Angliya. Angliya san’ati taraqqiyotidagi yangi bosqich 17-asr 2-yarmidan
me’morchilikda namoyon bo’la boshladi. Me’mor Inigo Jons (1573-1620) mumtoz
me’morlikni dastlab A.Palladino ijodini targ’ib etishdan boshladi va bu bilan ingliz
klassizimi printsiplari shakllanishida muhim rol o’ynadi. Bu xususiya binoning
funktsional tomoni qulayligi hamda uning badiiy bezatilishini uyg’unlashtirib
yuborishga, klassik shakllarni aniq va erkin ishlatishga intilishda namoyon bo’ldi.
Jons boshlagan ishni keyin mashxur me’mor Kristofer Ren (1632-1723) davom
ettirdi. U mumtoz shakllarga milliy, o’ziga xoslik kiritishga harakat qildi. Uning
mashhur va yirik asarlaridan biri Londondagi ulug’vor va tantanali Avliyo Pavel
ibodatxonasi binosidir. Uning intererlari, kompozitsiyasi o’rta asr me’morligiga
yaqin. U lotin butiga o’xshaydi. Lekin bino konstruktsiyasi va ayniqsa, undagi
orderlar, katta gumbaz ishlanishi jihatidan mumtoz me’morlik tamoyillarini
eslatadi va ingliz klassizimining o’ziga xos xususiyatlarini namoyon qiladi.
17-asrga kelib, ingliz rassomlari va haykaltaroshligida muhim asarlar
yaratildi. Ayniqsa ingliz rassomlarining rangtasvir borasida erishgan yutuqlari
keyinchalik evropa san’ati taraqqiyotida muhim bo’ldi.
Uilyam Xogart (1697-17640 Angliyaning yirik rassomi, ingliz realistik
rangtasvirining asoschisidir. Uning rantasvir va gravyuralarida mavjud tuzum,
uning illatlari o’z ifodasini topdi. O’ziga xos novatorlik bilan ishlangan Xogart
asarlari davrning ilg’or g’oyalari bilan sug’orilgan bo’lib, ular ingliz san’atida
realizm tamoillarini mustahkamlanishiga hizmat qildi. “Go’zallikni taxlil etib”
(1753) kitobida Xogart san’atning g’oyaviy jihatiga e’tibor berib, demokratik
estetikaga xos tamoillarni ilgari surdi. U rasmiy badiiy nazariyalarni, tashqi
jihatidan chiroyli, lekin ichki mohiyati jihatidan bo’sh, hayotdan uzoq san’at
asarlarini, birinchi galda rasmiy portretlarni tanqid qildi. Kishilar turmushi, jamiyat
taraqqiyotini o’zida to’liq aks ettira oladigan maishiy janr etakchi o’rinni egallashi
kerak, dedi. O’zi shu tamoillarga sodiq xolda asarlar yaratishga intildi. Xogart ijodi
1780 yillardan boshlandi. Uning ilk asarlaridayoq rassom ijodining o’ziga xos
xususiyatlari paydo bo’ldi. U, odatda, turkumli asarlar, ya’ni bir-biri bilan bog’liq
bir necha mustaqil kompozitsiyalar yaratishni sevadi. Rassom o’z fikr va g’oyasini
turkum asarlarida sekinlik bilan bayon etib, ochib bordi. Masalan, uning
“Zamonaviy nikoh” (1735) asarlari turkumi olti tugallangan suratdan iborat bo’lib,
unda kambag’allashib qolgan zodagon o’z o’g’lini boy savdogar qiziga uylantirishi
va shu orqali boyib olishga intilishi ko’rsatiladi. Asarning so’ngida esa uning
natijasi-kuyov kelinning o’ynashi tomonidan o’ldirilishi, qotilning dorga osilishi,
kelin esa alam va uyatga chiday olmay o’z-o’zini o’ldirishi tasvirlanadi. Rassom
har-bir kompozitsiyaning tugal, tasvirlangan voqealarning tushunarli bo’lishiga
alohida e’tibor beradi.
Savollar: 1. XVII-XVIII asr Evropa san’ati taraqqiyotining sabablari nimada va bu
davr san’atida qanday o’zgarishlar sodir bo’ldi?
2. Barokko, klassitsizm va boshqa uslublar, ularning bir-biridan farqi
nimada?
3. XVII-XVIII asrda yashab ijod etgan rassomlardan kimlarni bilasiz va
ularning asarlarini aytib bering.