Mavzu: kirish. Mikrobiologiya fani va uning vazifasi


Poksviruslar oilasi (Poxviridae



Yüklə 0,66 Mb.
səhifə74/89
tarix29.04.2023
ölçüsü0,66 Mb.
#104627
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   89
MIKROBIOLOGIYA ma\'ruzalar

Poksviruslar oilasi (Poxviridae)
Poksviruslarga (lotincha rox-pufakcha) sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlarga nisbatan patogen bo’lgan ko’pgina viruslar kiradi. Poxviridae oilasi 2 ta kenja oilaga bo’linadi: LChordopoxvirinae -umrutqalilarning chechak viruslari kiradi. 2. Entromopoxvirinae -hasharotlarning chechak viruslari kiradi.
Biriichi kenja oila 6 ta turkumdan tashkil topgai. Har bir urug’ o’zining umumiy antigenlariga ega bo’lib, irsiy rekombinasiya qila olish xususiyati bor.
Orthopoxvirus turkumiga odam va maymunlar uchun patogen bo’lgan chinchechak viruslari, quyon, sigir va sichqonlarning chechak viruslari kiradi. Bu viruslar efirga chidamli bo’lib, tovuq eritrositlarini agglyutinasiya qila oladi.
Parapoxvirus turkumi viruslari hajmi bo’yicha kichikroq bo’lib, morfologayasi bilan farq qiladi. Ular efirga ta’sirchan, gemagglyutinasiya qila olmaydi. Tuyoqli hayvonlar ularning tabiiy xo’jayinlari hisoblanadi. Bu turkumga sut emizuvchilarning tuguncha virusi, yuqumli pustulyoz dermatit virusi kiradi.
Avipoxvirus turkumiga qushlar uchun patogen, efirga chidamli viruslar mansub.
Capripoxvirus turkum viruslari qo’y, echkilarni shikastlaydi va efirga ta’sirchan.
Leporipoxvirus turkumiga quyonlardagi fibroma va miksoma viruslari kiradi-, ular efirga ta’sirchan, hasharotlar orqali yuqishi mumkin.
Suipoxvirus turkumi viruslari cho’chqalar uchun patogen.
Tana va Yaba mollyuskalarining yuqumli viruslari odam uchun patogen hisoblanadi, ular hali chechak viruslari tasnifiga kiritilmagan.
Chinchechak virusi
Chinchechak qadimiy kasallik; epidemiya va pandemiya shaklida bir necha bor tarqalib, million-million kishilarning o’limiga sabab bo’lgan.
Chinchechak virusi Orthopoxvirus turkumiga kiradi. Uni birinchi bo’lib 1886 yili J.B’yuston kashf etdi. 1892 yilda G.Gvarniyeri chinchechak virusi bilan zararlangan quyon ko’zi muguz pardasining gistologik kesmalarini ko’rib, hujayra ichida yadroga yaqin joylashgan, o’lchami 1-10 mkm gacha bo’lgan sharsimon yoki o’roqsimon kiritmalar borligini (Gvarniyeri tanachalari) aniqladi. 1906 yili E.Pashen maxsus bo’yash usulinn ' ko’llab, pufakchalar ichidagi suyuqlikda virus zarrachalari (Pashen tanachalari) borligini kuzatdi.
Morfologiyasi. Virus yirik, o’lchami 200-450 nm, ikki cheti bir oz bukilgan g’ishtsimon shaklda. Virion murakkab tuzilgan. Uning o’rtasidaga gantelga o’xshash mag’iz oqsildan iborat kapsid bilan o’ralgan. Kapsid ichida DNK va ichki oqsil joylashgan. Virionning tashqi kobig’ida lipidlar va turtib chiqqan naysimon oqsillar bor.
Virion tarkibida ikki ipli, butun DNK bo’lib, uning molekulyar massasi 130 md. Virion tarkibida 30 xil, zararlangan hujayrada esa 50 xil oqsil bo’ladi. Virusning 10 xil oqsili fermentlardan iborat bo’lib, nuklein kislota sintezini tezlashtiradi.
