Xalqaro jinoyat huquqini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning nazariy asoslari
Huquqshunoslik doktrinasidan ma'lumki, huquq manbasi tushunchasi yuridik majburiy xulq-atvor qoidasini namoyon etadigan va bu qoidaga huquqiy norma xususiyatini beradigan (masalan, konstitutsiya, qonun, farmon, davlat vakolatli organining qarori yoki farmoyishi va sh.k.) shakldir. Shunga muvofiq, xalqaro huquq manbalari - o‘zida xalqaro munosabatlar sub'ektlarining xulq-atvor qoidalarini namoyon etadigan va ushbu qoidalarga xalqaro-huquqiy normalar xususiyatini joriy qiladigan shakllardir. Yana bir ta'rif shundan iboratki, xalqaro huquq manbalari - davlatlar tomonidan tan olingan davlatlarning xohish-irodalarini muvofiqlashtirish natijalarini mujassamlashtirgan xalqaro-huquqiy normalarni qayd etish shakllaridir.
Xalqaro huquqning davlat ichki huquqidan katta farq qiluvchi o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat: birinchidan, xalqaro huquq normalari sub'ektlar tomonidan ular o‘rtasida o‘zaro kelishilgan va shu bilan umumiy xohish-irodasini ifoda etuvchi bitimlarga binoan o‘rnatiladi. Shuning uchun bunday bitimlar xalqaro-huquqiy normalarning manbai hisoblanadi; ikkinchidan, aytib o‘tilganidek, xalqaro huquqda nazarda tutilgan sub'ektlarning sub'ektiv huquqiga hamisha xalqaro huquq boshqa sub'ektlarining yuridik majburiyatlari qarama-qarshi turadi.
Xalqaro huquqning manbalari sirasida asosiy manbalardan biri xalqaro shartnoma bo‘lib, u xalqaro ommaviy huquqning tegishli normalari tomonidan tartibga solinadigan, xalqaro huquq sub'ektlari o‘rtasidagi yozma bitim sifatida tushuniladi. Bunday normalarning yig‘indisi va tizimi xalqaro huquqning xalqaro shartnomalar huquqi deb nomlanadigan alohida, nisbatan mustaqil bo‘lgan tarmog‘ini tashkil qiladi.
Xalqaro huquqni xalqaro shartnomalarsiz bir zum ham tasavvur qilib bo‘lmaydi, ular hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Shartnomalar bir necha turga bo‘lib o‘rganiladi.
Birinchi guruh shartnomalar siyosiy shartnomalardir. Unda xalqaro huquq sub'ektlari o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi, urush eki urush xavfining oldini olish, xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, xalqaro xavfsizlikni ta'minlash kabi shartlar o‘z aksini topadi.
Ikkinchi guruh shartnomalar - iqtisodiy shartnomalar hisoblanadi. Uchinchi guruh shartnomalar esa madaniyat, fan va san'at sohasidagi shartnomalardan iborat. Nazarimizda ushbu tasnifni yana ikki guruh shartnomasi bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, harbiy sohadagi shartnomalar, aloqa, kommunikatsiya, transport borasida shartnomalarni alohida bir guruhga ajratish mumkin. Huquqiy masalalar, jinoyatchilikka qarshi xalqaro kurash vositalarini takomillashtirish. insoniyatning og‘usiga aylangan giyohvand moddalarga qarshi kurash, terrorchi va jinoyatchilarni ekstraditsiya asosida qaytarish va boshqa masalalar bo‘yicha shartnomalarni yana bir alohida guruhga kiritish maqsadga muvofiqroq bo‘lar edi.
Shu o‘rinda savol paydo bo‘lishi tabiiy. Davlatlarning ichki vakolat doirasidagi masalalar ham xalqaro shartnomaning ob'ekti bo‘lishi mumkinmi? Nazariy jihatdan, ha mumkin. Biroq amalda xar bir davlat o‘z ichki masalalarini, o‘zgalar ishtirokisiz mustaqil hal qilishni afzal ko‘radi. Mabodo biron bir masala yuzasidan davlatlarning manfaatlari mos tushmasa, ziddiyat mavjud bo‘lsa, davlatlar xalqaro huquqning o‘zga davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik printsipini qalqon qilib oladi va bu printsip ularni o‘zi istagan siyosatni amalga oshirishida himoya vazifasini o‘taydi.
