Umumta’lim maskanlarida matematika o’qitishdagi muammolar va ularni hal qilish usullari.
Mamlakatimizda matematika 2020-yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. O‘tgan davr ichida matematika ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi:
birinchidan, ilg‘or ilmiy markazlarda faoliyat yuritayotgan vatandosh matematik olimlarning taklif qilinishi va xalqaro ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi;
ikkinchidan, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz va ularning murabbiy ustozlari mehnatini rag‘batlantirish tizimi joriy etildi;
uchinchidan, Matematika sohasidagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi, budjet mablag‘lari hisobidan superkompyuter, zamonaviy texnika va asbob uskunalar xarid qilindi;
to‘rtinchidan, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashning birlamchi bosqichi sifatida stajor-tadqiqotlik instituti joriy etildi.
Shu bilan birga, sohada yechimini topmagan qator masalalar matematika sohasidagi ta’lim sifati va ilmiy-tadqiqot samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Jumladan:
birinchidan, matematika ta’limotining ta’lim olish bosqichlari o‘rtasidagi uzviylik to‘liq ta’minlanmagan;
ikkinchidan, umumta’lim maktablarida matematika darsliklari o‘quvchilarning yoshiga nisbatan fanni o‘zlashtirishni qiyinlashtiruvchi murakkab masalalardan iborat va boshqa fanlarda o‘tiladigan mavzular bilan uyg‘unlashtirilmagan;
uchinchidan, matematikaga qiziquvchan, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari bo‘lgan aksariyat iqtidorli yoshlarimiz hududlardan bo‘lishiga qaramasdan ularning kelgusi rivojlanishi uchun oliy ta’lim va ilm-fan sohasida zarur shart-sharoit yaratib berilmagan.
2020-yil 7-mayda Prezidentimizning “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4708-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning mazmun-mohiyati shundan iboratki, unda mamlakatimiz ilm-fan sohasidagi taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi sifatida matematika fanini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilgan.
Maʼlumki, insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilm-fanning matematizatsiyalashuv tendensiyalari tobora kuchayib bormoqda. Matematik usul va modellar amaliy hayotning barcha jabhalariga har qachongidan ham koʻproq tadbiq etilib, aniq matematik yechimlar asnosida taraqqiyotning turlicha ehtimoliy koʻrinishlari sinovdan oʻtqazilmoqda. Natijada matematikaning boshqa fanlar bilan oʻzaro aloqadorligi oʻsib, matematik modellash asosida fanlararo yondashuv zamonaviy taʼlimning barqaror xususiyatlaridan biriga aylanib qoldi. Shunisi eʼtiborliki, mazkur qarorda amaliy matematikani rivojlantirish, uni ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etish hamda turli muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlar ishlab chiqish muhimligi belgilab qoʻyilgan. Bundan tashqari, matematik modellashtirish va raqamlashtirish sohasida erishilgan yutuqlarni siyosiy fanlarni oʻqitishda keng joriy etish mumkin. Shubhasiz, bu omillar siyosiy fanlar sohasidagi tadqiqotlarning ilmiy asoslarini yana-da mustahkamlanishi, mazmunan boyishi va takomillashuviga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning qabul qilinishi mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida juda muhim boʻlgan matematikani rivojlantirish, bu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda matematik usullardan ishlab chiqarishning barcha jabhalarida keng foydalanish imkonini beradi. Zero, aniq ilmiy kategoriyalar asosida tafakkur qilish, olingan bilimlarni tizimlashtirish, puxta tahlil qilish hamda oʻzi tanlagan sohani boshqa fanlar kesimida, jumladan, matematik usul va modellar asosida yana-da mustahkamlashni davrning oʻzi talab qilmoqda.
Dostları ilə paylaş: |