Zaydiya firqasining asoschisi Zayd ibn Ali Zayn al-obidin (698-740) Madinada tug’ilgan. Imom Zayd otasi qo’lida tahsil oladi. Otasining vafotidan so’ng diniy ilmlarni akasi Muhammad Boqirdan o’rganadi. Shuningdek, o’z tengqurlaridan bo’lgan Ja’far as-Sodiqdan hadis va fiqh ilmlarini o’rgandi. Zayd ibn Ali ilm yo’lida Basraga borib, mu’tazila, qadariya, jahmiya va boshqa turli firqalar aqidalari asoslarini o’rgandi. U vaqtda Basra va Kufada mazkur firqalar kabi xristian va fors falsafasidan ta’sirlangan oqimlar ko’p edi. Bu yerda Vosil ibn Ato (mu’tazila kalom maktabi asoschisi)dan aqida ilmini mukammal egallagach, o’zi uchun mu’taziliylar yo’lini tanladi.
Keyinchalik Zayd ibn Ali imomat masalasida o’rta yo’lni tanladi. Uning fikriga ko’ra, imomlik bir shaxs tomonidan tayin qilinmaydi va u o’z avlodlariga imomlikni vasiyat ham qilmaydi, balki Fotimaning zurriyotidan bo’lgan shijoatli, mujtahid, haqiqatni baralla aytuvchi kishi saylanadi.
Zaydiylar e’tiqodiga ko’ra:
· bir vaqtning o’zida ikki o’lkada ikki imomga bay’at qilish joiz;
· imomlar begunoh emas, taqiya (sharoit og’irlashgan paytda e’tiqodni sir tutish) nojoiz;
· Abu Bakr, Umar va Usmonlar ham xalifalikka loyiq bo’lganlar.
Mazkur e’tiqod paydo bo’lishida Zayd ibn Alining tutgan siyosiy mavqei sabab bo’lgan. U Umaviylarga qarshi urush ochdi va Kufada xalifa etib saylandi. Uning fikricha, xalifalik faqat ma’lum kishilargagina (masalan, Imom Muhammad al-Boqir) emas, balki Fotimaning ikki o’g’li al-Hasan va al-Husayn avlodlaridan bo’lgan har bir olim, taqvodor, shijoatli, urushga qodir, podshohga qarshi chiqa oladigan kishiga o’tishi hamda u xalifa saylanishi ham mumkin.
Imom Zayd ibn Alining «al-Majmu’» nomli kitobida bayon etgan fikrlari zaydiya fiqhining asosini tashkil qiladi. U ham boshqa mazhab faqihlari kabi birinchi o’rinda Qur’onni, keyin esa sunna, ijmo’, qiyos, istihson, so’ngra esa aqlni shariat asoslaridan deb hisoblaydi.