Xalqaro shartnomani xalqaro huquqning asosiy manbai sifatida ko‘rib chiqish jarayonida tabiiy ravishda bir savol turilishi mumkin. Xalqaro huquqning manbai bo‘la olmaydigan shartnoma ham bormi? Ha, albatta, bunday shartnoma bo‘lishi mumkin. Agar shartnoma tuzilishi jarayonida tomonlarning o‘zaro tenglik huquqi buzilib, tomonlardan birining vakilini sotib olish, kontragentni aldash, yolg‘on ishlatish, hatto xatti-harakat eki majburlash va po‘pisa qilish hollari yuz bersa, bunday shartnoma mazkur holat ma'lum bo‘lishi bilan o‘z yuridik kuchini yo‘qotadi va tabiiyki, xalqaro huquqning manbai bo‘la olmaydi. Demak xulosa qilib aytish mumkinki, faqat xalqaro huquq sub'ektlarining o‘z xohish-irodasiga binoan, xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplariga rioya qilib tuzilgan shartnomagina xalqaro huquqning manbaiga aylanadi. Xalqaro shartnomalarning ahamiyati ham turlicha bo‘ladi. Masalan: ulkan miqyosdagi keng ko‘lamli, mintaqaviy va ko‘p tomonlama shartnomalar xalqaro huquqning manbai sifatida turli vaznlarda namoyon bo‘ladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi shunday katta ahamiyatga molik bo‘lgan hujjatlardan biri bo‘lib, deyarli barcha mamlakatlar tomonidan qabul qilingan.
Hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biri, nazarimizda, xalqaro shartnomalarni tatbiq etishdir qilishdir. Ko‘plab shartnomalarning ishlamayotganligi, ko‘p hollarda ayni o‘sha mexanizmning yaxshi takomillashmagani yoki butunlay yo‘qligi sababli yuz beradi. Bu muammoni hal qilish uchun shartnomalarga aloqasi bo‘lgan idoralar va xizmatchilar, o‘zlarining sohasiga tegishli shartnoma ratifikatsiya qilingach, shartnomaning to‘liq matni va uni qanday tushunish hamda qo‘llashga oid izohni olishlari lozim. Lekin, bunday izoh yoki qo‘llanma aksariyat mavjud emas. Xizmatchilar xalqaro shartnoma qoidalarini o‘zlari qanday tushunsa, shu holicha qo‘llashga urinyapti. Masalan: prokuratura xodimlari u yoki bu jinoyatni tavsif qilishda, ularga jazo sanktsiyalarini talab qilishda faqat davlat ichki qonunlarini qo‘llaydi. Xalqaro shartnoma mavjudligi va ayni shu masala shartnoma qoidasiga binoan o‘zgacha hal qilinishi yoki kvalifikatsiya qilinishi haqida to‘liq axborotga ega emas.
Xalqaro huquq normalarini yaratish, rivojlantirish va sharhlashda xalqaro tashkilotlar va konferentsiyalarning aktlari katta ahamiyatga ega. BMT Bosh Assambleyasining deklaratsiyalar deb nomlangan ba'zi rezolyutsiyalari BMTga a'zo-davlatlar tomonidan kelishilgan bo‘lib, ularning o‘zaro munosabatlari qoidalarini o‘z ichiga oladi. Bu qoidalar amal qilayotgan xalqaro-huquqiy normalar (shartnoma yoki odat normalari) yanada muayyan ko‘rinishda qayta ishlab chiqiladi eki yangi imperativ ko‘rsatmalarni o‘zida namoyon etadi. Bunday ko‘rsatmalarga Mustamlaka mamlakatlar va xalqlarga mustaqillik berish to‘g‘risidagi 1960-yilgi Deklaratsiyani kiritish mumkin. Unda mustamlakachilikni to‘la tugatish va butun hokimiyatni qaram hududlarning xalqlariga berish choralarini qabul qilish nazarda tutiladi. Boshqa misol: BMT Ustavining 108-moddasi asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Ustavning alohida moddalariga o‘zgartirishlar (normativ xususiyatga ega bo‘lgan bunday rezolyutsiyalar 1963, 1965, 1971-yillarda qabul qilingan edi) kiritildi.
O‘z tarkibi va faoliyatining xususiyatiga ko‘ra davlatlararo (hukumatlararo) xalqaro konferentsiyalar, yig‘ilishlar, kongresslar ko‘pincha, xalqaro shartnomalarni muhokama qilish va qabul qilish uchun chaqiriladi hamda ularning davlatlar vakillari tomonidan imzolanishi bilan yakunlanadi. Konferentsiyalarning yakuniy aktlari bunday xollarda mustaqil normativ mazmunga ega bo‘lmaydi. Lekin konferentsiya ishtirokchilari bo‘lgan davlatlarning xohish-irodasiga muvofiq shartnomaviy tartibga solish sohasining muntazam kengayib borishi xalqaro munosabatlar rivojlanishining qonuniyati hisoblanadi.
Xalqaro tashkilotlarning davlatlar hamkorligini yo‘lga quyishdagi rolining kuchayish, ular qabul qilgan qarorlar bilan bu tashkilotlarda qatnashuvchi mamlakatlarning ichki huquqi o‘rtasida o‘zaro ta'sirning chuqurlashuviga olib keladi. Tashkilotlarning qarorlari ichki huquqni rivojlantirishga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida ichki huquq xalqaro tashkilotlar qarorlarini. amalga oshirishning tobora muhim vositasiga aylanmoqda.
