BOG`LOVCHISIZ QO`SHMA GAP Bog`lovchisiz qo`shma gap – sodda gapning bog`lovchi vositasiz, ohang yordamida birikishidan tuzilgan qo`shma gap turi: Kech kirdi, tevarak-atrofga qorong`ilik tusha boshladi. Bu qo`shma gapdagi sodda gap o`zaro faqat ohang yordamida bog`lanadi. Bog`lovchisiz qo`shma gapning quyidagi turi mavjud: 1) bog`langan qo`shma gapga sinonim bo`lgan bog`lovchisiz qo`shma gap: Tig` yarasi tuzaladi, til yarasi tuzalmaydi. Bunday gapni bog`lovchi qo`yib, bog`lovchili gapga aylantirish mumkin: Tig` yarasi bitar, lekin til yarasi tuzalmaydi; 2) ergashgan qo`shma gapga sinonim bo`lgan bog`lovchisiz qo`shma gap: Qor yog`di – don yog`di. Bunday gapni ergashgan qo`shma gapga aylantirish mumkin: Qor yog`di, go`yoki don yog`di (o`xshatish); 3) bog`langan qo`shma gapga ham, ergash gapli qo`shma gapga ham sinonim bo`lmagan bog`lovchisiz qo`shma gap: Xushxabar olib keldim: garnizon yanchildi. Bunday gapni bog`lovchi vosita yordamida boshqa tur ergash gapga aylantirib bo`lmaydi.
Bog`lovchisiz qo`shma gapda tinish belgisi. Bog`lovchisiz qo`shma gapda ohang muhim rol o`ynaydi. Shuning uchun tinish belgisining ahamiyati katta: 1) agar bog`lovchisiz qo`shma gap qismi bir paytda yoki ketma-ket yuz bergan voqea-hodisani ifodalasa, vergul qo`yiladi: Arava g`ijirlab borar, aravakash esa xirgoyisini bir zum ham to`xtatmas edi; 2) agar bog`lovchisiz qo`shma gap qismi mazmunan bir-biridan ancha uzoq bo`lsa, nuqtali vergul qo`yiladi: Yomg`ir chelakdan quyganday sharillab yog`ardi; uning xayoli uzoq, yoshlik paytlarida kezmoqda; a) bog`lovchisiz qo`shma gapning ikkinchi qismi birinchi qismning sababini bildirsa, izohlasa, to`ldirsa, ular orasiga ikki nuqta qo`yiladi: Gap shu: ertaga men bilan yo`lga chiqasiz; b) agar bog`lovchisiz qo`shma gap qismi o`zaro zidlik yoki o`xshashlik munosabatiga kirishgan bo`lsa, tire qo`yiladi: Qor yog`di – don yog`di. Yoshim yetmish ikkida – o`zim yigitman. BOSH BO`LAKLAR Bosh bo`laklar – gapning grammatik asosini tashkil etuvchi va boshqa bo`laklarni o`ziga tobelantiruvchi gap bo`lagi turi. Bosh bo`lak – kesim va ega.
Kesim. Kesim – tasdiq/inkor, mayl, zamon shaxs/son ma’nosi va shakliga ega bo`lgan, gapning egasi haqidagi xabarni ifodalovchi bo`lak. Nutqda kesimsiz gap bo`lishi mumkin emas. Gapda kesim bo`lmasa, u o`zbek tili uchun to`liqsiz gap. Kesim qaysi turkum so`zi bilan ifodalansa, shu turkum so`rog`iga javob bo`ladi. U qo`llanishiga ko`ra ikki xil: 1) mustaqil kesim; 2) nomustaqil kesim.
Mustaqil kesim sodda gap tarkibida ham, qo`shma gap tarkibida ham bir xil ma’no beradi. Mas., Karim keldi, lekin Salim kutmadi gapidagi har ikki kesim shu qo`shma gap tarkibida ham, ajratilgan sodda gap tarkibida ham bir xil ma’noga ega. Qiyoslang: Karim keldi. Salim kutmadi.