2. Bank auditini tashkil etishning me’yoriy-huquqiy asoslari. Bugungi kunda respublika tijorat banklarida ichki audit faoliyati umum qabul qilingan me’yoriy xujjatlarga asoslangan bo’lib, ushbu jarayonning shakllanishida mas’ul davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, nodavlat, notijorat tashkilotlari, O’zbekiston auditorlar palatasi, O’zbekiston professional buxgalterlar va auditorlar assotsiatsiyasi vakillarining faol ishtirok etishlari auditning jahon andozalari talablari asosida rivojlanishiga ijobiy turtki bo’lmokda.
Respublikamizda hozirgi davrda auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi idoralar huquq va majburiyatlarini belgilash, davlat va jamoat auditorlik tashkilotlarining roli va funktsiyalarini aniqlash jarayoni kechmoqda. Bu auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar tizimining yuzaga kelishiga omil bo’lmoqda.
O’zbekiston Respublikasi tijorat banklarida auditni rivojlantirish bosqichlari jahon amaliyoti tajribasidan kelib chiqqan holda amalga oshirilmokda. Ushbu bosqichlarning asosiy negizi tashqi auditning rivojlanish tarixi bilan bog’liq bo’lib, tijorat banklarida ichki audit tizimi tashkil topishi ham ushbu jarayonning yakuniy bo’g’inidir.
O’zbekistonda auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy xujjatlar tizimining ikkinchi pog’onasi hujjatlarida auditorlik faoliyatini tartibga solishning bozor sub’ektlari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan umumiy masalalar nizom ko’rinishida belgilab berilgan.
Auditorlik faoliyatini me’yoriy tartibga solish tizimining uchinchi pog’onasini auditorlik faoliyati andozalari tashkil etilib, ularning asosiy vazifalari moliya-xo’jalik faoliyatining barcha sub’ektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bir xil talqin qilinuvchi audit me’yorlari va ulardan foydalanish uslublarini qamrab olishdan iboratdir.