oltinchi ustuvor yo‘nalish – umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish; yettinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish. Ikkinchi omil: Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilayotgani bejiz emas. Chunki, avvalo, Harakatlar strategiyasidagi har bir yo‘nalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yo‘nalishlarda muhim natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda. Taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor, bir tomondan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan. Ikkinchi tomondan, unda qonun ustuvorligini taminlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, manaviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga O‘zbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan. Eng asosiysi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi 7 ustuvor yo‘nalishning bosh g‘oyasi – inson qadrini ta’minlashdir. Chunki, Prezidentimizning saylovoldi dasturidagi asosiy g‘oya ham “Inson qadri uchun” tamoyili edi. Uchinchi omil: inson qadrini joyiga qo‘yishni qonuniy va tashkiliy-huquqiy yo‘llar bilan hayotimizning barcha sohalarida milliy, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik darajalarida qanday qilib amalga oshirish kerak? Taraqqiyot strategiyasida bu dolzarb savolga juda ko‘plab aniq maqsadlarga qaratilgan amaliy javoblar bor. Harakatlar strategiyasining har bir ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha hozirgi kunga qadar 26 ta konsepsiya va bir qator dasturlar qabul qilingan bo‘lsa, kelgusida Taraqqiyot strategiyasi doirasida 13 ta kodeks, 12 ta qonun, ya’ni har bir ustuvor yo‘nalishda zarur qonun hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Tadbirkorlik kodeksining ishlab chiqilishi – yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlar huquqlarini to‘liq himoya qilishning mustahkam qonuniy asosiga aylanadi. Bo‘lajak Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksda fuqarolik jamiyatining huquqiy mezonlari o‘z aksini topadi.