Ko’paytirish. Chinchechak virusi tovuq embrionida yaxshi ko’payadi. Xorion-allantois pardasida oq, mayda, qattiq, atrofidagi to’qimalardan keskin farq qiladigan nuqtasimon dog’lar (pilakchalar)ni hosil qiladi. Viruslar odam va hayvonlarning birlamchi hamda undiriluvchi hujayra kulturalarida yaxshi ko’payib, hujayraga patogen ta’sir etadi. Viruslar gemadsorbsiya yordamida identifikasiya qilinadi. Ular hujayraga endositoz yo’l orqali kiradi. Virusni "yechintirish"dan boshlab, to oqsilining sintezigacha bo’lgan jarayonlar hujayra sitoplazmasida amalga oshadi. Virusning reproduksiya sikli 6-7 soat davom etadi, bunda hujayra sitoplazmasida dumaloq va o’roqsimon Gvarniyeri tanachalari hosil bo’ladi. Yetilgan viruslar Goldji apparati orqali ko’tarilib, ekzositoz yo’li bilan hujayradan chiqib ketadi.
Antigenlari. Chinchechakning 4 ta antigeni farqdanadi: L (termolabil) va S (termostabil) eruvchan, nukleoproteidli NP antigen hamda X-gemagglyutinin.
Poksviruslar oilasiga mansub barcha viruslar umumiy nukleoprotein NP antigen nukleokapsidning oqsili bilan bog’liq. Gemagglyutinin jo’ja eritrositlarini agtlyutinasiyaga uchratadi. Chinchechak virusi A va AB qon guruhlariga ega kishilarning eritrositlari bilan ham umumiy antigenga ega.
Chidamliligi. Chinchechak virusi 40C haroratga, efirga, 50% li gliserin eritmasiga, quritishga chidamli. Virus UB nurlar ta’siriga chidamsiz, 1000C haroratda qizdirilganda bir necha daqiqada o’z faolligini yo’qotadi. 3% li xloramin, fenol, lizol eritmalari ta’sirida 1 soatdan so’ng nobud bo’ladi.
Hayvonlarga nisbatan patogenligi. Chinchechak virusini sichqon, dengiz cho’chqachasining terisiga yuqtirib kasallik qo’zg’atish mumkin. Hayvonlarda kasallik sezilarsiz, mahaliy o’zgarishlar shaklida kechadi. Faqat maymunlarda odamlardagiga o’xshash chinchechak kasalligini hosil qilish mumkin.
Kasallikning odamlardagi patogenezi. Kasallik manbai bemor odam. Virus kasallikning yashirin davri oxiridan boshlab, to qazg’oqlanib tushguniga qadar tashqi muhitga ajralib turadi. Kasallikning avji, ya’ni og’iz shilliq qavatidagi pufakchalarning yorilishi juda ham. yuqumli va nihoyatda xavfli hisoblanadi.
Virus havo-tomchi va havodaga chang orqali yuqadi. Kasallikning yashirin davri 8-18 kun. Virus yuqori nafas yo’llarining shilliq qavatlari orqali organizmga kiradi va sirtqi limfa tugunlarida ko’payadi. So’nfa qonga tushadi va epidermisda yig’ilib, terini zararlaydi. Kasallik to’satdan harorat ko’tarilishi, bosh va muskullarda og’riq, yuz, badan, oyoq-qo’llarga haqiqiy toshmalar toshishi bilan boshlanadi. Toshmalar avvaliga makula ko’rinishida bo’lib, keyin qattiq do’mboqchalar - papulalarga aylanadi, so’ngra ichi suyuqlikka to’lib, mayda pufakchalar - vezikulalar, ularning ichidagi suyuqlik yiringga aylanib, yirik pufakchalar - pustulalar hosil bo’ladi.
