Mavzu №11. MUSTAQILLIK YILLARIDA QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI
Reja:
1.Totalitarizm va Qoraqalpog’iston.
2.O’zbekiston Respublikasi tarkibida mustaqil Qoraqalpog’iston davlatining barpo etilishi.
3.Qoraqalpog’istonda mustaqillik davri odimlari. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot.
4.Qoraqalpog’iston Respublikasida ta'lim, fan va madaniyat.
5.Orol muammosi.
1. Totalitarizm va Qoraqalpog’iston.
XX asr boshlarida Markaziy Osiyo xalqlari siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta o’zgarishlar yuz berdi. 1925 yil 16 fevralda Turkiston ASSRning Amudaryo viloyati va Xiva xonligining Xo’jayli hamda Qo’ng’irot tumanlari hududida Qozog’iston ASSR tarkibida Qoraqalpog’iston Avtonom viloyati tashkil etildi. U 1930 yil 20 iyuldan RSFSR tarkibiga kirdi. 1932 yilda Qoraqalpog’iston Avtonom Respublikasiga aylantirildi.
Qoraqalpoqdar tarixida 1936 yil muhim siyosiy voqealar yili sifatida abadiy qoldi. Chunki shu yili 5 dekabrda ular o’z taqdirlarini O’zbekiston SSR tarkibiga kirish bilan belgiladi va tanlagan yo’lining istiqbolli ekanligini ko’rsata bildi.
O’zbekiston o’zining davlat mustaqilligini qo’lga kiritgach, Qoraqalpog’iston Avtonom Respublikasi mustaqil O’zbekiston tarkibidagi suveren Qoraqalpog’iston Respublikasi maqomini oldi. Bu tabiiy hodisa edi. Chunki asrlar mobaynida qoraqalpoqlar bilan o’zbek xalqi o’rtasida do’stlik, qardoshlik munosabatlari qaror topgan, turmush tarzlari va dunyoqarashlarida mushtaraklik vujudga kelgan edi. Orolbo’yi kengliklarida qadimiy o’zbek va qoraqalpoq ajdodlari birgalikda yashab, mehnat qilishdi. O’zlarining taraqqiyot yo’llarini bosib o’tishdi.
Qadimiy turkiylarning ikki qavmi yillar mobaynida haqiqiy og’a-inichilik fazilatlarini ko’rsatdilar, o’zaro munosabatlarni chuqurlashtirdilar. Bu ikki qavm ma‘naviy-ruhiy yaqinligini belgilaydigan asosiy omil va madaniyatlar mushtarakligi, ularning o’zaro yaqinligi edi.
Darhaqiqat, tillar yaqinligi dillar yaqinligiga olib keldi. Madaniyatlar bir-birini boyitdi. Qadimiy madaniyat namunalari, umummilliy qadriyatlar, jondoshu qondosh bo’lgan har ikki millat uchun tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan an‘analar shakllandi. Shu asosda iqtisodiy hamkorlik, yagona iqtisodiy makon vujudga keldi.
O’zbekiston tarkibida o’tgan 85 yillik tarix qoraqalpoq xalqi uchun jiddiy o’zgarishlar davri bo’ldi. Madaniy va ma‘naviy ravnaq, san‘at va adabiyotdagi yuksalish, qishloq xo’jaligi va sanoat ishlab chiqarishidagi katta yutuqlar bevosita qardosh o’zbek xalqining beg’araz yordami, ko’magi bilan dunyoga keldi.
Biroq yaqin qo’shnichilik, qardoshlik va do’stlik har ikki xalq uchun qanchalik qimmatli bo’lmasin, yaqin qo’shnichilik singari yuksak insoniy fazilatlar asrlar sinovidan o’tib, og’ir kunlarda eng ishonchli qurol bo’lib xizmat qildi. Sovet hokimiyati yillaridagi ma‘muriy-buyruqbozlik usuli, soxta va asossiz milliy siyosat, «ulug’ og’a»larga xos yuzaki «millatparvarlik» bu makon xalqlarining munosabatlariga rahna sololmadi.
Qoraqalpoq va o’zbek xalqi bir necha o’n yilliklar mobaynida to’planib qolgan muammolarni hal etishda, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishda o’z an‘analaridan unumli foydalanish yo’lini tanladilar. Har ikki xalq taqdiri, istiqboli bir ekanligini, ularni mushtarak orzular, yagona intilish birlashtirib turganligini ochiq-oydin ko’rsatdilar.
Tarixan turli davrlarda turli siyosiy o’zgarishlar va qiyinchiliklarda toblangan do’stlik va qardoshlik munosabatlari bunga asos bo’ladi. Yuqoridan amalga oshirilgan bir yoqlama rejalashtirish, kichik xalqlarga bo’lgan e‘tiborning sustligi tufayli Qoraqalpog’iston sobiq Ittifoq tarkibida taraqqiyot darajasi eng past bo’lgan o’lkaga aylandi. Ittifoq hukumatining aybi bilan qiyinchiliklar chuqurlashdi, muammolar ustiga muammolar to’plandi. Ekologik halokat yuzaga keldi. Amudaryo suvining ifloslanishi va Orol dengizining qurishi bilan bog’liq bo’lgan jiddiy muammolar paydo bo’ldi.
To’planib qolgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma‘naviy taraqqiyot borasidagi muammolar tizimini hal etishda eng adolatli yo’l tanlandi: yagona zamin, yagona makonda
yashab kelgan o’zbek va qoraqalpoq xalqlari o’z taqdirlarini abadiy birlikda ko’rishdi. Qoraqalpoq xalqi milliy davlatchilik asoslarini qurishda hamda tom ma‘nodagi siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka o’zbek xalqi ko’magida erishdi va o’zining porloq kelajagini yaratishga kirishdi. Uning ulkan orzu-umidi bekamu ko’st amalga oshadigan bo’ldi.