Reja: 1. Eftaliylarning kelib chiqishi haqidagi ilmiy farazlar va manbalar.
2. Eftaliylarning siyosiy tarixi.
3. Eftaliylar davri shaharsozligi va boshqaruv usullari. Eftaliylar davrida ijtimoiy va iqtisodiy hayot. Pul muomalasi.
4. Eftaliylarning moddiy va ma‟naviy madaniyati.
1.Eftaliylarning kelib chiqishi haqidagi ilmiy farazlar va manbalar Markaziy Osiyo hududida turli davrlarda turli xalqlar yashab o‟tib, tarixda o‟ziga xos iz qoldirib ketganlar. Markaziy Osiyo jumladan, O‟zbekistonning ilk o‟rta asrlar davriga oid bo‟lgan davlatchilik tarixiga nazar solsak bu davrda ko‟plab mayda va yirik davlatlarning shakllanishi hamda ularning tarix sahnasidan ketishi, shu bilan birga o‟ziga xos iz qoldirib ketganligini guvohi bo‟lamiz. O‟rta Osiyo, jumladan O‟zbekistonning ilk o‟rta asrlar davrida bu hududga turli xalqlarning kirib kelishi davom etdi. V asrning birinchi choragida Sharqdan Sirdaryo va Orol bo‟ylari orqali ko‟chmanchi aholi – kidariylar ( yuechji yoki toharlarning avlodi) kirib keladi. Kidar ismli hukmdor yo‟lboshchilik qilgani uchun ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi. Kidariylar bilan sosoniylar o‟rtasida ziddiyatlar kuchayib, ular o‟rtasida bir necha marta qurolli to‟qnashuvlar bo‟ladi. 456-yilda bo‟lgan navbatdagi jangda kidariylar sosoniylardan qaqshatgich zarbaga uchradilar. Ayni paytda, shimoldan janubga siljib kelayotgan eftaliylar bosimiga uchrab, shimoliy Hindiston tomon chekinishga majbur bo‟ladilar va u yerda 75 yilcha hukmronlik qiladilar. Eftaliylarning etnik tarkibi, davlat tashkil etishlari xususida tarixiy manbalarda turli xil qarashlar mavjud. Ular eramizning V-VI asrlarida katta hududni qamrab olgan ulkan davlatga asos soladilar. Eftaliylar davlatining eng yuqori cho‟qqiga ko‟tarilgan davrida davlat chegaralari sharqdan g‟arbga tomon – Xo‟tandan (Sharqiy Turkiston) Eron chegaralarigacha, shimoldan janubga tomon – hozirgi Qozog‟iston cho‟llaridan shimoliy g‟arbiy Hindistonga, ya‟ni Markaziy Osiyoning katta qismi, Afg‟oniston, Pokiston Hindiston va Xitoygacha bo‟lgan yerlargacha bo‟lgan hududlarga yetib borgan. Eftaliylar turli manbalarda turlicha, jumladan arman manbalarida “heptal”, “hettal”, “tetal”; yunon manbalarida “eftalit”, “abdel”, “eftal”, “oq xunlar”, arab manbalarida “xaytal”, “ xetal” kabi nomlar bilan tilga olinadilar. Hind manbalarida “xuna”; arab manbalarida garchi xaytal nomi bilan tilga olinsalarda, ba‟zi hollarda ularni turklar deb ham tilga olingan. Arman manbalarida esa ular kushonlarning avlodi deb ta‟kidlanadilar. Xitoy manbalarida eftaliylar “e-da”, “e-diyen”, “i-dan”, “e-ta-i-lito” deb tilga olinadilar. Yuqorida tilga olingan nomlardan eftalit nomi ilmiy muomalaga qabul qilingan. Markaziy Osiyoning IV-V asrlar tarixi deyarli chuqur o‟rganilmagan. Buning asosiy sababi bu davrga oid manbalarning kamligi va ma‟lumotlarning to‟liq emasligi bilan izohlanadi. Arxeologik materiallar esa kam va ba‟zi hollarda aniq davrni ko‟rsatmaydi. . Numizmatik dalillar 7 esa ma‟lum miqdorda tarixni yoritib bersada, ular asosan pul muomalasiga tegishlidir. O‟rta asr tarixchilarining asarlari orqali bizgacha eftaliylar haqida qiziqarli ma‟lumotlar yetib kelgan. VI asr Vizantiya tarixchisi Prokopiy Kesarskiy eftaliylarni xun xalqlari deb yuritsada lekin tashqi ko‟rinish jihatdan katta farq borligini ta‟kidlaydi. Boshqa yana bir VI asr Vizantiya tarixchisi Agafiy Mirinskiy “Eftaliylar – bu xunlardir” deb ta‟kidlaydi. Eftaliylar to‟g‟risidagi ma‟lumotlar boshqa Vizantiya mualliflari, jumladan Prisk Paniyskiy (V asr), Menandr Protektor (VI asr), Zaxariy Ritor (VI asr), Kozma Indikoplava (VI asr), Feofilat Simokatta(VII asr) asarlarida uchraydi2 . Feofan Vizantiyskiyning ma‟lumot berishicha eftaliylarning hukmdori Vahshunvor Eftalon bo‟lib, xalq uning nomi bilan yuritilgan.3 Ammian Martsellin o‟zining “Rim tarixi” asarida eftaliylarning tashqi ko‟rinishi, ularning ko‟mish marosimlari, sosonoiylar bilan aloqalari haqida qimmatli ma‟lumotlarni keltirib o‟tadi. Xitoy manbalarida esa eftaliylarning kelib chiqishi haqida turli qarashlar mavjud. Ularning birida eftaliylar gaogyuy-turk qabilalarining bir tarmog‟i, boshqa bir manbada esa yuechjilarning bir avlodi, yana bir manbada esa kangyuylarning avlodi deb talqin etiladi4 . VII asr xitoy muarrixi VeyChiye o‟zining “Si-fan-chi” asarida, – “Eftaliylarning kelib chiqishini aniqlash ular haqidagi ma‟lumotlarning uzoq mamlakatlardan keltirilgani va boshqa tillarda ularning buzib talaffuz etilishi va qadimiyligi tufayli ancha qiyin va imkoni yo‟qligini” ta‟kidlaydi5 . VII asr boshlarida Li Yanshou tomonidan yozilgan xitoy solnomasi “Beyshi”da, – “Yeda xonadoni Katta Yuechjilarning bir avlodidan kelib chiqqan” deb ta‟kidlanadi. Ular haqidagi ma‟lumotlarni 518-yilda eftaliylar shohi Mihirakul dargohiga elchi bo‟lib kelgan, sayyoh Sun Yun hamda 629-645 yillarda Hindiston budda ibodathonalari ziyoratiga kelgan budda kohini Syuan Tszyan asarlarida ham uchratishmumkin. Syuan Szyanning asosiy maqsadi buddaviylik ziyorati bo‟lsada uning Xitoyga qaytgach yozib qoldirgan “Da Tan Siyuy Szi” (Buyuk Tan davri g‟arbiy o‟lkalari haqidagi yozishmalar) nomli asarida o‟nlab o‟sha davr davlatlari haqida ma‟lumotlar keltiradi. Markaziy Osiyo davlatlari haqidagi qiziqarli lekin uzuq yuluq ma‟lumotlarni 727-yilda Shimoliy Hindistonga sayohat qilgan Vey Sze hamda Xey Chao yozishmalarida ham uchratish mumkin.