Yiringlash davrida ikkilamchi bakterial (stafilokokk va streptokokkli) infeksiya qo’shilishi mumkin. Ko’pincha sog’aygan kishilarda chuqur pustulalar o’rnida chandiqlar qolishi tufayli bemor cho’tir bo’lib qoladi. Toshmalarning makuladan chandiq hosil bo’lishigacha o’tgan davr 3 haftacha davom etadi. Teri hujayralarida sitoplazmatik, asidofil kiritmalar - Gvarniyeri tanachalari paydo bo’ladi. Kasallik sikl bilan kechadi. Toshma toshganda harorat pasayadi (normallashadi), pustula hosil bo’lishi bilan ko’tariladi. Chinchechakning tabiatda 2 shakli mavjud: tabiiy shakli (Variolo major) va alastrim (Variolo minor). Bu kasalliklar har xil og’irlikda kechadi. Chinchechakda letallik 20-40% ni tashkil qilsa, alastrimda 1-2%.
Immuniteti. Kasallikdan so’ng mustahkam, umrning oxirigacha saqlanadigan immunitet hosil bo’ladi; chaqaloqlarga onasidan o’tadi. Odam vaksina bilan emlangandan keyin ham kuchli immunitet vujudga keladi. Immunitet mexanizmi virusni neytrallovchi va hujayraviy omillar bilan bog’liq. Kasallikda emlangan kishilar qon zardobida agglyutinin, komplementni bog’lovchi, virusni neytrallovchi antitelolar hamda presipitin va lizinlar paydo bo’ladi.
Laboratoriya tashxisi. Chinchechak tashxisini aniqlash uchun virusologik, virusoskopik va serologik usullardan foydalaniladi. Virusoskopiya -vezikula va pustula ichidagi materialdan tayyorlangan surtmalardan Pashen tanachalarini topish. Immunoflyuoressensiya usuli yordamida ham virus . antigeni aniqlanadi. Chinchechakda vezikula ichidagi materialni elektron mikroskop ostida tekshirish yaxshi natija beradi. Virusologik tekshirishda tovuq embrionining xorion-allantois qobig’iga, hujayra kulturalariga tekshiriluvchi materialni yuqtirib, virus ajratib olinadi va ularni maxsus zardoblar bilan KBR, GATR, HP, GadsTP reaksiyalari yordamida identifikasiya qilinadi. Serologik tashhis qo’yish uchun juft zardoblardagi antitelolarning oshishi GATR, KBR va neytrallash reaksiyalarida aniqlanadi.
Davolash va profilaktikasi. Kasallikning birinchi kunidanoq bemorga chechakka qarshi qayta emlangan kishining qon zardobidan tayyorlangan maxsus immunoglobulin yuboriladi, bemorlarga metisazon beriladi. Ikkilamchi infeksiya rivojlangan hollarda antibiotiqiar (penisillin, levomisitin) buyuriladi.
Kasallikning oldini olish uchun iloji boricha uni vaqtida aniqlab, bemor kasalxonaga yotg’iziladi, muloqotda bo’lgan kishilarni nazorat qilib turiladi. Infeksiya o’chog’iga darhol dezinfeksiya qilinadi, tegishli odamlar emlanadi; hududda karantin e’lon qilinadi.
Kasallikni tugatishda maxsus profilaktika muhim omil hisoblanadi. Chinchechakka qarshi kurashda E.D.Jenner 1796 yil kashf qilgan tirik vaksina juda yuksak samara berdi. Oldinga asrda chinchechak ko’p davlatlarda pandemiya shaklida tarqalib, bir necha million kishining yostig’ini quritgan edi. Bizning Respublikamizda chinchechak 1936 yilidayoq tugatilgan.
1967 yili JSST butun dunyoda chinchechakni yo’qotish dasturini ishlab chiqdi. Bu dastur barcha davlatlar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi va keyingi yillarda chinchechakka qarshi emlash to’xtatildi.

Yüklə 0,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   89




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin