shakllanish jixatidan uch genetik guruxlarga bo‘linadi: silikatli qotishma (magma) ning qayta kristallanishidan hosil bo‘lgan magmatik jinslar, tog‘ jinslarining nurashidan hosil bo‘lgan cho‘kindi tog‘ jinslari, er qatlamida fizik-kimyoviy sharoitda qayta kristallanib, ko‘rinishi o‘zgargan metamorfik tog‘ jinslaridir (2.1-jadval).
2.1 Magmatik tog‘ jinslar
Magmatik jinslar magmaning vulkanik harakatlar natijasida er yuziga toshib chiqishidan yoki erning yoriq va bo‘shliqlarida qotishidan hosil bo‘ladi. Magmaning sovush sharoitiga nisbatan chuqurlikda qotgan (intruziv) va toshib chiqqan (effuziv) turlarga bo‘linadi. CHuqurlikda qotgan magmatik tog‘ jinslarga granit, sienit, diorit, gabbro va boshqalar kiradi. Bunday jinslar yuqori bosim va kislorodsiz muxitda asta-sekin sovugani uchun o‘ta zich kristall strukturaga ega bo‘ladi.
Toshib chiqqan magmatik jinslar (bazalt, andezit, diabaz, porfir va sh.k.) er yuzida tezlik bilan sovushi natijasida to‘la kristallanmagan bo‘ladi. Sovush davrida gazsimon moddalarning ajrab chiqishi g‘ovak toshlarni (pemza, tuf) hosil qiladi.
Magmatik jinslarni hosil qiluvchi asosiy minerallarga kvars, dala shpatlari, temir-magnezialli silikatlar kiradi.
3.1-jadval