Narsalar yasash uchun loy qanday tayyorlanadi? Turli joylardan olingan loy rangi bilan farqlanadi; u sarg‘ish, jigar rang, qizg‘ish, kul rang, oq, yashil-ko‘kish, qo‘ng‘ir rang bo‘lishi mumkin. Loy, uning tarkibida qum kam bo‘lsa, kuchli bo‘ladi, qum aralishmasi uni sochiluvchan qiladi. Loyni bevosita yerning o‘zidan tanlash mumkin.
P lastilin – loy, mum, yog‘, bo‘yoq va boshqa qo‘shilmalardan tayyorlangan sun’iy plastik massa. U yumshoq va qayishqoq, u uzoq qotmaydi, ammo temperatura oshganda yumshaydi va eriydi. Narsalar yasashda plastilinni qo‘lda uzoq muddat ezish tavsiya qilinadi. Plastilin bilan ishlashdan oldin uni qutisi bilan issiqroq joyga yaqin qo‘yib, bir oz isitiladi. Katta guruhlar tarbiyalanuvchilarida plastilinning yakka tayyor to‘plamlari bo‘lishi kerak. Ular plastilinning holatini o‘zlari nazorat qilib, qolgan plastilinni rangiga ko‘ra joylab qo‘yadilar.
Applikatsiya mashg‘ulotlari uchun qog‘oz, mo‘yqalamlar uchun taglik; to‘mtoq uchli qaychilar kerak bo‘ladi. Applikatsiya ishlarida oq va rangli qog‘ozlardan foydalaniladi. Asos uchun oq qalin qog‘oz: rasm albomlarning varaqlari yoki rangli qog‘oz, yupqa karton ishlatiladi. Maktabgacha katta yoshdagilar har xil rang va tusdagi jilosiz rangli qog‘ozlardan ham foydalanadilar. Katta guruhlarda har bir bola uchun turli rang va tusdagi qog‘ozlar yig‘masiga ega bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Tasviriy faoliyatga mo‘ljallangan barcha ashyolar turlarga ajratilgan va ma’lum tartib bilan har qaysisi joy-joyiga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Qaychilar qutichada saqlanadi. Tartibli joylashtirilgan ashyo kam joyni egallaydi, yaxshi saqlanadi, ulardan foydalanish ham qulay bo‘ladi.