BMT Bosh Assambleyasida qabul qilinadigan rezolyutsiyalar yuridik jihatdan davlatlar uchun majburiy emas, biroq ularning ayrimlari ichki davlat huquqiga, hatto konstitutsiyaviy huquqqa ham jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Buning yaqqol namunasi sifatida 1948-yili qabul qilingan inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasini tilga olish kifoya. Ko‘pgina mamlakatlarning konstitutsiyalarida mana shu Deklaratsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri asoslanish ko‘zga tashlanadi. Ko‘pincha konstitutsiyalarning inson huquqiga bag‘ishlangan bo‘limlari Deklaratsiyaning asosiy qoidalarini ifodalaydi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining asosiy qoidalari asosida qabul qilingan.
Bosh Assambleyaning ko‘pgina rezolyutsiyalari ichki davlat huquqiga taalluqli qoidalarni ifodalaydi. Chunonchi, 1960-yili qabul qilingan diniy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Deklaratsiya davlatlardan diniy kamsitishni keltirib chiqaradigan va qonun kuchi bilan mustahkamlaydigan qonun hamda qoidalarni bekor qilishni talab etadi.
BMT Xavfsizlik Kengashi o‘z vakolati doirasida davlatlar uchun yuridik majburiyat yuklaydigan qarorlar qabul qiladi. Agar bu qarorlarni amalga oshirish uchun ichki davlat normalari chiqarish zarurati tug‘ilsa, bunday norma chiqarilishi hamda bunday davlatlar o‘z hokimiyati ostida bo‘lgan barcha kishilar va tashkilotlar bu normalarni bajarishlarini ta'minlashga majbur. Mazkur normalarni asossiz ravishda bekor qipish Xavfsizlik Kengashi qarorlarini buzish hisoblanadi. Xavfsizlik Qengashi xalqaro huquqqa va Kengash qarorlariga zid davlat aktlarini qoralab, qonunsiz ekanligini e'lon qilib, bir qator qarorlar qabul qildi. Jumladan, 1968-yilda Xavfsizlik Kengashi qabul qilingan rezolyutsiya Isroilniig Ierusalimniig yuridik maqomini o‘zgartirishga qaratilgan hamma qonun choralarini bekor deb e'lon qildi va bu choralar ana shu maqomni o‘zgartira olmasligini ta'kidladi. Xavfsizlik Kengashi Janubiy Afrika qonunlarini Namibiya hududida tarqatish qonunga zid ekanligini ko‘rsatuvchi o‘z qarorlarini bir necha bor ta'kidlagan edi.
Evropa hamjamiyati organlarining qarorlari unga a'zo bo‘lgan mamlakatlar ichki huquqiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi. 1957-yili Evropa Hamjamiyatini tuzish to‘g‘risidagi shartnoma hamkorlikning oliy organlari Kengash va Komissiya qarorlar, ko‘rsatmalar qabul qilishini belgilaydi. Qarorlar kengashga a'zo davlatlarning har birida ichki huquq normalari ustidan ustunlikka ega. Qo‘rsatmalar davlatlarga muayyan natijalarga erishishni yuklaydi. Bunda shunday natijalarga erishishning shakl va vositalarini belgilashni ana shu davlat organlari ixtiyoriga qoldiradi. Boshqacha qilib aytganda, ko‘rsatmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki davlat ta'siriga ega emas. Qarorlar ularga qaratilgan davlatlarga ichki huquq sub'ektlarini qo‘shib hisoblaganda ham majburiy bo‘ladi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki davlat ta'sirga ega bo‘ladi.
Shunday qilib, yuqorida tahlillardan xulosa shuki, turli xil xalqaro huquq manbalarining implementatsiya qilinishi xalqaro huquq manbasining yuridik tabiatiga bog‘liq. Jumladan xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish uchun mazkur xalqaro shartnoma tegishli davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lishi shart Ayni vaqtda barcha xalqaro shartnomalar birdek implementatsiya qilinmaydi. Xar bir davlat o‘z milliy an'analardan kelib chiqqan holda xalqaro shartnoma implementatsiya qilish mexanizmini belgilab olishga haqli. Xalqaro shartnoma milliy qonunchilikda joriy qilinish tartibni belgilash har bir davlatning suveren huquqidir. Xalqaro tashkilotlar qarorlari ham davlatlar tomonidan turlicha implementatsiya qilinadi. Jumladan, agarda xalqaro tashkilot qarori davlatlar uchun tavsiyaviy ahamiyatga ega bo‘lsa, mazkur qaror davlat tomonidan umuman implementatsiya qilinmasligi yoki qisman implementatsiya qilinishi mumkin. Xalqaro tashkilotlarning majburiy qarorlari davlatlar tomonidan og‘ishmay bajarilishi lozim. Ana shunday qarorlarning davlatlar uchun yuridik majburiyligi tegishli tashkilotning yuridik maqomi yoxud mazkur tashkilotda a'zolikdan kelib chiqadigan tegishli davlatlarning majburiyatlari bilan belgilanadi.
Dostları ilə paylaş: |